Davlat boji qonun hujjatlarida belgilangan hollardagina qaytarilishi lozim (11-0821/11476-son)
16.12.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Davlat qoʻmitasining 2008-yil 18-avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni rad etish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilish, kassatsiya shikoyati yuzasidan bildirilgan yozma fikrda esa kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan, hal qiluv qarorini kuchda qoldirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat va yozma fikr vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra hal qiluv qarorini oʻzgartirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Davlat qoʻmitasi tomonidan “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasida tekshirish oʻtkazilgan va “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining talablari buzilgan, deb hisoblanib, 2008-yil 31-iyulda ajrim bilan ish qoʻzgʻatilgan. Ushbu ajrimga 2006-2007-yillar va 2008-yilning olti oyi davomida dori vositalarini xarid qilishda xorij korxonalarining moliyaviy yoki tovar chegirmalari berilgan shartnomalar hamda ushbu dori vositalarini sotish boʻyicha maʼlumotlar jadvali ilova qilinib, “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasiga ushbu jadvalning 2008-yil 4-avgustga qadar toʻldirib taqdim etilishini taʼminlash majburiyati yuklangan.
“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi ajrimda belgilangan muddatda ushbu maʼlumotlar yuzasidan tekshirishda toʻldirilgan jadvalni taqdim etgan va talab qilingan maʼlumotlar jadvalini belgilangan muddatda taqdim etishning imkoni yoʻqligini bildirgan.
“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi soʻralgan maʼlumotni toʻliq taqdim etmagan, deb hisoblab, Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Davlat qoʻmitasi 2008-yil 18-avgustdagi qarori bilan unga eng kam ish haqining yigirma baravari miqdorida jarima qoʻllagan.
Bundan norozi boʻlgan “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, ushbu qarorni haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Sud tomonidan daʼvo toʻgʻri qanoatlantirilgan.
“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 27-moddasining ikkinchi qismida tovarlar (ishlar, xizmatlar) toʻgʻrisida axborot taqdim etmaganlik yoki bila turib notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etganlik uchun yuridik shaxslarga eng kam ish haqining oʻn baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilangan. Ammo ushbu Qonunda jadval taqdim etmaganlik uchun jarima solish nazarda tutilmagan.
Davlat bojini qaytarish asoslari va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 342-moddasida belgilangan. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 2008-yil 18-apreldagi 180-son qarorining 10-bandida taʼkidlangan.
Biroq birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvogarga toʻlangan davlat boji asossiz qaytarilgan.
Shu sababli sudlov hayʼati hal qiluv qarorining daʼvogarga davlat bojini qaytarish toʻgʻrisidagi qismini bekor qilishni lozim topadi.
“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi muovini ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrishda sudga yozma ravishda murojaat etib, davlat boji va pochta xarajatlarini kompaniya oʻz zimmasiga olishini bildirdi. Shu bois, toʻlangan 208650 soʻm davlat boji daʼvogarning zimmasida qoldiriladi.
2008-yil 16-dekabr,
11-0821/11476-son
