Belgilanadigan narxlar boʻyicha isteʼmolchilar tomonidan sotib olingan mahsulotdan faqat ishlab chiqarish maqsadlarida foydalaniladi va ular qayta sotilmaydi (13-0903/2042-son)
20.07.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Jizzax viloyat adliya boshqarmasi yakka tartibdagi tadbirkor E.I. Mamateminov manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Jizzax shahar “Suvoqova” ishlab chiqarish korxonasi hamda “Jizzax elektr tarmoqlari” OAJdan 81620000 soʻm moddiy zararni undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, quyidagilarga asosan kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida 2008-yil 12-sentabrda davlat roʻyxatidan oʻtgan E.I. Mamateminov plastmassa cherepitsa ishlab chiqarish uskunasini sotib olib, Jizzax shahar, Xayrobod mahallasi, Qulniyoz koʻchasidagi 7/2-uyga oʻrnatgan.
“Jizzax elektr tarmoqlari” OAJ tomonidan 2008-yil 8-avgustda unga ishlab chiqarishda elektr energiyasidan foydalanish uchun energetika tarmoqlariga ulanishga texnik shart berilgan. Texnik shartda “Sangzor” havo tarmogʻi ulanish nuqtasidan chiquvchi eng yaqin ustunidan obyektgacha 0,4 kV elektr uzatish tarmogʻi qurilishi va elektr uzatish yoʻli tarmogʻi boshqa tegishli tashkilotlar bilan kelishilishi koʻrsatilgan.
Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi Jizzax hududiy boʻlimining 2008-yil 11-avgustdagi 13-01/595-sonli dalolatnomasida “Jizzax elektr tarmoqlari” OAJ tomonidan berilgan 2008-yil 8-avgustdagi 25/922-sonli texnik shartdagi bandlar toʻliq bajarilganligi, isteʼmolchi energiya taʼminoti korxonasi bilan shartnoma rasmiylashtirgandan keyin elektr tarmogʻiga ulanishi mumkinligi toʻgʻrisida xulosa qilingan.
Yakka tartibdagi tadbirkor E.I.Mamateminov va javobgar — “Jizzax elektr tarmoqlari” OAJ oʻrtasida 2008-yil 9-avgustda turmushda foydalanish bilan bogʻliq boʻlmagan ehtiyojlar uchun elektr energiyasi taʼminoti boʻyicha shartnoma tuzilgan. Shartnomaga koʻra, javobgar tutashtirilgan tarmoq orqali abonentga elektr energiyasi berib turish majburiyatini, abonent esa qabul qilingan elektr haqini toʻlash majburiyatini olgan.
Yakka tartibdagi tadbirkor Jizzax shahar “Suvoqova” ishlab chiqarish korxonasi bosh muhandisining 2008-yil 8-avgustdagi 161-sonli rozilik xatiga koʻra, oʻzi faoliyat koʻrsatayotgan hududga yaqin boʻlgan “Jizzax elektr tarmoqlari” OAJ tomonidan berilgan 2008-yil 8-avgustdagi 25/922-sonli texnik shart asosida “Sangzor” havo tarmogʻidan kuchlangan “Suvoqova” ishlab chiqarish korxonasi qaramogʻidagi elektr tarmogʻining raqamsiz transformatoriga ulangan.
Isteʼmol qilingan elektr energiyasi elektr hisoblagich orqali aniqlanib, “Suvoqova” ishlab chiqarish korxonasi hisobidan chegirib tashlangan holda “Jizzax elektr tarmoqlari” OAJga toʻlab borilgan.
Daʼvo arizasida 2008-yil 4-oktabrda “Suvoqova” ishlab chiqarish korxonasi xodimlari tomonidan yakka tartibdagi tadbirkor E.I. Mamateminovni ogohlantirmasdan, elektr tarmogʻidan uzib qoʻyilganligi bayon etilgan.
“Suvoqova” ishlab chiqarish korxonasi bosh energetigining tushuntirish xatida yakka tartibdagi tadbirkor ishlar toʻxtab qolmasligi uchun bir oyga ruxsat soʻrab, bir oyda ichida “Sangzor” havo tarmogʻi ulanish nuqtasidan chiquvchi eng yaqin ustunga oʻz transformatorini oʻrnatishini aytganligi, biroq tadbirkor tomonidan hech qanday ishlar bajarilmaganligi va uni tarmoqdan uzishga topshiriq berilganligi bayon etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-fevraldagi 57-sonli qarorining 4-bandiga koʻra, belgilanadigan narxlar boʻyicha isteʼmolchilar tomonidan sotib olingan mahsulotdan faqat ishlab chiqarish maqsadlarida foydalaniladi va ular qayta sotilmaydi.
“Suvoqova” ishlab chiqarish korxonasining 2009-yil 28-martdagi 121-sonli xati asosida Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi Jizzax hududiy boʻlimidan olingan maʼlumotnomada daʼvogar tomonidan “Suvoqova” ishlab chiqarish korxonasiga qarashli elektr tarmogʻiga ulanish uchun “Jizzax elektr tarmoqlari” OAJdan texnik shart, Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi Jizzax hududiy boʻlimidan esa ruxsatnoma olmaganligi qayd etilgan.
Koʻrinib turibdiki, yakka tartibdagi tadbirkor ishlab chiqarish uchun elektr tarmogʻiga ruxsat etilgan joydan ulanmagan. Shuningdek, u “Sangzor” havo tarmogʻi ulanish nuqtasidan chiquvchi eng yaqin ustunidan obyektgacha 0,4 kV elektr uzatish tarmogʻini qurmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi 163-sonli qarorining 19-bandiga asosan zararga shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi munosabati bilan tarafning qilgan xarajatlari, mol-mulk yoʻqolishi yoki shikastlanishi, shuningdek agar ikkinchi taraf shartnoma majburiyatlarini bajarganda taraf olishi mumkin boʻlgan, lekin uning ololmay qolgan daromadlari, huquqi buzilgan shaxsning huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim boʻlgan xarajatlari ham kiradi. Bunday xarajatlarning zaruriyligi va ularning taxminiy miqdori asoslantirilgan hisob-kitob, tovar, ish, xizmat koʻrsatishdagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun ketadigan xarajatlar smetasi (kalkulatsiya) sifatidagi dalillar, majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik darajasini belgilovchi shartnoma va boshqalar bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 55-moddasida ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Daʼvogar oʻziga yetkazilgan zararni, yaʼni shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi munosabati bilan daʼvogarning qilgan xarajatlari, bunday xarajatlarning zaruriyligi va ularning taxminiy miqdori asoslantirilgan hisob-kitobi va dalillarni sudga taqdim etmagan. Qolaversa, “Suvoqova” ishlab chiqarish korxonasi bilan shartnomaviy munosabatga kirishmagan.
Birinchi instansiya sudi daʼvoni rad etish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, sudlov hayʼati hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini daʼvogar zimmasiga yuklashni lozim topadi.
2009-yil 20-iyul,
13-0903/2042-son
