Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2004-yildagi va 2005-yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisida (59-I-son)
23.08.2005
Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2004-yildagi va 2005-yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tinglab va muhokama etib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi shuni taʼkidlaydiki, Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining hamda uning joylardagi boʻlinmalarining oʻtgan davrdagi faoliyati atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini taʼminlashga hamda ekologik vaziyatni sogʻlomlashtirish ishlarini amaliy jihatdan tashkil etishga qaratildi.
Tabiiy muhit holatining barqarorlashib va yaxshilanib borish tamoyili koʻrina boshladi, ifloslantiruvchi moddalarni atmosferaga chiqarib tashlash va iflos oqova suvlarni oqizish hollari kamayib bormoqda, chiqindilardan ikkilamchi tarzda foydalanish koʻlami kengaymoqda. Tayyorlanishida Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi ishtirok etgan “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Qonun (yangi tahrirda) hamda 50 dan ortiq normativ- huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Axborot markazi ochildi, yanada tozaroq texnologiyalar milliy markazi tashkil etildi.
Biroq Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining tabiatni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan foydalanish sohasida idoralardan ustun turuvchi va muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organ sifatidagi ishi qoʻyilayotgan talablarga hozircha toʻla-toʻkis javob berayapti deb boʻlmaydi.
Tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini oʻtkazish yuzasidan vazirliklar va idoralarning ishlarini muvofiqlashtirib borishda kamchiliklar mavjud. Atrof muhitni muhofaza qilishning 1999 — 2005-yillarga moʻljallangan harakat dasturida nazarda tutilgan toʻrtta tadbir bajarilmagan. Atrof muhit monitoringini olib boruvchi axborot-tahlil markazi tashkil etilmagan.
Qashqadaryo, Sirdaryo, Xorazm viloyatlarida va Qoraqalpogʻiston Respublikasida oqova suvlarni tozalash inshootlari qoniqarsiz ishlamoqda. Buxoro, Jizzax, Navoiy, Toshkent viloyatlarida va Qoraqalpogʻiston Respublikasida sanoat korxonalaridan chiqindilar chiqarib tashlash koʻpayib bormoqda. Atmosferaga ifloslantiruvchi moddalarni chiqarishni kamaytirish, shu jumladan avtomobil transportlaridan shunday moddalar chiqarilishini kamaytirish hamda energiyaning muqobil manbalaridan foydalanish tadbirlarini bajarish surʼatlari yetarli emas. Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishning milliy strategiyasi va harakat rejasi ishlab chiqilmagan. Yer osti boyliklarini, umuman olganda yer qaʼrini muhofaza qilish, ayniqsa keng tarqalgan foydali qazilmalarni qazib olish ustidan nazorat yetarlicha samara bilan olib borilmayapti.
Atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari boʻyicha korxonalardan qarzlarni undirish ishlari sust olib borilmoqda. Xoʻjalik sudlarining hal qiluv qarorlari qabul qilinganidan keyin korxonalar tomonidan toʻlangan toʻlov summalari qarz summalarining atigi 28,3 foizini tashkil etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi B.B. Alixonovning Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2004-yildagi va 2005-yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti tasdiqlansin.
2. Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomning hamda Oʻzbekiston Respublikasi Atrof muhitni muhofaza qilishning 2006 — 2010-yillarga moʻljallangan harakat dasturining loyihalarini maromiga yetkazsin va ularni 2005-yilning 1-oktabriga qadar Oliy Majlis Senati koʻrib chiqishi uchun kiritsin;
atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi normativ-huquqiy, uslubiy va axborot bazasini takomillashtirish ishlarini davom ettirsin;
tabiiy resurslardan foydalanish ustidan davlat nazoratini amalga oshirishda, tabiatni muhofaza qilish dasturlarini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etishda atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari bilan oʻzaro hamkorlikni kuchaytirsin.
3. Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
tabiiy muhit holati monitoringini olib boruvchi axborot-tahlil markazini tashkil etsin;
Atrof muhitni muhofaza qilishning 1999 — 2005-yillarga moʻljallangan harakat dasturini amalga oshirish ishlarini kuchaytirsin;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanishning iqtisodiy mexanizmini takomillashtirsin hamda amaliyotga keng joriy etsin;
atrof muhitni ifloslantiruvchi manbalar hamda atrof muhit holati monitoringini olib borish, tabiatni muhofaza qilish faoliyatini axborot bilan taʼminlash tizimini takomillashtirsin;
Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishning milliy strategiyasi va harakatlar rejasini ishlab chiqsin.
4. Quyidagilar tavsiya etilsin:
Iqtisodiyot va Moliya vazirliklariga:
atrof muhitni muhofaza qilishning 1999 — 2005-yillarga moʻljallangan harakat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning bajarilishi uchun budjet mablagʻlari oʻz vaqtida ajratilishini taʼminlash;
atrof muhitni moliyalashtirish uchun bir foizli ekologik soliq mablagʻlarini jalb etish toʻgʻrisida takliflar tayyorlash.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga:
atrof muhitni muhofaza qilishning 1999 — 2005-yillarga moʻljallangan hududiy harakat dasturlari bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish;
tabiatni muhofaza qilishning nazarda tutilgan tadbirlari bajarilishini taʼminlash hamda bu tadbirlarni moliyalashtirish manbalarini qidirib topish.
Toshkent viloyat hokimligiga Yangiyoʻl shahrida qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash zavodi qurilishining texnik-iqtisodiy asoslariga doir ishlarni jadallashtirish.
5. Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Fanlar akademiyasi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda energiyaning muqobil turlari texnologiyalarini joriy etish tadbirlarini ishlab chiqsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi tasdigʻiga kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi M. ShARIFXOʻJAYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 23-avgust,
59-I-son
