Litsenziat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan litsenziya talablarini va shartlarini muntazam ravishda yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzganda litsenziyaning amal qilishi tugatiladi (15-10-07/7234-son)
21.09.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Tabobat” kichik korxonasiga berilgan 2004-yil 18-iyundagi U1304-tib.-sonli litsenziyaning amal qilishini tugatishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni rad etish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika Kengashining 2010-yil 22-yanvardagi 06-928-son ruxsatnomasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining 2010-yil 9-fevraldagi 33-son buyrugʻiga asosan “Tabobat” kichik korxonasining faoliyati yuzasidan tekshirish oʻtkazilgan. Tekshirish tartibi va qoidalari tekshiruvchilar tomonidan buzilmagan.
Tekshirishda xususiy korxona litsenziyada koʻrsatilmagan faoliyat turi bilan shugʻullanayotganligi, vrach mutaxassis malakasini oshirmaganligi va malaka toifasiga ega emasligi, birlamchi tibbiy hujjatlar yuritilmaganligi, foydalanilayotgan bino va xonalarning oʻlchami sanitariya qoidalariga javob bermasligi, tibbiy asbob-uskunalarni sterilizatsiya qilish qoidalariga rioya etilmaganligi, ularning soni minimal talabga javob bermasligi va metrologiya koʻrigidan oʻtkazilmasdan foydalanilayotganligi, bir marta foydalanishga moʻljallangan vositalarni yoʻq qilish va tez tibbiy yordam uchun dori-darmonlar toʻplami toʻliq tashkil etilmaganligi aniqlangan.
Shu sababli, daʼvogar “Tabobat” kichik korxonasiga berilgan litsenziyaning amal qilishini tugatishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvoni qanoatlantirish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 23-moddasi birinchi qismining oltinchi xatboshisiga koʻra, litsenziat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan litsenziya talablarini va shartlarini muntazam ravishda yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzganda litsenziyaning amal qilishi tugatiladi.
Tekshirishda aniqlangan holatlar “Tabobat” kichik korxonasi tomonidan litsenziya shartnomasi majburiyatlarini bir necha marta qoʻpol buzish hisoblanadi. Shu sababli apellatsiya instansiyasi sudi asosli ravishda hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sud qarorlarini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
2010-yil 21-sentabr,
15-10-07/7234-son
