Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida (407-II-son)
18.11.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan taqdim etilib, muhokama qilish mobaynida Qonunchilik palatasi deputatlarining fikr-mulohazalari va takliflari hisobga olingan holda maromiga yetkazilgan Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yilgi Davlat budjeti loyihasini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yilgi Davlat budjeti hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari Davlat budjeti taqchilligining eng yuqori darajasi yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 1,0 foiz miqdorida belgilangan holda qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati:
mamlakatni makroiqtisodiy jihatdan barqaror, jadal va muvozanatli rivojlantirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsin;
aholi daromadlari va turmush darajasini oshirishga qaratilgan iqtisodiy oʻsishning yuqori darajalariga erishilishini taʼminlasin;
iqtisodiyotdagi tarkibiy oʻzgarishlarni davom ettirsin, yuqori texnologiyali hozirgi zamon tarmoqlari va ishlab chiqarishlari ildam rivojlantirilishini, chet el investitsiyalari keng jalb etilishini va chet el investorlari uchun yanada maqbul sharoitlar yaratilishini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi mahsulotining eksporti ragʻbatlantirilishini taʼminlasin;
samarali investitsiya siyosati oʻtkazish va strategik ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish orqali ishlab chiqarishni yanada modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini tezkor yangilash uchun maqbul sharoitlar yaratsin;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan soliq maʼmuriyatchiligi soddalashtirilishi, soliq solish obyektlarini kamaytirib koʻrsatish va yashirish faktlarining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar koʻrsin;
infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini kompleks hamda tezkor rivojlantirish borasidagi ishlarni kuchaytirsin;
budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishiga va ularning asossiz sarflanishiga gʻazna ijrosi orqali barham berish ustidan nazorat qilinishini taʼminlasin;
ish haqi, stipendiyalar, ijtimoiy nafaqalar va pensiyalarning miqdorlarini izchil ravishda inflyatsiya surʼatlariga nisbatan ildam oshirib borish, ijtimoiy nafaqalar, kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam va kompensatsiya toʻlovlari uchun mablagʻlarni oʻz vaqtida moliyalashtirish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilishini davom ettirsin;
2012-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi soʻzsiz bajarilishi yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsin;
inflyatsiyaning belgilangan eng yuqori darajasidan oshib ketishiga yoʻl qoʻyilmasligini taʼminlasin, shuningdek Davlat budjeti taqchilligi noinflyatsiyaviy manbalar hisobiga moliyalashtirilishini nazarda tutsin.
3. Mahalliy davlat hokimiyati organlari Davlat budjetining koʻrsatkichlari soʻzsiz bajarilishini, mahalliy budjetlarning xarajatlari sifatli rejalashtirilishi va ular oʻz vaqtida moliyalashtirilishini, budjet tashkilotlari tomonidan budjet mablagʻlarining maqsadsiz va gʻayriqonuniy sarflanishining oldi olinishini taʼminlasin, mintaqalarning soliq solinadigan bazasini kengaytirish va moliyaviy salohiyatini mustahkamlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsin.
4. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin.
5. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOSHMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2011-yil 18-noyabr,
407-II-son
