Ishning xoʻjalik sudiga taalluqliligi Xoʻjalik protsessual kodeksining 23 va 24-moddalari talablaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi (16-0803/2526-son)
08.10.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Nasos stansiyalari, energetika va aloqa boshqarmasi sudga daʼvo ariza bilan murojaat qilib, “Nurafshon” shirkat xoʻjaligini tugatish va qayta tashkil etish komissiyasining auksion savdo oʻtkazish haqidagi 2006-yil 2-martdagi 15-a sonli yigʻilish bayonnomasini bekor qilishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2008-yil 30-apreldagi hal qiluv qarori bilan “Nurafshon” shirkat xoʻjaligini tugatish va qayta tashkil etish komissiyasi tomonidan auksion savdo oʻtkazish haqidagi 2006-yil 2-martdagi 15-a sonli yigʻilish bayonnomasi haqiqiy emas deb topilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2006-yil 1-iyuldagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni koʻrmasdan qoldirish soʻralgan.
Protestda hal qiluv qarorini bekor qilish soʻralgan.
Daʼvogar tomonidan sudga taqdim etilgan daʼvo arizasida “Nurafshon” shirkat xoʻjaligini tugatish va qayta tashkil etish komissiyasining auksion savdo oʻtkazish haqidagi 2006-yil 2-martdagi 15-a sonli yigʻilish bayonnomasini bekor qilish soʻralgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 24-moddasida xoʻjalik sudi tomonidan hal etiladigan nizolar turkumi koʻrsatilgan boʻlib, unda davlat organlari va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qonun hujjatlariga muvofiq boʻlmagan, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjatlarini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi nizolarni xoʻjalik sudi hal etadi, deb belgilangan.
Birinchi instansiyasi sudi daʼvogarning daʼvo arizasida koʻrsatilgan daʼvo talablaridan chetga chiqib, daʼvogar “Nurafshon” shirkat xoʻjaligini tugatish va qayta tashkil etish komissiyasi tomonidan auksion savdo oʻtkazish haqidagi 2006-yil 2-martdagi 15-a sonli yigʻilish bayonnomasini haqiqiy emas deb topishni soʻramagan boʻlsa-da, ushbu bayonnomani haqiqiy emas deb topgan.
Sud instansiyalari tomonidan “Nurafshon” shirkat xoʻjaligini tugatish va qayta tashkil etish komissiyasi tomonidan auksion savdo oʻtkazish haqidagi 2006-yil 2-martdagi 15-a sonli yigʻilish bayonnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi talabning xoʻjalik sudida koʻrish uchun tegishliligi masalasi hal etilmagan.
Ishning xoʻjalik sudiga taalluqliligi Xoʻjalik protsessual kodeksining 23 va 24-moddalari talablaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Birinchi instansiya sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi 162-sonli qarorining 19-bandida tushuntirish berilgan.
Shuningdek, birinchi instansiya sudi “Nurafshon” shirkat xoʻjaligini tugatish va qayta tashkil etish komissiyasining auksion savdosini oʻtkazish haqidagi 2006-yil 2-martdagi 15-a sonli yigʻilish bayonnomasini boshqa manfaatdor taraflarni ishga jalb etmasdan toʻlaligicha haqiqiy emas deb topgan. Yaʼni 2-Lot, 3-Lotlarda ishtirok etgan xaridorlarning huquq va manfaatlarini hisobga olmagan.
Apellatsiya instansiyasi sudi qarorida daʼvogar Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 40-moddasiga asosan daʼvo talabini oʻzgartirgan va bu haqda sudga ariza taqdim etganligi koʻrsatilgan boʻlsa-da, ish hujjatlarida bunday mazmundagi ariza mavjud emas.
Birinchi instansiya sud majlisi bayonnomasida ham daʼvogar daʼvo talabini oʻzgartirganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud emas.
Apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudi tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni inobatga olmagan va hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirgan.
Sudlov hayʼati yuqoridagilarga binoan kassatsiya shikoyatini qisman, protestni toʻliq qanoatlantirishni, 2008-yil 30-apreldagi hal qiluv qarorini va 2008-yil 1-iyuldagi qarorni bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrishda birinchi instansiya sudi bayon etilgan kamchiliklarni bartaraf etib, “Nurafshon” shirkat xoʻjaligini tugatish va qayta tashkil etish komissiyasining auksion savdo oʻtkazish haqidagi 2006-yil 2-martdagi 15-a sonli yigʻilish bayonnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi talabning xoʻjalik sudida koʻrish uchun tegishliligi, 2-Lot, 3-Lotlarda ishtirok etgan xaridorlarni ishga jalb etish masalasini hal etib, ishdagi va toʻplangan barcha dalillarga huquqiy baho berib, qonuniy va asoslantirilgan hal qiluv qarori qabul qilishi lozim boʻladi.
2008-yil 8-oktabr,
16-0803/2526-son
