Soliq toʻlovchilar oʻz soliq majburiyatlarini oʻz vaqtida va toʻliq hajmda bajarishi shart (23-0903/11569-son)
19.01.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Qoraqalpoq elektr tarmoqlari” ochiq aksiyadorlik jamiyati xoʻjalik sudiga murojaat qilib, Nukus shahar davlat soliq inspeksiyasining 2009-yil 7-oktabrdagi qarorining 2008-yil yakuni boʻyicha 651528,9 ming soʻm foyda soligʻi, 469101,0 ming soʻm infratuzilmani rivojlantirish soligʻini qoʻshimcha hisoblash qismini haqiqiy emas, deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan. Xususiy ajrim chiqarilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat soliq boshqarmasiga yuborilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini va xususiy ajrimni bekor qilib, daʼvoni rad etishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish Departamenti Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasining “Hujjatli taftish tayinlash haqida” 2009-yil 27-avgustdagi qarori, 2009-yil 3-sentabrdagi 191-son buyrugʻiga asosan “Qoraqalpoq elektr tarmoqlari” ochiq aksiyadorlik jamiyatining soliq qonunlariga rioya qilishi yuzasidan tekshirish oʻtkazilgan.
Tekshirishda “Qoraqalpoq elektr tarmoqlari” ochiq aksiyadorlik jamiyati 2008-yilda maishiy isteʼmolchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun amaldagi tariflar oʻzgargan davrga yangi tarif boʻyicha qayta hisoblanib, tarif oʻzgargandagi farq uchun soliqlar toʻlanmaganligi aniqlangan.
Tekshirishda aniqlangan holatlar boʻyicha Nukus shahar davlat soliq inspeksiyasining 2009-yil 7-oktabrdagi qarori qabul qilinib, aksiyadorlik jamiyatiga 2008-yil yakuni boʻyicha 651528,9 ming soʻm foyda soligʻi, 469101,0 ming soʻm infratuzilmani rivojlantirish soligʻi qoʻshimcha hisoblangan.
Bundan norozi boʻlgan javobgar davlat soliq xizmati organi qarorining ushbu qismini haqiqiy emas, deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvoni notoʻgʻri qanoatlantirgan.
Soliq majburiyati yuzaga kelgan vaqtda amalda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 27-yanvardagi 32-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ning 132-bandida agar amaldagi tariflar oʻzgargan davrda eski tarif boʻyicha toʻlov belgilangan muddatdan keyin amalga oshirilgan boʻlsa, u holda toʻlov summasi kVt.s.da yangi tarif boʻyicha qayta hisoblanishi va daʼvo muddati doirasida, ortib boruvchi yakun bilan hisobga olinishi belgilangan.
“Qoraqalpoq elektr tarmoqlari” ochiq aksiyadorlik jamiyati 2008-yilda maishiy isteʼmolchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasi tarifi oʻzgargan davr uchun aholidan qarzni yangi tarif boʻyicha qayta hisoblagan, ammo tarif oʻzgargandagi farq uchun 651528,9 ming soʻm foyda soligʻi, 469101,0 ming soʻm infratuzilmani rivojlantirish soligʻini toʻlamagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 32-moddasining birinchi qismiga asosan, soliq toʻlovchilar oʻz soliq majburiyatlarini oʻz vaqtida va toʻliq hajmda bajarishi shart.
Apellatsiya instansiyasi sudi ushbu holatlarni huquqiy baholamasdan hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirgan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni rad etishni lozim topadi.
Sud qarorlarining bekor qilinishi munosabati bilan xususiy ajrim ham bekor qilinadi.
2010-yil 19-yanvar,
23-0903/11569-son
