Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma uch yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida (SQ-59-III-son)
03.12.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma uch yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga muvofiq, insonparvarlik tamoyiliga amal qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasi 10-bandiga va 93-moddasi 23-bandiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Quyidagi mahkumlar:
a) ayollar;
b) jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga toʻlmagan shaxslar;
v) 60 yoshdan oshgan erkaklar;
g) chet davlatlar fuqarolari;
d) I va II guruh nogironlari, shuningdek ushbu Qaror kuchga kirgunga qadar bir yil ichida qonunda belgilangan tartibda jazoni oʻtashga toʻsqinlik qiladigan ogʻir kasalliklarga chalingan, deb topilgan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
2. Ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaxslar, shuningdek ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni qasddan sodir etganligi uchun birinchi marta hukm qilingan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
3. Ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, oʻtalmay qolgan jazo muddati ikki yil-u olti oydan koʻp boʻlmagan, hukmi ushbu Qaror eʼlon qilingan kunga qadar qonuniy kuchga kirgan mahkumlar jazodan ozod qilinsin.
4. Ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, ushbu Qaror eʼlon qilingan kunda oʻtalmay qolgan jazo muddati uch yil-u olti oydan kam boʻlgan shaxslar manzil-koloniyalarga oʻtkazilsin.
5. Ushbu Qarorning 1-bandida qayd etilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi barcha ishlar tugatilsin.
6. Ushbu Qarorning:
a) amal qilishi — uzoq muddatga yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan; oʻta xavfli retsidivist deb topilgan; taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etgan; jinoiy uyushma tarkibida jinoyat sodir etgan; jazoni oʻtash tartibini muntazam ravishda buzayotgan; afv etish yoki amnistiya tartibida ilgari jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilingan va yana qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarga; shuningdek oʻlim jazosi afv etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga almashtirilgan shaxslarga;
b) 1-bandi amal qilishi — Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandida koʻrsatilgan, shuningdek oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga;
v) 3-bandi amal qilishi — Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasida va 104-moddasi uchinchi qismining “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga;
g) 1 — 3, 5-bandlari amal qilishi — Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167, 168-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etib, yetkazilgan moddiy zararni toʻliq qoplamagan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasin.
7. Ushbu Qarorga muvofiq asosiy jazodan ozod qilingan mahkumlar qoʻshimcha jazolardan ozod qilinmaydi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qoʻmita va komissiyalari ushbu Qarorning qoʻllanilishi ustidan jamoatchilik nazorati hamda Qarorning qoʻllanish tartib-taomillarining ochiq-oshkora amalga oshirilishida senatorlar va deputatlar korpusining bevosita ishtirokini taʼminlasin.
9. Ushbu Qaror amalga oshirilishi uchun masʼuliyat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatilsin.
10. Ushbu Qaror eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi va uch oy ichida ijro etilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N. YOʻLDOSHEV
Toshkent sh.,
2015-yil 3-dekabr,
SQ-59-III-son
