Ikki tomonlama savdo aloqalarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
17.11.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan Pokiston Islom Respublikasi savdoni rivojlantirish agentligi oʻrtasida
anglashuv Memorandumi
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi va Pokiston Islom Respublikasi savdoni rivojlantirish agentligi (bundan keyin yakka tartibda “Tomon”, birgalikda “Tomonlar” deb ataluvchilar),
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida iqtisod va savdo hamkorligi toʻgʻrisida 1992-yil 27-iyunda imzolangan Bitim qoidalariga amal qilib,
Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirish va mustahkamlashga muhim ahamiyat qaratib,
ikki tomonlama savdo aloqalarining yanada rivojlanishini taʼminlash uchun qulay sharoitlar yaratish muhimligini eʼtirof etib,
ikki davlat oʻrtasida oʻzaro savdo hajmini oshirish istagida,
quyidagilar toʻgʻrisida oʻzaro anglashuvga erishdilar:
1-modda
Tomonlar oʻz davlatlari milliy qonunchiligiga muvofiq hamda tenglik va oʻzaro manfaatdorlik prinsiplari asosida ikki tomonlama amaliy hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash orqali oʻz mamlakatlari oʻrtasida savdo aloqalarini yanada rivojlanishi va oʻzaro savdoning barqaror oʻsishini taʼminlashga koʻmaklashadilar.
2-modda
Tomonlar oʻz vakolatlari doirasida oʻzaro hamkorlikni quyidagilar orqali jadallashtirish toʻgʻrisida kelishib oldilar:
a) ikki mamlakat manfaatdor korxona va kompaniyalariga quyidagilarda yordam koʻrsatish:
oʻzaro tashriflarni tashkillashtirish, qoʻshma biznes-forumlar, prezentatsiyalar, davra suhbatlari va boshqa amaliy tadbirlarni oʻtkazishga koʻmaklashish, shuningdek ularni Oʻzbekiston va Pokistonda oʻtkaziladigan xalqaro koʻrgazma-yarmarka tadbirlari ishida ishtirok etishga jalb etish;
bevosita va uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, keng nomenklaturali sanoat mahsulotlarini toʻgʻridan toʻgʻri va tizimli yetkazib berishni tashkillashtirish boʻyicha tashqi savdo shartnomalarini tuzish va ularni amalga oshirish;
b) oʻzaro savdoning oʻsishi uchun qulay sharoitlarni yaratish borasidagi masalalar va takliflarni koʻrib chiqish;
v) savdo uylari va tarmoq vakolatxonalarini tashkil etish, shuningdek ikki Tomon davlatlarida sanoat koʻrgazmalarini oʻtkazish;
g) savdo aloqalarini rivojlantirish, tarif va notarif tartibga solinishi, bojxona boshqaruvi, soliq rejimi va tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa masalalar boʻyicha qonun hujjatlari toʻgʻrisida maʼlumotlarni almashish;
d) oʻzaro manfaatli boshqa yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlik.
3-modda
Ushbu Memorandumning samarali amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Tomonlar ikki tomonlama maslahatlashuvlarni, shuningdek Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo Qoʻshma komissiyaning doimiy yigʻilishlari doirasida ikki davlat manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar vakillarini jalb etish orqali oʻtkazishlari mumkin.
4-modda
Ushbu Memorandum Tomonlar davlatlari ishtirokchisi boʻlgan boshqa amaldagi xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan ularning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
5-modda
Tomonlar ushbu Memorandum doirasida almashinilgan hujjatlar, maʼlumotlar va boshqa materiallarning maxfiyligini taʼminlaydilar hamda ularni taqdim etuvchi Tomonning avvaldan olingan yozma roziligisiz uchinchi tomonga hech qanday shaklda bermaydilar.
6-modda
Ushbu Memorandum qoidalarini qoʻllash yoki talqin qilishda kelib chiqadigan barcha nizolar Tomonlar oʻrtasida oʻzaro doʻstona muzokara va maslahatlashuvlar orqali hal qilinadi.
7-modda
Zarur hollarda Tomonlarning oʻzaro kelishuvi asosida ushbu Memorandumga uning ajralmas qismi hisoblangan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Bayonnoma ushbu Memorandumning 8-moddasi 1-bandida belgilangan tartibda kuchga kiradi.
8-modda
1. Ushbu Memorandum imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va uch (3) yil davomida amal qiladi hamda tugatilmaguniga qadar oʻz-oʻzidan shunday uch yillik muddatlarga uzayaveradi.
2. Tomonlardan biri ushbu Memorandumning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni dastlabki yoki yangilangan uch yillik muddatlar tugashidan uch (3) oy oldin xabardor qilish orqali ushbu Memorandumning amal qilishini tugatishi mumkin.
3. Ushbu Memorandum amal qilishi davomida bajarilayotgan dasturlar, agar Tomonlar oʻrtasida boshqacha kelishuv boʻlmasa, ularning tugatilishiga qadar davom ettiriladi.
4. Tomonlar oʻrtasida boshqacha kelishuv boʻlmasa, mazkur Memorandumning 5-modda qoidalari uning kuchi tugatilganidan soʻng ham uch (3) yil muddat davomida amal qiladi.
Toshkent shahrida 2015-yil 17-noyabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
(imzolar)
