Ishning xoʻjalik sudi hammaga maʼlum deb topgan holatlari isbotlashga muhtoj emas (15-0706/10421-son)
15.07.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“QODIROV SULTONALI OMILKOR” fermer xoʻjaligi javobgar — Oʻzbekiston tuman hokimligi, qoʻshimcha javobgarlar — “Oʻqchi” shirkat xoʻjaligi va Oʻzbekiston tumani yer-mulk kadastr xizmatiga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, bogʻ va yer maydonlarini majburiy tartibda berish majburiyatini yuklashni hamda javobgar — Oʻzbekiston tuman hokimligidan 63005296 soʻm boy berilgan foyda, bogʻni barpo qilish uchun sarflanishi lozim boʻlgan 25000000 soʻm, jami 88005296 soʻm yetkazilgan zarar summasini undirib berishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2008-yil 18-iyuldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan. “QODIROV SULTONALI OMILKOR” fermer xoʻjaligi foydasiga Oʻzbekiston tuman hokimligidan 5000000 soʻm haqiqiy zarar summasi, 10000000 soʻm boy berilgan foyda, 5000 soʻm aloqa xarajatlari, jami 15005000 soʻm undirilgan. Daʼvoning qolgan zarar summasini undirish qismi rad qilingan. Daʼvoning bogʻ va yer maydonlarini qaytarish qismi boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2008-yil 3-dekabrdagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgartirilib, “QODIROV SULTONALI OMILKOR” fermer xoʻjaligi foydasiga Oʻzbekiston tuman hokimligidan 5000000 soʻm zarar summasi 10000000 soʻm boy berilgan foyda, 5000 soʻm aloqa xarajatlari, jami 15005000 soʻm undirish qismi bekor qilinib, daʼvoning shu qismini qanoatlantirish rad qilingan. Hal qiluv qarorining qolgan qismi oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudining 2009-yil 18-fevraldagi qarori bilan sud qarorlari bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgan.
Birinchi instansiya sudining 2009-yil 28-apreldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish soʻralgan.
Xoʻjalik sudining 2009-yil 9-apreldagi ajrimi bilan nizoning predmetiga mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida Oʻzbekiston tuman moliya boʻlimi, Oʻzbekiston tuman davlat soliq inspeksiyasi hamda “OTABOEV MAHMUTALI” fermer xoʻjaligi manfaatdor shaxs sifatida ishga jalb etilgan.
Sudlov hayʼati ish materiallarini, kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga asosan hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Oʻzbekiston tuman hokimligining 1992-yil 11-dekabrdagi 153/12-sonli qarori bilan “Omilkor” fermer xoʻjaligiga “Oʻqchi” jamoa xoʻjaligining hududidan 10 ga yer maydoni foydalanish uchun ajratilgan.
Shuningdek, “Omilkor” fermer xoʻjaligi rahbari M.Sultonov va “Oʻqchi” shirkat xoʻjaligi oʻrtasida tuzilgan ijara shartnomasiga muvofiq, 3,26 ga yer maydonida joylashgan bogʻ maydonlari 2010-yil 1-oktabrga qadar fermer xoʻjaligiga foydalanish uchun ajratib berilgan.
Fargʻona viloyat xoʻjalik sudining 15-0502/5794-sonli ishi boʻyicha 2005-yil 17-oktabrdagi hal qiluv qarori bilan Oʻzbekiston tuman hokimining 1998-yil 28-sentabrdagi 308/9-sonli qarorining “Omilkor” fermer xoʻjaligiga oid qismi haqiqiy emas deb topilgan. “Omilkor” fermer xoʻjaligiga zararni undirish toʻgʻrisida alohida daʼvo talablari bilan sudga murojaat qilishi mumkinligi haqida tushuntirish berilgan.
Shu sababli, daʼvogar — “QODIROV SULTONALI OMILKOR” fermer xoʻjaligi javobgar — Oʻzbekiston tuman hokimligi, qoʻshimcha javobgarlarga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, bogʻ va yer maydonlarini majburiy tartibda berish majburiyatini yuklashni hamda tuman hokimligidan 63005296 soʻm boy berilgan foyda, bogʻni barpo qilish uchun sarflanishi lozim boʻlgan 25000000 soʻm, jami 88005296 soʻm yetkazilgan zarar summasini undirib berishni soʻragan.
Biroq, “Omilkor” fermer xoʻjaligi va “Oʻqchi” shirkat xoʻjaligi oʻrtasida umuman ijara shartnomasi tuzilmagan va “Omilkor” fermer xoʻjaligiga shirkatning qaysi konturlaridagi yer maydonlari berilganligi tuman hokimining qarorlarida va boshqa kadastr hujjatlarida qayd etilganligini daʼvogar rahbari aniqlab bera olmagan. Fermer xoʻjaligi tasdiqlangan Nizom asosida faoliyat yuritishi lozim boʻlib, uning Nizomiga binoan fermer xoʻjaligining faoliyati chorvachilikka ixtisoslashgan.
“Omilkor” fermer xoʻjaligi xoʻjalik faoliyatini yuritgan davrda ajratilgan 5 gektar yer maydoniga 780 tup oʻrik, 780 tup shaftoli, 150 tup yongʻoq, 510 tup anor koʻchatlarini ekib, bogʻ barpo etgan va ushbu bogʻning 3,26 ga qismi buzilmay qolgan.
Oʻzbekiston tuman hokimligining 1998-yil 28-sentabrdagi 308/9-sonli qaroriga asosan fermer xoʻjaligi rahbari M.Sultonov bilan “Oʻqchi” shirkat xoʻjaligi oʻrtasida ijara shartnomasi tuzilib, shartnomaga muvofiq 3.26 gektar yer maydonida bogʻ maydonlari 2010-yil 1-oktabrga qadar foydalanish uchun fuqaro M.Sultonovga ajratib berilgan.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Oʻzbekiston tumanlararo sudining 2003-yil 20-martdagi hal qiluv qaroriga asosan “Oʻqchi” shirkat xoʻjaligi va fermer xoʻjaligi rahbari fuqaro Sultonov Mahmud bilan tuzilgan 3,26 gektar bogʻ maydonlarini ijaraga berish haqidagi ijara shartnomasi bekor qilinib, M.Sultonovdan daʼvogar “Oʻqchi” shirkat xoʻjaligi foydasiga 910516 soʻm ijara toʻlovlari undirilgan hamda 3,26 gektar bogʻ maydoni xoʻjalik ixtiyoriga qaytarilgan.
Shuningdek, ish hujjatlaridagi jinoyat ishlari boʻyicha Oʻzbekiston tuman sudining 2004-yil 10-dekabrdagi ajrimi bilan “Omilkor” fermer xoʻjaligining rahbari M.Sultonov bogʻ maydonlarini shirkat xoʻjaligiga topshirmasdan, undan oʻzboshimchalik bilan foydalanib kelgan holda shirkat xoʻjaligiga 889980 soʻm moddiy zarar yetkazganligi oʻz isbotini topganligi hamda M.Sultonovning oʻz aybiga toʻliq iqrorligi inobatga olinib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining amnistiya toʻgʻrisidagi Farmoniga muvofiq uni Jinoyat kodesi 229-moddasining birinchi qismi bilan ayblash haqidagi jinoyat ishi harakatdan tugatilgan.
Xoʻjalik sudining 2005-yil 17-oktabrdagi 15-05-02/5794-sonli hal qiluv qaroriga koʻra, “Omilkor” fermer xoʻjaligining daʼvosi qisman qanoatlantirilib, Oʻzbekiston tuman hokimining 1998-yil 28-sentabrdagi 308/9-sonli qarorining “Omilkor” fermer xoʻjaligiga oid qismi haqiqiy emas deb topilgan va uning 3.26 ga bogʻ maydonlarini qaytarish haqidagi talabini qanoatlantirish rad qilingan.
Daʼvogar oʻzining daʼvo talabida 63005296 soʻm boy berilgan foyda, bogʻni barpo qilish uchun sarflanishi lozim boʻlgan 25000000 soʻm, fermer xoʻjaligi huquqini tiklash uchun qilgan 1000000 soʻm, jami 89005296 soʻm moddiy zarar summasini undirishni soʻragan boʻlsa-da, mazkur sud hujjatlari bilan daʼvogar tomonidan nizoli 3,26 gektar bogʻ maydonlari oʻzboshimchalik bilan egallab olinganligi hamda “Oʻqchi” shirkat xoʻjaligiga moddiy zarar yetkazilganligi holatlari oʻz isbotini topgan.
Shuningdek, daʼvogarning xoʻjalik sudining 2005-yil 17-oktabrdagi hal qiluv qarori bilan Oʻzbekiston tuman hokimining 1998-yil 28-sentabrdagi 308/9-sonli qarori haqiqiy emas deb topilgan, shuning uchun yer maydoni unga qaytarilish kerak, degan vajlari bilan kelishib boʻlmaydi. Chunki, fuqarolik ishlari boʻyicha Oʻzbekiston tumanlararo sudining 2003-yil 20-martdagi hal qiluv qaroriga asosan M.Sultanov bilan tuzilgan ijara shartnomasi bekor qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 60-moddasiga koʻra, ishning xoʻjalik sudi hammaga maʼlum deb topgan holatlari isbotlashga muhtoj emas. Xoʻjalik sudining ilgari koʻrilgan ish boʻyicha qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori bilan aniqlangan holatlar, xuddi shu shaxslar ishtirokchisi boʻlgan boshqa ishni sud koʻrayotganda yangidan isbot qilinmaydi. Umumiy sudning fuqarolik ishi boʻyicha qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori boshqa ishni koʻrayotgan xoʻjalik sudi uchun umumiy sudning hal qiluv qarorida aniqlangan va ishda ishtirok etuvchi shaxslarga aloqador holatlarga doir masalalar boʻyicha majburiydir. Jinoyat ishi boʻyicha umumiy sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi muayyan harakatlar sodir etilgan yoki sodir etilmaganligi va ular kimlar tomonidan sodir etilganligi masalalari boʻyicha xoʻjalik sudi uchun majburiydir.
Ushbu sud hujjatlari hozirgi vaqtda qonuniy kuchdadir, bu esa daʼvogarning bogʻ maydonlari javobgar tomonidan noqonuniy ravishda tortib olinganligi haqidagi vajlarini inkor qiladi.
Bundan tashqari, daʼvogar fermer xoʻjaligi daʼvo arizasida nizoli bogʻ maydonlariga 780 tup oʻrik, 780 tup shaftoli, 150 tup yongʻoq, 510 tup anor koʻchatlarini ekkanligini, shuningdek ushbu koʻchatlarga javobgar tomonidan shikast yetkazilganligi, nobud qilinganligi haqida vaj keltirsa-da, sudlov hayʼati uning ushbu vajlari bilan kelishib boʻlmaydi, deb hisoblaydi.
Chunki, daʼvogar mazkur koʻchatlarni haqiqatan oʻz hisobidan ekkanligini tasdiqlovchi buxgalteriya hujjatlarini, shuningdek mazkur bogʻ maydonlariga egalik huquqini tasdiqlovchi kadastr hujjatlarini va boshqa dalillarni birinchi instansiyasi sudiga taqdim qilmagan.
Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 55-moddasi talablariga koʻra, ishda ishtirok etuvchi shaxslar oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlab berishlari shart.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-oktabrdagi 476-sonli “Yer uchastkalarini fermer xoʻjaliklariga uzoq muddatli ijaraga berish tartibi toʻgʻrisida”gi qarorining 5-boʻlim 31-bandida, tuman hokimi tomonidan fermer xoʻjaligiga ijaraga yer uchastkasi berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin tuman yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi tomonidan besh kun muddatda namunaviy shaklga muvofiq yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasini tayyorlash va 36-bandida yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga berish shartnomasi tuman yer resurslari va davlat kadastri boʻlimidan roʻyxatdan oʻtkazilishi va u fermer xoʻjaligining yer uchastkasini ijaraga olganlik huquqini tasdiqlovchi hujjat hisoblanishi belgilangan.
Oʻzbekiston tuman davlat soliq inspeksiyasining 2009-yil 25-apreldagi 3/1-1758-sonli xatida “Omilkor” fermer xoʻjaligi davlat reyestridan chiqarilganligi sababli maʼlumot taqdim etishning imkoni yoʻqligi bildirilgan. “QODIROV SULTONALI OMILKOR” fermer xoʻjaligining rahbari “Omilkor” fermer xoʻjaligiga tegishli boʻlgan muhr va shtamplarni ichki ishlar boʻlimiga topshirib yuborganligi haqida koʻrgazma bergan.
“Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 31-moddasiga muvofiq fermer xoʻjaligini qayta tashkil etish (qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, ajratib chiqarish, oʻzgartirish) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Bu borada “QODIROV SULTONALI OMILKOR” fermer xoʻjaligi, “Omilkor” fermer xoʻjaligining huquqiy vorisi sifatida va xoʻjalik sudining 2005-yil 17-oktabrdagi 15-05-02/5794-sonli hal qiluv qarori yuzasidan kelib chiqib, bogʻ va yer maydonlarini qaytarish majburiyatini yuklash va zarar undirish haqidagi daʼvo talablarini sudga asoslab bera olmadi.
Shuning uchun birinchi instansiya sudi daʼvoni rad etish toʻgʻrisida qonuniy toʻxtamga kelgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, sudlov hayʼati hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini daʼvogar zimmasiga yuklashni lozim topadi.
2009-yil 15-iyul,
15-0706/10421-son
