Kassatsiya shikoyatida (protestida) moddiy yoki protsessual huquq normalarini buzish yoki notoʻgʻri qoʻllanish nimadan iboratligi koʻrsatilmagan boʻlsa, kassatsiya shikoyati qaytariladi (11-0823/10618-son)
16.02.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Daʼvogar – “Bexzod-Abbos-AT” XKK xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Boʻka MTP OAJdan 16102231 soʻm asosiy qarz, 8051115,50 soʻm penya, jami 24153346 soʻm undirishni soʻragan.
Xoʻjalik sudining 2008-yil 26-avgustdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, “Bexzod-Abbos-AT” XKK foydasiga Boʻka MTP OAJdan 16102231 soʻm asosiy qarz, 1006389 soʻm penya undirilgan. Daʼvoning qolgan qismi rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Sudning 2008-yil 3-noyabrdagi ajrimi bilan “Bexzod-Abbos-AT” XKKning kassatsiya shikoyati Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 180-moddasining 5-bandiga asosan qaytarilgan.
Kassatsiya shikoyatida sudning 2008-yil 3-noyabrdagi ajrimini bekor qilish masalasi qoʻyilgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, sudning 2008-yil 3-noyabrdagi ajrimini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
“Bexzod-Abbos-AT” XKK xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Boʻka MTP OAJdan jami 24153346 soʻm undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi hal qiluv qarori qabul qilgan.
Hal qiluv qaroridan norozi boʻlgan “Bexzod-Abbos-AT” XKK kassatsiya shikoyati bilan viloyat xoʻjalik sudiga murojaat qilgan.
Sudning 2008-yil 3-noyabrdagi ajrimi bilan kassatsiya shikoyati va unga ilova qilingan hujjatlar asosli qaytarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 180-moddasi birinchi qismining 5-bandida kassatsiya shikoyati (protesti) belgilangan muddat oʻtganidan keyin berilgan boʻlsa va oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash toʻgʻrisida iltimosnoma boʻlmasa kassatsiya shikoyati (protesti) qaytarilishi koʻrsatilgan.
“Bexzod-Abbos-AT” XKK kassatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilishni soʻragan boʻlsa-da, uni bekor qilish asoslarini koʻrsatmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 180-moddasi birinchi qismining 6-bandida kassatsiya shikoyatida (protestida) moddiy yoki protsessual huquq normalarini buzish yoki notoʻgʻri qoʻllanish nimadan iboratligi koʻrsatilmagan boʻlsa, kassatsiya shikoyatini qaytarish uchun asos boʻlishi mumkinligi qayd etilgan.
Bunday vaziyatda, kassatsiya instansiyasi sudi sudning 2008-yil 3-noyabrdagi ajrimini oʻzgarishsiz, “Bexzod-Abbos-AT” XKKning kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
2009-yil 16-fevral,
11-0823/10618-son
