Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2004-yil yuzasidan hisoboti toʻgʻrisida (58-I-son)
23.08.2005
Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2004-yildagi faoliyati yakunlari yuzasidan hisobotini tinglab, “Deloyt end Tush” xalqaro auditorlik kompaniyasining xulosasini maʼlumot uchun qabul qilib hamda Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi qarorini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2004-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning 2005-yil 28-yanvarda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisidagi maʼruzasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar hamda “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonun talablaridan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki:
2005-yilda qatʼiy pul-kredit siyosatini amalga oshira borib, pul muomalasini mustahkamlasin, milliy valyuta va uning ayirboshlash kursi barqarorligini taʼminlasin;
pul-kredit siyosatini makroiqtisodiy va budjet koʻrsatkichlariga muvofiq holda olib borsin, pul agregatlarini boshqarishda monetar siyosatning bozor vositalaridan foydalanilishini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini koʻrsin;
pul bozoridagi talab va taklifdan kelib chiqib, pul qadrsizlanishining joriy va kutilayotgan darajasini inobatga olib, qayta moliyalash stavkasini qayta koʻrib chiqsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Uy-joy qurilishi va uy-joy bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2005-yil 16-fevralda qabul qilingan PQ-10-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida ipoteka kreditlari ajratishning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish chora-tadbirlarini koʻrsin;
tijorat banklari barqarorligini mustahkamlash, banklarni kapitallashtirish, ularning ustav va aylanma mablagʻlarini koʻpaytirish, kredit qoʻyilmalari, mablagʻlari hamda resurslari majmuini sogʻlomlashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar koʻrsin;
bundan buyon ham bank tizimiga boʻlgan ishonchni yanada oshirish, aholi jamgʻarmalarini banklarga jalb qilish ishlarini kengaytirish, shuningdek koʻrsatilayotgan bank xizmatlari sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlarini koʻrsin;
hisob-kitoblar tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha, shu jumladan plastik hamda korporativ kartochkalar orqali hisob-kitoblar tizimini rivojlantirish boʻyicha zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etsin.
3. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi tasdigʻiga kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi M. ShARIFXOʻJAYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 23-avgust,
58-I-son
