Nizo xoʻjalik sudida koʻrish uchun tegishli boʻlmasa, ish yuritish tugatiladi (19-0902/8399-son)
19.01.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“Termiz-bunyodkor-invest” xususiy korxonasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, Termiz shahar davlat soliq inspeksiyasining 83705050 soʻmlik 121 dona inkasso topshiriqnomalarini ijro etilishi mumkin emas deb topishni va ularni xususiy korxonaning hisob raqamidan olib tashlashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida sud qarorlarini bekor qilish, daʼvogarning yozma fikrida esa kassatsiya shikoyatini rad etib, sud qarorlarini kuchda qoldirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati shikoyat va yozma fikr vajlarini muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagilarga koʻra sud qarorlarini oʻzgartirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2003-2004-yillarda korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturi toʻgʻrisida” 2003-yil 17-apreldagi 185-sonli qaroriga asosan “PSM-5” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati ustav jamgʻarmasidagi davlat ulushi va joylashtirilmagan aktivlari 2003-2004-yillarda birja va birjadan tashqari bozorlarda toʻliq sotilishi kerak boʻlgan xususiylashtirilgan korxonalar roʻyxatiga kiritilgan.
Qayd etilgan qaror va “PSM-5” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlari umumiy yigʻilishining 2003-yil 30-maydagi 2-sonli qaroriga asosan 2003-yil 31-dekabrda Surxondaryo viloyat davlat mulki boshqarmasi tomonidan 661-sonli qaror qabul qilingan. Mazkur qarorda “PSM-5” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati B.Jalilovaga xususiy mulk qilib berilganligi eʼtirof etilgan.
Termiz shahar hokimligi tomonidan 2004-yil 4-fevralda B.Jalilova rahbarligidagi “Anis fariddun” xususiy korxonasining Nizomi 064-raqam bilan roʻyxatga olingan.
Termiz shahar davlat soliq inspeksiyasi “PSM-5” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatining 83703050,44 soʻm boqimanda qarzlarini uning huquqiy vorisi boʻlgan “Anis fariddun” xususiy korxonasidan undirishni soʻrab sudga murojaat qilgan. Qashqadaryo viloyat xoʻjalik sudining 18-0602/15046-son ishi boʻyicha 2007-yil 18-oktabrdagi hal qiluv qarori bilan soliq inspeksiyasining ushbu daʼvo talabi rad etilgan. Apellatsiya instansiyasi sudining 2007-yil 12-dekabrdagi, kassatsiya instansiyasi sudining 2008-yil 19-fevraldagi qarorlari bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Bundan tashqari, Surxondaryo viloyat xoʻjalik sudining 19-0609/1495-son ishi boʻyicha qabul qilingan sud qarorlari bilan “Anis fariddun” xususiy korxonasining “PSM-5” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlishi mumkin emasligi holati isbotlangan.
“Anis fariddun” xususiy korxonasi “Termiz-bunyodkor-invest” xususiy korxonasiga aylantirilgan va Termiz shahar hokimligi tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyasi davlat reyestrida 2008-yil 19-sentabrda 661-son bilan roʻyxatga olgan. Shu sababli, “Termiz-bunyodkor-invest” xususiy korxonasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “PSM-5” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatining boqimanda qarzlarini undirish maqsadida uning hisob raqamiga qoʻyilgan inkasso topshiriqnomalarini ijro etilishi mumkin emas deb topish va ularni hisob raqamdan olib tashlashni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 60-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, xoʻjalik sudining ilgari koʻrilgan ish boʻyicha qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori bilan aniqlangan holatlar, xuddi shu shaxslar ishtirokchisi boʻlgan boshqa ishni sud koʻrayotganda yangidan isbot qilinmaydi.
“Termiz-bunyodkor-invest” xususiy korxonasidan “PSM-5” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatining boqimanda qarzlarini undirish mumkin emasligi yuqorida bayon etilgan sud qarorlari bilan isbotlangan. Shu sababli, birinchi va apellatsiya instansiyasi sudlari Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 60-moddasining ikkinchi qismiga asoslangan holda soliq inspeksiyasining “Termiz-bunyodkor-invest” xususiy korxonasi hisob raqamiga qoʻygan inkasso topshiriqnomalarini ijro etilishi mumkin emas deb topish haqida asosli toʻxtamga kelgan.
Ammo sudning “Termiz-bunyodkor-invest” xususiy korxonasining hisob raqamidan inkasso topshiriqnomalarini olib tashlash haqidagi xulosasi bilan kelishib boʻlmaydi. Chunki, Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 24-moddasi birinchi qismining 10-bandida undirish soʻzsiz (akseptsiz) tartibda amalga oshiriladigan ijro hujjatini yoki boshqa hujjatni ijro etilishi mumkin emas deb topish toʻgʻrisidagi nizolar xoʻjalik sudlari sudloviga taalluqli ekanligi belgilangan. Biroq, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bank hisobvaraqlariga qoʻyilgan inkasso topshiriqnomalarini olib tashlash toʻgʻrisidagi daʼvo ushbu moddada yoki boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda xoʻjalik sudining sudloviga taalluqliligi koʻrsatilmagan.
“Termiz-bunyodkor-invest” xususiy korxonasining hisob raqamidan inkasso topshiriqnomalarini olib tashlash haqida daʼvo talabi xoʻjalik sudining sudloviga taalluqli boʻlmasa-da, sud uning daʼvo talabini mazmunan koʻrib xatolikka yoʻl qoʻygan. Vaholanki, ishning xoʻjalik sudiga taalluqliligi Xoʻjalik protsessual kodeksining 23 va 24-moddalari talablaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Birinchi instansiya sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi toʻgʻrisida” 2007-yil 15-iyundagi 162-son qarorining 19-bandida tushuntirish berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 86-moddasining 1-bandiga asosan nizo xoʻjalik sudida koʻrish uchun tegishli boʻlmasa, ish yuritish tugatiladi.
Bundan tashqari, hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida asossiz ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 95-moddasiga binoan undiriladigan summaga mutanosib ravishda davlat boji undirilishi belgilanadi, deb qayd etilgan. Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 330-moddasining 21-bandida davlat soliq xizmati organlari barcha ishlar va hujjatlar boʻyicha, shuningdek alohida yuritiladigan ishlar boʻyicha sudga arizalar berganlik uchun xoʻjalik sudlarida davlat bojini toʻlashdan ozod etilgan. Daʼvogar tomonidan esa oldindan davlat boji toʻlanmagan.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati sud qarorlarini oʻzgartirishni, hal qiluv qarorining “Termiz-bunyodkor-invest” xususiy korxonasining hisob raqamidan inkasso topshiriqnomalarini olib tashlash haqidagi qismini bekor qilib, mazkur talab boʻyicha ish yuritishni tugatishni, hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 95-moddasiga binoan undiriladigan summaga mutanosib ravishda davlat boji undiriladi”, degan qismini bekor qilishni lozim topadi.
2010-yil 19-yanvar,
19-0902/8399-son
