16-modda. Davlat organlarining elektron hukumat sohasidagi vakolatlari
Elektron hukumat toʻgʻrisida (O‘RQ-395-son) · Sana: 09.12.2015 · Amalda
Davlat organlari oʻz vakolatlari doirasida:
elektron hukumat sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
elektron hukumat sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
elektron hukumat sohasida axborot tizimlari va axborot resurslarining, shuningdek elektron davlat xizmatlarining joriy etilishini, rivojlantirilishini hamda integratsiyalashuvini taʼminlaydi;
oʻzlarining faoliyat sohasiga muvofiq elektron davlat xizmatlarining reglamentlarini ishlab chiqadi va elektron hukumat sohasidagi vakolatli organ bilan kelishilgan holda ularni tasdiqlaydi;
oʻzi koʻrsatadigan elektron davlat xizmatlari Elektron davlat xizmatlarining yagona reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlaydi;
ariza beruvchilarning tanloviga koʻra elektron davlat xizmatlarini olish imkoniyatini taʼminlaydi;
elektron davlat xizmatlari koʻrsatish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaxslarga zarur shart-sharoitlar yaratadi;
elektron davlat xizmatlari koʻrsatish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan axborot tizimlari va axborot resurslarining uzluksiz ishlashini taʼminlaydi;
axborot tizimlari va axborot resurslarining axborot xavfsizligini va kiberxavfsizligini taʼminlash choralarini koʻradi;
elektron hukumat sohasida xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish choralarini koʻradi;
elektron hukumat sohasidagi davlat dasturlariga va boshqa dasturlarga uzviy bogʻliq holda axborot tizimlarini, axborot resurslari va tarmoqlarini rivojlantirishning idoraviy rejalarini (dasturlarini) ishlab chiqadi;
oʻz rasmiy veb-saytlarining doimiy ishlashini, shuningdek ularda elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi axborot eʼlon qilinishini taʼminlaydi;
oʻz tarkibiy boʻlinmalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini taʼminlaydi;
elektron davlat xizmatlari koʻrsatilishining borishi toʻgʻrisidagi axborotning ariza beruvchilar tomonidan oʻzaro hamkorlikning turli shakllari orqali olinishi imkoniyatini taʼminlaydi;
elektron hukumat toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqishda ishtirok etadi.
Davlat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
