Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi Sportning milliy kurash turiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatga oʻquvchilarni tanlab olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2731-son)
23.11.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 23-noyabrda 2731-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 3-martdagi 41-son “Surxondaryo viloyatida sportning milliy kurash turini yanada rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Madaniyat va sport ishlari vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi Sportning milliy kurash turiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatga oʻquvchilarni tanlab olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Xalq taʼlimi vaziri U. INOYATOV
Toshkent sh.,
2015-yil 2-noyabr,
25-mh-son
Madaniyat va sport ishlari vaziri B. AXMEDOV
Toshkent sh.,
2015-yil 2-noyabr,
21-son
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Madaniyat va sport ishlari vazirligining 2015-yil 2-noyabrdagi 25-mh va 21-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi Sportning milliy kurash turiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatga oʻquvchilarni tanlab olish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 3-martdagi 41-son “Surxondaryo viloyatida sportning milliy kurash turini yanada rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi Sportning milliy kurash turiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatga (bundan buyon matnda maktab-internat deb yuritiladi) oʻquvchilarni tanlab olish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoida
1. Maktab-internatga har yili tanlov asosida 20 nafar qobiliyatli oʻquvchilar 5-sinfga qabul qilinadi.
2-bob. Maktab-internatga tanlab olish va qabul qilishni tashkil etish
2. Oʻquvchilarni maktab-internatga tanlab olishni tashkil etish maqsadida hujjatlar qabul qilinishi boshlanishidan ikki oy oldin maktab-internat tomonidan tanlov oʻtkazilishi toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida eʼlon beriladi.
3. Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish uchun maktab-internatda har yili Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Madaniyat va sport ishlari vazirligining qoʻshma buyrugʻi bilan 7 kishidan iborat (komissiya raisi, kotibi va aʼzolari) tarkibda qabul komissiyasi tuziladi.
4. Qabul komissiyasi tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda ularning hududiy boshqaruv organlaridan bir nafardan vakil, maktab-internat psixologi va tibbiyot xodimi kiritiladi. Maktab-internat direktori qabul komissiyasi raisi hisoblanadi.
5. Quyidagilar qabul komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
oʻquvchilar va oʻquvchilarning ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar (bundan buyon matnda ota-onalar deb yuritiladi) hamda jamoatchilik oʻrtasida maktab-internatga qabul qilish tartibi, shuningdek maktab-internatning faoliyati toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini olib borish;
oʻquvchilar va ota-onalar uchun maslahatlar berilishini tashkil etish;
oʻquvchilarning hujjatlarini qabul qilish va rasmiylashtirish;
tanlovni tashkil etish va oʻtkazish;
qabul jarayoni yakunlarini umumlashtirish.
6. Oʻquvchilarning hujjatlarini saqlash uchun qabul komissiyasi raisi va kotibi masʼul hisoblanadi.
7. Ota-onalar tomonidan qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
ota-onalarning mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi arizasi;
oʻquvchining tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi (16 yoshga toʻlmagan shaxslar uchun fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning harakatlanish hujjati) nusxasi (hujjatlarni topshirish vaqtida hujjatning asl nusxasi koʻrsatiladi);
oʻquvchining baholar (oʻzlashtirish) tabeli nusxasi (hujjatlarni topshirish vaqtida baholar (oʻzlashtirish) tabelining asl nusxasi koʻrsatiladi);
086-U-shakl boʻyicha tibbiy maʼlumotnoma hamda oʻquvchining umurtqasi rentgen tasviri;
oʻquvchining sport musobaqalarida erishgan natijalarini tasdiqlovchi hujjatlar, agar mavjud boʻlsa;
oʻquvchining 3,5 x 4,5 sm oʻlchamdagi 6 dona fotosurati (rangli);
oʻquvchining sport pasporti nusxasi, agar mavjud boʻlsa (hujjatlarni topshirish vaqtida sport pasportining asl nusxasi koʻrsatiladi).
8. Qabul komissiyasi tomonidan mazkur Nizomning 7-bandida koʻrsatilmagan hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
9. Hujjatlar har yili 25-iyundan 25-iyulgacha (shu kuni ham) qabul qilinadi.
10. Hujjat topshirgan nomzodlar haqidagi maʼlumotlar maktab-internat tomonidan 1-avgustga qadar mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga yuboriladi.
3-bob. Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish
11. Tanlovni oʻtkazish uchun qabul komissiyasi raisi tomonidan 5 kishidan iborat tarkibda Tanlov sinovlarini oʻtkazish hayʼati (bundan buyon matnda Hayʼat deb yuritiladi) tashkil etiladi.
12. Oʻquvchilar maktab-internatga kirish uchun umumiy jismoniy tayyorgarlik hamda maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha ixtisoslik imtihonlarini (sinovlarini) topshiradi.
13. Ixtisoslik imtihonlarini topshirishdan oldin oʻquvchilar 1 — 5-avgust kunlari hududiy sogʻliqni saqlash muassasasida tashkil etilgan tibbiy komissiya tomonidan koʻrikdan oʻtkaziladi. Tibbiy komissiya tarkibiga maktab-internatning murabbiy-oʻqituvchilari ham kiritiladi.
14. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda oʻquvchining antropometrik koʻrsatkichlari (tana vazni, boʻyining uzunligi va koʻkrak qafasi aylanasi), funksional imkoniyatlari va sogʻligʻidagi mavjud nuqsonlari aniqlanadi.
15. Tibbiy koʻrik natijalariga koʻra sogʻlom deb topilgan oʻquvchilar ixtisoslik imtihonlarini topshirishga qoʻyiladi.
16. Ixtisoslik imtihonlari har yili 6 — 10-avgust kunlari oʻtkaziladi.
17. Umumiy jismoniy tayyorgarlik boʻyicha ixtisoslik imtihonlari mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq, maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha ixtisoslik imtihonlari esa, mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq oʻtkaziladi hamda baholanadi.
18. Oʻquvchilarning ixtisoslik imtihonlari natijalari darhol qaydnomaga kiritiladi va oʻquvchilarga eʼlon qilinadi hamda Hayʼat aʼzolari tomonidan imzolanadi.
19. Ixtisoslik imtihonlari boʻyicha umumiy ball umumiy va maxsus jismoniy tayyorgarlik uchun qoʻyilgan ballar yigʻindisiga koʻra aniqlanadi.
20. Ixtisoslik imtihonlari natijalari ular oʻtkazilgandan soʻng 3 kun ichida eʼlon qilinadi. Ixtisoslik imtihonlari natijalariga koʻra eng yuqori ball toʻplagan 20 nafar oʻquvchi oʻqishga qabul qilinadi.
21. Ixtisoslik imtihonlari natijalariga koʻra oʻquvchilarning oʻtish ballari teng boʻlib qolgan taqdirda, sport musobaqalarida erishgan natijalari yuqori boʻlgan oʻquvchilar maktab-internatga imtiyozli kirish huquqiga ega boʻladi.
22. Oʻqishga qabul qilingan oʻquvchilar qabul komissiyasining bayonnomasi bilan tasdiqlanadi. Qabul komissiyasining bayonnomasi asosida maktab-internat direktori tomonidan 20-avgustga qadar oʻquvchilarni oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisida buyruq chiqariladi.
23. Oʻquvchi oʻqishga qabul qilinganda, maktab-internat direktori tomonidan oʻquv yili boshlangunga qadar oʻquvchini maktab-internatga yaqin masofada joylashgan umumiy oʻrta taʼlim muassasasiga oʻtkazish choralari koʻriladi, oʻquvchi maktab-internatga yaqin masofada joylashgan umumiy oʻrta taʼlim muassasasida taʼlim olayotgan hollar bundan mustasno. Oʻquvchini umumiy oʻrta taʼlim muassasasiga oʻtkazish Oʻquvchilarni sinfdan sinfga va bir umumiy oʻrta taʼlim muassasasidan boshqasiga oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2684, 2015-yil 17-iyun) asosan amalga oshiriladi.
4-bob. Tanlov natijalari yuzasidan berilgan murojaatlarni koʻrib chiqish
24. Tanlov natijalari boʻyicha berilgan murojaatlarni koʻrib chiqish uchun 5-avgustga qadar viloyat xalq taʼlimi boshqarmasining buyrugʻi bilan maktab-internatda apellatsiya komissiyasi tashkil etiladi va 3 kishidan iborat tarkibda tasdiqlanadi.
25. Apellatsiya komissiyasi qabul komissiyasi va Hayʼat tarkibida boʻlmagan soha mutaxassislaridan shakllantiriladi.
26. Tanlov natijasi boʻyicha murojaatlar oʻquvchining ota-onalari yoki ulardan biri tomonidan beriladi.
27. Murojaatlar ular kelib tushgan paytdan boshlab 24 soat ichida apellatsiya komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi va tegishli qaror qabul qilinadi. Murojaatni koʻrib chiqish vaqtida murojaat qilgan shaxs apellatsiya komissiyasi ishida oʻzining iltimosiga asosan ishtirok etishi mumkin.
28. Qabul qilingan qaror natijasi boʻyicha murojaat qilgan shaxsga 1 ish kuni ichida apellatsiya komissiyasi tomonidan yozma ravishda maʼlum qilinadi.
29. Apellatsiya komissiyasi murojaatni koʻrib chiqish natijalariga koʻra tanlov natijasini bekor qilishi yoki unga tegishli oʻzgartirish kiritishi mumkin.
30. Apellatsiya komissiyasining murojaatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qabul qilgan qarori yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
5-bob. Yakuniy qoidalar
31. Tanlovning qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilishi va oʻtkazilishi uchun maktab-internat direktori javobgar.
32. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
33. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2015-yil 2-noyabr
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi Sportning milliy kurash turiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatga oʻquvchilarni tanlab olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi Sportning milliy kurash turiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatga oʻquvchilarni tanlab olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi Sportning milliy kurash turiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatga oʻquvchilarni tanlab olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Umumiy jismoniy tayyorgarlik boʻyicha normativlarni bajarish
METODIKASI
1. Umumiy jismoniy tayyorgarlik boʻyicha ixtisoslik imtihoniga qoʻyiladigan eng yuqori ball — 30 ballni tashkil qiladi.
2. Umumiy jismoniy tayyorgarlik boʻyicha ixtisoslik imtihonida oʻquvchi mazkur metodikaning ilovasida koʻrsatilgan normativlarni bajaradi. Bunda:
30 metrga yugurish — mashq past startda belgilangan chiziqdan “Startga!”, “Diqqat!”, “Yugur!” buyruqlari bilan bajariladi. Mashq “start”dan “marra” chizigʻigacha boʻlgan masofa boʻylab yugurish orqali bajariladi. Ushbu mashq uch urinishda bajariladi va eng yaxshi natija hisobga olinadi. Natija 0,1 soniyagacha aniqlanadi;
1000 metrga yugurish — mashq yuqori startda belgilangan chiziqdan “Startga!”, “Diqqat!”, “Yugur!” buyruqlari bilan bajariladi. Mashq “start”dan “marra” chizigʻigacha boʻlgan masofa boʻylab yugurish orqali bajariladi. Ushbu mashq bir urinishda bajariladi va natija hisobga olinadi. Natija 0,1 soniyagacha aniqlanadi;
“mokisimon” yugurish (4 x 10 metr) — mashq yuqori startda belgilangan chiziqdan “Startga!”, “Diqqat!”, “Yugur!” buyruqlari bilan oraligʻi 120 sm boʻlgan ikki tomonidan chizilgan, 10 metr masofali yoʻlakcha ichida zigzag (ilon izi) shaklida yugurish orqali bajariladi. Yugurish jarayonida burilishlarda oyoq uchlari chiziqdan tashqariga chiqmagan holda bajarilgan mashq hisobga olinmaydi. Ushbu mashq uch urinishda bajariladi va eng yaxshi natija hisobga olinadi. Natija 0,1 soniyagacha aniqlanadi;
turnikda tortilish — mashq turnikka ikki qoʻlda toʻgʻri osilib turgan hamda oyoqlar yerga tegmagan holatda, iyak turnik poyasidan oʻtgunga qadar qoʻllarni bukish orqali bajariladi. Mashq bajarish jarayonida oyoqlarni kerish yoki bukish, tanani harakatsiz holatda egish, oyoqlar bilan siltanma harakatlar qilish hamda iyak turnik poyasidan oʻtmagunga qadar tortilish orqali bajarilmagan harakatlar hisobga olinmaydi;
yugurib kelib uzunlikka sakrash — mashq yugurib kelib belgilangan chiziqdan depsinib sakrash orqali bajariladi. Depsinish jarayonida oyoq uchlari belgilangan chiziqdan oʻtib ketishi orqali bajarilgan sakrash hisobga olinmaydi. Ushbu mashq uch urinishda bajariladi va eng yaxshi natija hisobga olinadi. Natija depsinish chizigʻidan to tananing birorta aʼzosi yerga tekkan joygacha boʻlgan masofani oʻlchash orqali aniqlanadi;
joyidan uzunlikka sakrash — mashq oyoqlar yelka kengligida turgan holatda, belgilangan sakrash chizigʻidan qoʻllarni oldinga-yuqoriga siltab, ikki oyoqda oldinga depsinib sakrash orqali bajariladi. Ushbu mashq uch urinishda bajariladi va eng yaxshi natija hisobga olinadi. Natija depsinish chizigʻidan to oyoq tovoni yerga tekkan joygacha boʻlgan masofani oʻlchash orqali aniqlanadi.
Umumiy jismoniy tayyorgarlik boʻyicha normativlarni bajarish metodikasiga ILOVA
Umumiy jismoniy tayyorgarlik boʻyicha
NORMATIVLAR
T/r Normativlar Baholash 5 ball 4 ball 3 ball 2 ball 0 ball 1. 30 metrga yugurish 5,3 soniya 5,8 soniya 6,5 soniya 6,8 soniya 6,9 soniya va undan yuqori 2. 1000 metrga yugurish 5,30 daqiqa 6 daqiqa 6,30 daqiqa 7 daqiqa 7 daqiqa 1 soniya va undan yuqori 3. “Mokisimon” yugurish (4 x 10 metr) 11 soniya 11,5 soniya 12 soniya 12,5 soniya 12,6 soniya va undan yuqori 4. Turnikda tortilish 5-marta 4-marta 3-marta 2-marta 2-martadan kam 5. Yugurib kelib uzunlikka sakrash 3 metr 2,60 metr 2,30 metr 2 metr 2 metrdan kam 6. Joyidan uzunlikka sakrash 1,60 metr 1,40 metr 1,20 metr 1 metr 1 metrdan kam
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi Sportning milliy kurash turiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatga oʻquvchilarni tanlab olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha normativlarni bajarish
METODIKASI
1. Maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha ixtisoslik imtihoniga qoʻyiladigan eng yuqori ball — 70 ballni tashkil qiladi.
2. Maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha ixtisoslik imtihonida oʻquvchi mazkur metodikaning ilovasida koʻrsatilgan normativlarni bajaradi. Bunda:
“koʻprik” holatida boshda aylanish — mashq “koʻprik” holatida boshni kurash gilamiga qoʻyib, bir nuqta boʻylab aylanish orqali bajariladi. Mashqni bajarish uchun qoʻllar tepaga koʻtarilgan, oyoqlar yelka kengligida tik turgan holatda oyoqlar tizzadan bukilib, tovonlar kurash gilamiga tayanadi hamda bosh orqaga tashlanadi. Beldan orqa tomonga egilgan holda qoʻllar kurash gilamiga tayanib, “koʻprik” holatiga tushiladi. Bosh kurash gilamiga qoʻyilib, qoʻllar yordamisiz nuqta boʻylab oʻng yoki chap tomonga aylaniladi. Oʻng yoki chap tomonga aylanish oʻquvchining xohishiga koʻra tanlanadi. Natija mashq harakatlarining soni va sifat koʻrsatkichlari asosida baholanadi;
“koʻprik” holatida qoʻlda aylanish — mashq “koʻprik” holatida qoʻllar bilan kurash gilamiga tayanib, oʻng va chap tomonga oyoq harakatlari bilan aylanish orqali bajariladi. Mashqni bajarish uchun qoʻllar tepaga koʻtarilgan, oyoqlar yelka kengligida tik turgan holatda oyoqlar tizzadan bukilib, tovonlar kurash gilamiga tayanadi hamda bosh orqaga tashlanadi. Beldan orqa tomonga egilgan holda qoʻllar kurash gilamiga tayanib, “koʻprik” holatiga tushiladi. Qoʻllar kurash gilamiga qoʻyilib, tananing qoʻldan boshqa aʼzolari kurash gilamiga tegmagan holda doirasimon shaklda oʻng va chap tomonlarga aylaniladi. Oʻng yoki chap tomonga aylanish oʻquvchining xohishiga koʻra tanlanadi. Natija mashq harakatlarining soni va sifat koʻrsatkichlari asosida baholanadi.
“koʻprik” holatida tik turish — mashq “koʻprik” holatida qoʻllar bilan kurash gilamiga tayanib, muvozanatni saqlagan holda qayta tik turish orqali bajariladi. Mashqni bajarish uchun qoʻllar tepaga koʻtarilgan, oyoqlar yelka kengligida tik turgan holatda oyoqlar tizzadan bukilib, tovonlar kurash gilamiga tayanadi hamda bosh orqaga tashlanadi. Beldan orqa tomonga egilgan holda qoʻllar kurash gilamiga tayanib, “koʻprik” holatiga tushiladi. 2-3 soniya muvozanat ushlab turilgandan soʻng qayta tik turish holatiga qaytiladi. Natija mashq harakatlarining soni va sifat koʻrsatkichlari asosida baholanadi.
“koʻprik” holatida oyoqlarni old va orqaga tashlash — mashq “koʻprik” holatida qoʻllarga tayanib, oyoqlarni old va orqa tomonga tashlash orqali bajariladi. Mashqni bajarish uchun qoʻllar tepaga koʻtarilgan, oyoqlar yelka kengligida tik turgan holatda oyoqlar tizzadan bukilib, tovonlar kurash gilamiga tayanadi hamda bosh orqaga tashlanadi. Beldan orqa tomonga egilgan holda qoʻllar kurash gilamiga tayanib, “koʻprik” holatiga tushiladi. Qoʻllar kurash gilamiga qoʻyilib, old va orqa tomonga tananing qoʻldan boshqa aʼzolari gilamga tegmagan holda umbaloq oshiladi. Natija mashq harakatlarining soni va sifat koʻrsatkichlari asosida baholanadi.
“qoʻshsha” usulini bajarish — mashq bir qoʻl bilan raqibning oʻng yoki chap tirsagi tag qismidan, ikkinchi qoʻl bilan raqib yoqasining orqa qismidan ushlagan holda raqibni oʻng yoki chap yon tomondan oshirib gilamga yiqitish orqali bajariladi. Mashqni bajarish davomida raqibning ikki oyogʻini birdaniga yon tomondan oʻtkazmasdan bajarilgan mashq hisobga olinmaydi. Mashqni oʻng yoki chap tomondan boshlab bajarish oʻquvchining xohishiga koʻra tanlanadi. Natija mashq harakatlarining soni va sifat koʻrsatkichlari asosida baholanadi.
bellashuv — sportning milliy kurash turi boʻyicha musobaqa qoidalariga binoan ikki raqib oʻrtasida 4 daqiqa davomida oʻtkaziladi. Bunda “halol” bahosi uchun 45 ball, “yonbosh” bahosi uchun 30 ball, “chala” bahosi uchun 15 ball beriladi. Belgilangan vaqt mobaynida koʻproq ball toʻplagan yoki ogohlantirish (“tanbeh”, “dakki”) olmagan yoxud nisbatan kam olgan oʻquvchi gʻolib boʻlgan hisoblanadi. 4 daqiqa davomida gʻolib aniqlanmasa, raqiblardan biri ijobiy natija koʻrsatgunga qadar musobaqa davom ettiriladi. Natija oʻquvchilarning toʻplagan ballari asosida aniqlanadi.
Maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha normativlarni bajarish metodikasiga ILOVA
Maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha
NORMATIVLAR
T/r Normativlar Baholash 1. “Koʻprik” holatida boshda aylanish 6-marta — 5 ball 5-marta — 4 ball 4-marta — 3 ball 3 — 0-marta — 0 ball 2. “Koʻprik” holatida qoʻlda aylanish 6-marta — 5 ball 5-marta — 4 ball 2-marta — 3 ball 1-0-marta — ball 3. “Koʻprik” holatida tik turish 6-marta — 5 ball 5-marta — 4 ball 2-marta — 3 ball 1-0-marta — ball 4. “Koʻprik” holatida oyoqlarni old va orqaga tashlash 6-marta — 5 ball 5-marta — 4 ball 2-marta — 3 ball 1-0-marta — ball 5. “Qoʻshsha” usulini bajarish 8-marta — 5 ball 6-marta — 4 ball 3-marta — 3 ball 2-0-marta — ball 6. Bellashuv “halol” bahosi — 45 ball “yonbosh” bahosi — 30 ball “chala” bahosi — 15 ball 0
