Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yoʻnaltirilgan tarzda qoʻllab-quvvatlashning 2002-2003-yillarga moʻljallangan dasturi toʻgʻrisida (306-II-son)
06.12.2001
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yoʻnaltirilgan tarzda qoʻllab-quvvatlashning 2002-2003-yillarga moʻljallangan dasturini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yoʻnaltirilgan tarzda qoʻllab-quvvatlanishning 2002-2003-yillarga moʻljallangan dasturi maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
aholining ijtimoiy himoya qilinishini taʼminlashga yoʻllanayotgan budjet mablagʻlaridan ular aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga yoʻnaltirilganligini kuchaytirishni nazarda tutgan holda foydalanish samaradorligini oshirish;
aholini ijtimoiy himoya qilishga yoʻllanayotgan mablagʻlarning taqsimlanishi uchun masʼul boʻlgan fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining moliyaviy negizini mustahkamlash;
davlat ijtimoiy madadini oluvchilar qatorini bir yoʻla ana shunday yordamga muhtojlikni belgilashning qoʻshimcha mezonlarini joriy etgan holda kengaytirish;
kam taʼminlangan oilalarning mehnatga qobiliyatli aʼzolari iqtisodiy faolligini oshirish uchun qulay shart-sharoit yaratish hamda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga yoʻllanayotgan kredit resurslarining hajmlarini koʻpaytirish hisobiga aholining anchagina qismini kam taʼminlanganlar toifasidan chiqarish;
yoshlarni taʼlim jarayoniga faol jalb qilish, yangi tipdagi oʻquv yurtlarining (akademik litseylar, kasb-hunar kollejlarining) nufuzini oshirish, kam taʼminlangan oilalarga mansub oʻquvchilarning darsliklar va oʻquv adabiyotlaridan erkin foydalana olishini taʼminlash;
qishloq joylarda taʼlim jarayonining sifat darajasini oshirish;
pensiya taʼminoti tizimini yanada takomillashtirish va kuchaytirish;
davlat mablagʻlaridan belgilangan maqsadda foydalanish ustidan jiddiy nazoratni taʼminlash yuzasidan zarur chora-tadbirlarni koʻrsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
2001-yil 6-dekabr,
306-II-son
