Metallurgiya mahsulotlarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida (319-son)
06.11.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, metallurgiya mahsulotlarining xavfsizligiga yagona talablarni belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Metallurgiya mahsulotlarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament ilovaga muvofiq tasdiqlansin va rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab olti oy ichida amaliyotga joriy etilsin.
2. “Oʻzstandart” agentligi vakolatli organlar bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Umumiy texnik reglament amaliyotga joriy etilgan kundan boshlab, belgilangan tartibda, metallurgiya mahsulotlariga majburiy talablarni belgilovchi standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlarni qoʻllashda ularning majburiyligini bekor qilish va ixtiyoriyligini taʼminlash choralarini koʻrsin.
3. “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” va “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatlari, “Oʻzstandart” agentligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda aholi, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tadbirkorlik subyektlarini tasdiqlangan Umumiy texnik reglamentning maqsadlari, mazmuni va uni qoʻllash tartibi toʻgʻrisida keng xabardor qilishni taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari U.U. Rozuqulov va Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 6-noyabr,
319-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 6-noyabrdagi 319-son qaroriga ILOVA
Metallurgiya mahsulotlarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament
I bob. Umumiy qoidalar
1-§. Umumiy texnik reglamentning maqsadlari va qoʻllanish sohasi
1. Mazkur Umumiy texnik reglament (keyingi oʻrinlarda — Texnik reglament) ushbu Texnik reglamentning 1-ilovasida keltirilgan roʻyxat boʻyicha metallurgiya mahsulotlarining xavfsizligiga doir talablarni belgilaydi.
2. Mazkur Texnik reglamentning talablari qimmatbaho, ishqoriy, ishqoriy-yer, nodir metallar, radioaktiv metallar, simob, rangli metallar, qotishmalar va qora metallar prokatini keyinchalik qayta ishlash natijasida olingan buyumlarga, shuningdek maxsus xossalarga ega legirlangan poʻlat prokatiga, ferroqotishmalarga va quvur ishlab chiqarish mahsulotlariga tatbiq etilmaydi.
2-§. Atamalar va taʼriflar
3. Mazkur Texnik reglament maqsadlari uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan tushunchalar, shuningdek quyidagi atamalar qoʻllaniladi:
alfa-zarrachalar — ikki proton va ikki neytrondan tashkil topgan va musbat zaryadga ega geliy atomlari yadrolari;
beta-zarrachalar — radioaktiv yadro chiqaradigan elektronlar (manfiy zaryadli) yoki pozitronlar (musbat zaryadli);
gamma-nurlanish — yadroviy oʻzgarishlar jarayonida yoki zarrachalar annigilyatsiyasida yuzaga keladigan foton nurlanish;
qimmatbaho metallar — agressiv muhitlarda yuqori kimyoviy barqarorlik, qiyin eruvchanlik, bolgʻalanuvchanlik va choʻziluvchanlikka ega rangli metallar (oltin, kumush, platina va platina guruhi metallari — palladiy, iridiy, rodiy, ruteniy va osmiy);
ionlashtiruvchi nurlanish — radioaktiv parchalanish, yadroviy oʻzgarishlar, zaryadlangan zarrachalarning moddada tormozlanishi vaqtida hosil boʻladigan, muhit bilan oʻzaro taʼsirlashganda turli ishorali ionlarni hosil qiladigan nurlanish;
ionlashtiruvchi nurlanish manbai — ionlashtiruvchi nurlanishni chiqaradigan yoki chiqarishi mumkin boʻlgan qurilma va (yoki) radioaktiv modda;
markirovka — mahsulotni identifikatsiya qilish va u haqdagi maʼlumotni isteʼmolchiga yetkazish maqsadida mahsulotga yoki qadoqqa tushiriladigan matn, shartli belgi va/yoki grafik tasvir koʻrinishidagi axborot;
metallurgiya mahsuloti — metall tarkibli xom ashyoni qayta ishlash jarayonida olingan metallurgiya korxonalarining asosiy mahsuloti;
qora metallar prokatining mexanik xavfsizligi — inson hayoti va sogʻligʻiga, jismoniy, yuridik shaxslar va davlat mol-mulkiga, atrof muhitga zarar yetkazish xavflarini istisno etish maqsadida konstruksiyalarni hisoblashda eʼtiborga olinadigan qora metallar prokatining ekspluatatsiya xususiyatlari majmui;
qora metallar prokati — prokat stanlarida issiq, iliq yoki sovuq prokatlash yoʻli bilan ishlab chiqariladigan mahsulot (maxsus xossalarga ega legirlangan poʻlat prokati va quvur ishlab chiqarish mahsulotlari bundan mustasno);
rangli metallar qotishmasi — ikki va undan ortiq metall yoki metall va nometallarni eritib qoʻshish orqali olingan metall material, bunda rangli metall asosiy hisoblanadi;
rangli metallar — temir, xrom, marganetsdan tashqari barcha turdagi metallar (mazkur Texnik reglament uchun qimmatbaho, ishqoriy, ishqoriy-yer va radioaktiv metallar, shuningdek litiy, rubidiy, seziy, berilliy, sirkoniy, gafniy, vanadiy, niobiy, tantal, molibden, volfram, galliy, indiy, talliy, germaniy, reniy bundan mustasno deb qabul qilinadi);
ekspluatatsiya xususiyatlari — mexanik xossalar va geometrik parametrlar majmui.
II bob. Metallurgiya mahsulotlariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Radiatsiyaviy xavfsizlik
4. Gamma-nurlanish ekvivalent dozasining maksimal quvvati 0,3 mkZv/soatdan oshmasligi kerak (tabiiy fon hissasi chiqarib tashlangan holda).
5. Metallurgiya mahsuloti sirtining alfa-zarrachalar bilan ifloslanishining yoʻl qoʻyiladigan maksimal koʻrsatkichlari 0,04 alfa-zarracha/(sm²×s)dan, beta-zarrachalar bilan esa 0,4 beta-zarracha/(sm²×s)dan oshmasligi kerak.
6. Gamma-nurlanish dozasining oshgani aniqlangan hollarda oʻlchovlarni amalga oshirayotgan tashkilot ionlashtiruvchi nurlanish manbaini izolyatsiya qilish choralarini koʻrishi va qonunchilikda belgilangan tartibda vakolatli organlarni xabardor qilishi kerak.
2-§. Qora metallar prokatining mexanik xavfsizligi
7. Qora metallar prokatining mexanik xavfsizligi ushbu Texnik reglamentning 2-ilovasida keltirilgan koʻrsatkichlarga rioya etilgan holatda olinadigan ekspluatatsiya xususiyatlari bilan taʼminlanadi.
8. Loyihalash va qurilishda qora metallar prokatining geometrik oʻlchamlari va poʻlat markalarini qoʻllash shaharsozlik va shaharsozlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi tomonidan tartibga solinadi.
III bob. Metallurgiya mahsulotlarini qadoqlashga qoʻyiladigan talablar
9. Metallurgiya mahsulotining qadogʻi ishonchli boʻlishi hamda tashish va saqlashda mahsulotning but saqlanishi va xavfsizligini taʼminlashi kerak.
1-§. Rangli metallarni qadoqlash
10. Chushka, quyma, katod, list koʻrinishida tayyorlanadigan rangli metallar massasi 1500 kg gacha boʻlgan paketlarga shakllantirilishi va poʻlat sim, katanka yoki lenta (shu jumladan polimer lenta) bilan bogʻlanishi kerak.
11. Chiviq, plita, kukun, granula, kichik quymalar koʻrinishida tayyorlanadigan rangli metallar polietilen qoplarga qadoqlanishi va yashiklar yoki konteynerlarga (yogʻoch, metall, plastik) joylanishi kerak. Bunda chiviq va plitalar koʻrinishidagi rangli metallar sof massasi 80 kg dan, kukun, granula va kichik quymalar esa 50 kg dan oshmagan holda qadoqlanadi.
2-§. Rangli metallar qotishmalarini qadoqlash
12. Chushka, plitka, quyma va chiviq koʻrinishida tayyorlangan rangli metallar qotishmalarini qadoqlash isteʼmolchining talabiga koʻra amalga oshiriladi.
13. Rangli metallar qotishmalarini qadoqsiz joʻnatishga yoʻl qoʻyiladi.
3-§. Qora metallar prokatini qadoqlash
14. Poʻlat prokati bogʻlamlarga qadoqlanadi. Sortli prokatni oʻramlarga va listli prokatni rulonlarga qadoqlashga yoʻl qoʻyiladi.
15. Chiviq koʻrinishidagi sortli va fasonli poʻlat prokati bogʻlamlarga qadoqlanadi. Oʻlchovli uzunlikdagi chiviqlar bogʻlamlarga qadoqlanganda bogʻlamlarning uchlari bir tomondan tekislanishi kerak. Bogʻlamlar zich qadoqlangan va mustahkam bogʻlangan boʻlishi kerak. Bitta bogʻlamning massasi 10 000 kg dan oshmasligi kerak.
16. Sortli va fasonli poʻlat prokati bogʻlamlarini bogʻlash uchun diametri 5,8 dan 8,0 mm gacha boʻlgan uglerodli poʻlat sim yoki katanka yoxud ularni koʻchirishda qadoqning but saqlanishini taʼminlaydigan boshqa turdagi bogʻlovchi materiallar qoʻllanilishi kerak.
17. Oʻramlardagi sortli poʻlat prokati oʻramlari chalkashmasdan joylanishi kerak. Bitta oʻramning massasi 3500 kg dan oshmasligi kerak.
18. Massasi 150 kg gacha boʻlgan oʻramlardagi sortli poʻlat prokati diametri 4 dan 4,2 mm gacha boʻlgan uglerodli poʻlat sim yoki katanka bilan diametral qarama-qarshi ikki joyidan, bogʻlam uchlarini kamida uch marta zich burab yoki koʻchirishda qadoqning but saqlanishini taʼminlaydigan boshqa turdagi bogʻlovchi materiallar bilan bogʻlanadi.
19. Massasi 150 dan 3500 kg gacha boʻlgan oʻramlardagi sortli poʻlat prokati diametri 6,0 dan 6,5 mm gacha boʻlgan uglerodli poʻlat sim yoki katanka bilan kamida toʻrt joyidan, kamida uch tolada va bogʻlam uchlarini kamida uch marta zich burab yoki koʻchirishda qadoqning but saqlanishini taʼminlaydigan boshqa turdagi bogʻlovchi materiallar bilan bogʻlanishi kerak.
20. Bogʻlamlarga qadoqlangan listli prokat boʻylama va koʻndalang yoʻnalishlarda mustahkam bogʻlangan boʻlishi kerak.
21. Qalinligi 2 mm dan kam va uzunligi 2 m dan ortiq boʻlgan listli prokat bogʻlamlarga qadoqlanganda pastdan maxsus yogʻoch (metall) bruslar yoki tagliklar mahkamlanishi kerak.
22. Rulonlarga qadoqlangan listli prokat zich oʻralgan va bir-ikkita aylanma yoki ikki-oltita radial bogʻlam bilan bogʻlangan boʻlishi kerak.
23. Bitta bogʻlam (rulon) massasi 15 000 kg dan oshmasligi kerak. Bunda isteʼmolchi bilan kelishilgan holda massasi 15 000 kg dan ortiq listli prokatni qadoqlashga yoʻl qoʻyiladi.
24. Listli prokatni bogʻlash uchun qalinligi 0,5 dan 2 mm gacha va eni 10 dan 30 mm gacha boʻlgan metall lenta, diametri 6 dan 8 mm gacha boʻlgan katanka yoki sim qoʻllaniladi.
Bogʻlashda lenta uchlari qulflar yoki ikki nuqtali payvand choki yordamida biriktiriladi. Katanka yoki sim uchlari kamida ikki-uch marta mustahkam buralishi kerak.
25. Poʻlatdan issiq prokatlangan va choʻyandan quyilgan maydalovchi sharlar qadoqsiz, uyum holda joʻnatiladi.
IV bob. Metallurgiya mahsulotlarini markirovkalashga qoʻyiladigan talablar
1-§. Rangli metallar va rangli metallar qotishmalarini markirovkalash
26. Rangli metallar va rangli metall qotishmalarining markirovkasi yorliqqa, etiketkaga va/yoki bevosita mahsulot yuzasiga tushiriladi.
27. Rangli metallar va rangli metallar qotishmalari paketlarga qadoqlanganda markirovka qadoqqa mahkamlanadigan yorliqqa, polietilen qoplar va yashiklarga qadoqlanganda esa qadoqqa yopishtiriladigan etiketkaga tushirilishi kerak.
28. Rangli metallar va rangli metallar qotishmalarining yorligʻi va etiketkasida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
ishlab chiqaruvchi mamlakat;
ishlab chiqaruvchining (sotuvchi yoki xorijiy ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili) nomi;
ishlab chiqaruvchining (sotuvchi yoki xorijiy ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili) yuridik manzili;
mahsulotning nomi va/yoki markasi;
ishlab chiqarilgan sana (oy, yil);
qadoqdagi mahsulot massasi (kg);
saqlash shartlari va/yoki manipulyatsion belgilar;
mahsulotga doir texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatning nomi (belgilanishi);
sertifikatlash toʻgʻrisidagi maʼlumot (majburiy sertifikatlanishi lozim boʻlgan mahsulotga nisbatan).
29. Ichki bozorga yetkazib beriladigan rangli metallar va rangli metallar qotishmalari markirovkasi matni davlat tilida boʻlishi kerak.
30. Rangli metallar va rangli metallar qotishmalarining chushkalari va quymalari yuzasiga markirovka tushirilganda ishlab chiqaruvchi zavod tamgʻasi, eritma raqami va mahsulotning nomi va/yoki markasi koʻrsatiladi.
31. Markirovka ishonchli, tekshirish mumkin boʻlgan, oson oʻqiladigan va mustahkam boʻlishi kerak.
32. Rangli metallar qotishmalari qadoqsiz joʻnatilganda har bir yetkazib beriladigan partiyaga mazkur Texnik reglamentning 28-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlar koʻrsatilgan hujjat ilova qilinishi kerak.
2-§. Qora metallar prokatini markirovkalash
33. Qora metallar prokatining markirovkasi qadoqqa mahkamlanadigan yorliqqa va/yoki bevosita mahsulot yuzasiga tushiriladi.
34. Qora metallar prokati bogʻlam, oʻram va rulonlarga qadoqlanganda markirovka yorliqqa tushirilishi kerak.
35. Bogʻlamlarga qadoqlangan qora metallar prokatiga ikkita yorliq mahkamlanishi kerak. Yorliqlar bogʻlamning ikki uchidan sim bilan bogʻichga mahkamlanishi kerak.
36. Massasi 150 kg gacha boʻlgan qora metallar prokati oʻramiga bitta yorliq, massasi 150 dan 3500 kg gacha boʻlgan oʻram yoki oʻramlar bogʻlamiga esa oʻramning (oʻramlar bogʻlamining) ikki tomonidan ikkita yorliq mahkamlanadi.
37. Qora metallar prokati yorligʻida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
ishlab chiqaruvchi mamlakat;
ishlab chiqaruvchining (sotuvchi yoki xorijiy ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili) nomi;
ishlab chiqaruvchining (sotuvchi yoki xorijiy ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili) yuridik manzili;
mahsulotning nomi va (yoki) klassi (toifasi, markasi, turi);
ishlab chiqarilgan sana (oy, yil);
poʻlat markasi;
eritma (partiya) raqami;
qadoqdagi mahsulot massasi (kg);
geometrik oʻlchamlar;
saqlash shartlari va/yoki manipulyatsiya belgilari;
mahsulotga doir texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatning nomi (belgilanishi);
sertifikatlash toʻgʻrisidagi maʼlumot (majburiy sertifikatlanishi lozim boʻlgan tovarga nisbatan).
38. Ichki bozorga yetkazib beriladigan qora metallardan tayyorlangan mahsulot qadogʻining markirovkasi matni davlat tilida boʻlishi kerak.
39. Qora metallar prokati yuzasiga markirovka quyidagicha tushiriladi:
a) davriy profilli armatura prokatini ishlab chiqarish jarayonida mustahkamlik klassi va rels turini mazkur Texnik reglamentning 2-ilovasiga muvofiq koʻrsatgan holda tamgʻalash yoʻli bilan;
b) listli prokat bogʻlamlarga qadoqlanganda yuqoridagi listga yuvilmaydigan boʻyoq bilan ishlab chiqaruvchi korxonaning nomi va/yoki belgisi, poʻlat markasi, eritma (partiya) raqami va geometrik oʻlchamlarni tushirish yoʻli bilan.
40. Listlar va keng tasmali prokat bogʻlamlarga qadoqlanganda markirovka har bir bogʻlamning yuqoridagi listi va tasmasiga yoki bogʻlam bogʻichlariga mustahkam mahkamlangan markirovkalangan kartaga (yorliqqa) tushiriladi.
41. Markirovka ishonchli, oson oʻqiladigan, puxta mahkamlangan va uzoq muddat saqlanadigan boʻlishi kerak.
V bob. Metallurgiya mahsulotlarini identifikatsiya qilish va sinovlar oʻtkazish
1-§. Identifikatsiya qilish
42. Identifikatsiya qilish deganda muvofiqlikni baholash maqsadida taqdim etilgan metallurgiya mahsulotining markirovkasida koʻrsatilgan muhim belgilariga aynan mosligini aniqlash tushuniladi.
43. Metallurgiya mahsulotini identifikatsiya qilish organoleptik va instrumental usullardan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Identifikatsiya qilishning organoleptik usuli mahsulotning nomi va turi (vazifasi), shuningdek uning aynan mosligi va tashqi koʻrinishiga xos belgilari boʻyicha amalga oshiriladi.
Massa va geometrik oʻlchamlarni identifikatsiya qilishning instrumental usuli amaldagi qiyoslash belgisi va/yoki qiyoslash guvohnomasiga ega oʻlchash vositalari bilan amalga oshiriladi.
44. Mahsulotni uning nomi, turi (vazifasi)ni oʻz ichiga olgan belgilar boʻyicha identifikatsiya qilish va mazkur Texnik reglament talablariga muvofiq uning xavfsizlik koʻrsatkichlariga muvofiqligini aniqlash quyidagilar tomonidan amalga oshiriladi:
uni muomalaga chiqarayotgan ishlab chiqaruvchi (sotuvchi);
sertifikatlashtirish organi, mahsulot muvofiqligini baholash va tasdiqlash maqsadida;
davlat nazorati organi, Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalada boʻlgan mahsulotning mazkur Texnik reglament talablariga muvofiqligini tekshirish maqsadida.
2-§. Namunalar olish qoidalari
45. Qora metallar prokatining mexanik xavfsizligini aniqlash uchun namunalar olish ekspluatatsiya xususiyatlarining mazkur Texnik reglament talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida amalga oshiriladi va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi amaldagi normativ hujjatlarga muvofiq bajariladi.
3-§. Sinovlarni oʻtkazish
46. Metallurgiya mahsulotlarining radiatsiyaviy xavfsizligini nazorat qilish mazkur Texnik reglamentning 3-ilovasida keltirilgan radiatsiyaviy-dozimetrik nazorat boʻyicha uslubiy koʻrsatmalarga muvofiq amalga oshiriladi.
47. Qora metallar prokatining mexanik xavfsizligini belgilovchi davriy profilli prokatning mexanik xossalari va beton bilan tishlashish koʻrsatkichlarini aniqlash boʻyicha sinov usullari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq tartibga solinadi.
VI bob. Oʻtish davri
48. Mazkur Texnik reglament kuchga kirgan paytdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida amal qiladigan va mazkur Texnik reglamentning 1-ilovasida nazarda tutilgan metallurgiya mahsulotlarining xavfsizligiga talablarni belgilovchi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar mazkur Texnik reglamentga muvofiqlashtirilgunga qadar unga zid boʻlmagan qismida qoʻllaniladi.
49. Mazkur Texnik reglament amalga kiritilgunga qadar qonunchilikka muvofiqligi majburiy tasdiqlanishi lozim boʻlgan metallurgiya mahsulotiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Milliy sertifikatlashtirish tizimida belgilangan qoidalar qoʻllaniladi.
50. Mazkur Texnik reglament kuchga kirguniga qadar metallurgiya mahsulotlariga olingan sanitariya-epidemiologik xulosalar va muvofiqlik sertifikatlari ushbu sertifikatlarda belgilangan muddat davomida amal qilishda davom etadi.
VII bob. Davlat nazoratini amalga oshirish tartibi
51. Mazkur Texnik reglament talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi hamda ularning hududiy organlari, shuningdek oʻz vakolatlari doirasida boshqa maxsus vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
VIII bob. Mazkur Texnik reglament talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlik
52. Mazkur Texnik reglamentni buzishda aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Metallurgiya mahsulotlarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentga 1-ILOVA
Xavfsizlik talablari belgilanadigan metallurgiya mahsulotlari
ROʻYXATI
1. Rangli metallar:
birlamchi aluminiy: chushka, list va chiviq koʻrinishida;
vismut: quyma va granula koʻrinishida;
kadmiy: chushka, plitka va chiviq koʻrinishida;
kobalt: quyma, katod listlari, plastinalar koʻrinishida;
magniy: chushka koʻrinishida;
mis: katod listlari, chushka, quyma, quyma buyumlar, kukun koʻrinishida;
birlamchi nikel: katod listlari, tasmalar, plastinalar, qirqimlar, granulalar va quymalar koʻrinishida;
qalay: chushka, blok va chiviq koʻrinishida;
ammoniy perrenati (reniy kislotali ammoniy): kukunsimon;
qoʻrgʻoshin: chushka, quyma va blok koʻrinishida;
texnik selen: quyma, granula va kukun koʻrinishida;
surma: chushka, quyma va plastina koʻrinishida.
texnik tellur: kukun va quyma koʻrinishida;
titan: chushka va list koʻrinishida;
birlamchi rux: chushka, blok va kukun koʻrinishida.
2. Rangli metallar qotishmalari.
3. Qora metallar prokati:
sortli poʻlat prokati;
fasonli poʻlat prokati;
listli poʻlat prokati (listlar, tasmalar);
poʻlatdan issiq prokatlangan maydalovchi sharlar;
choʻyandan quyilgan maydalovchi sharlar.
Metallurgiya mahsulotlarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentga 2-ILOVA
Qora metallar prokatining mexanik xavfsizligini taʼminlovchi davriy profilli prokatning mexanik xossalari va tishlashish koʻrsatkichlariga talablar
I. Mexanik xossalar
Izoh: ( — ) belgisi koʻrsatkich aniqlanmasligini anglatadi.
Izohlar: (—) belgisi koʻrsatkich aniqlanmasligini koʻrsatadi.
* Qalinligi 5 mm boʻlgan profil uchun zarbiy qovushqoqlik normasi — 49 Dj/sm2.
* Mustahkamlik klassini taʼminlovchi poʻlat markalari: st3sp, 09G2S, 09G2, 10G2S, 14G2, 15GF, 15XSND, 10G2S1, 10XNDP, 10G2B, 15G2SF
Izoh: ( — ) belgisi koʻrsatkich aniqlanmasligini anglatadi.
Izoh: mustahkamlik klassi buyurtma qilinganda 265 poʻlat markasidan 16GS vaqtinchalik qarshilik kamida 450 N/mm2 boʻlishi kerak; 12GS poʻlat markasidan 315 mustahkamlik klassi buyurtma qilinganda nisbiy uzayish kamida 26,0 % boʻlishi kerak; 345 poʻlat markasidan 17GS mustahkamlik klassi buyurtma qilinganda nisbiy uzayish kamida 23,0 %.boʻlishi kerak.
* Qalinligi 5 mm boʻlgan listlar va tasmalar uchun zarbiy qovushqoqlik normasi 39 Dj/sm2.
** Qalinligi 5 mm boʻlgan listlar va tasmalar uchun zarbiy qovushqoqlik normasi 34 Dj/sm2.
Izohlar:
1. Belgi (—) koʻrsatkich aniqlanmasligini anglatadi.
2. S590K poʻlat uchun oquvchanlik chegarasi va vaqtinchalik qarshilikni 49 N/mm2 , nisbiy uzayishni esa 2 % ga kamaytirishga yoʻl qoʻyiladi.
3. S590KSH poʻlat uchun minus 70°S haroratda zarbiy qovushqoqlik kamida 49 Dj/sm2.
4. S590 va S590K poʻlat uchun egilish sinovi 120° gacha yirtilish va yoriqlarsiz egilishga hamda 180° gacha ikki alohida qismga ajralmasdan qoʻshimcha egilishga bardosh berishi kerak.
Izohlar:
1. Belgi (—) koʻrsatkich aniqlanmasligini anglatadi.
2. Armatura prokati klassi uchun A600 nominal diametri 18 mm markadagi poʻlatdan 80S sovuq holatda egilish normasi kamida 30°.
3. Armatura prokati klassi uchun A 300 nominal diametri 20 mm dan yuqori — s = 4d.
4. Armatura prokati klassi uchun mustahkamlik At 1200 yetkazib berish holatida shartli oquvchanlik chegarasini quyidagicha kamaytirishga yoʻl qoʻyiladi: 1150 N/mm2.
5. Mustahkamlik klasslaridagi armatura prokatini sinashda At 800, At 1000, At 1200 prokatlashdan bevosita keyin plastiklik koʻrsatkichlarini 1% ga kamaytirishga yoʻl qoʻyiladi.
Izoh: ( — ) belgisi koʻrsatkich aniqlanmasligini anglatadi.
Izohlar:
1. Belgi (—) koʻrsatkich aniqlanmasligini anglatadi.
2. Isteʼmolchi bilan kelishuvga koʻra vaqtinchalik qarshilikni kamaytirishga yoʻl qoʻyiladi:
termik mustahkamlanmagan relslar uchun — gacha 785 N/mm2;
termik mustahkamlangan relslar uchun — gacha 1080 N/mm2.
Izoh: ( — ) belgisi koʻrsatkich aniqlanmasligini koʻrsatadi.
II. Davriy profilli prokatning tishlashish koʻrsatkichlari
Davriy profilli prokatning beton bilan tishlashish qiymati prokat diametriga bogʻliq va koʻndalang qovurgʻalar ezilishining nisbiy maydoni sifatida aniqlanadi (fR).
Metallurgiya mahsulotlarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentga 3-ILOVA
Metallurgiya mahsulotlarini radiatsiyaviy-dozimetrik nazorat qilish boʻyicha uslubiy koʻrsatmalar
1. Radiatsiyaviy-dozimetrik nazoratni oʻtkazish ishlariga maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan, radiologik tadqiqotlar oʻtkazish uchun ruxsatga ega hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq uni oʻz vaqtida, toʻliq va ishonchli amalga oshirish uchun javobgar boʻlgan xodimlar qoʻyiladi.
2. Radiatsiyaviy-dozimetrik nazoratni oʻtkazish apparaturasi belgilangan tartibda davriy ravishda qiyoslash, kalibrlash va solishtirishdan oʻtishi hamda har yilgi davlat qiyoslashidan oʻtganligini tasdiqlovchi guvohnomaga ega boʻlishi kerak.
3. Ionlashtiruvchi nurlanishlarni qayd etish uchun moʻljallangan dozimetrik apparatura 5 KeV dan 3 MeV gacha boʻlgan energiyalar oraligʻida minimal “qattiqlik boʻyicha yurish”ga, 0,01 dan 103 mkZv/soatgacha sezgirlik diapazoniga ega boʻlishi, tor ionlashtiruvchi nurlanish dastalari uchun detektor oʻlchamlari nisbatan kichik boʻlishi kerak.
4. Apparaturani oʻlchashlar oʻtkazishga tayyorlash uni ekspluatatsiya qilish boʻyicha yoʻriqnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Xonada radiatsiyaviy nurlanishning fon qiymatlarini oʻlchashda nazorat nuqtalari kirish joyida tanlanadi — dozimetr turli nuqtalardagi keyingi oʻlchashlarga nisbatan yuqoriroq sezgirlikka qoʻyiladi. Oʻlchashlar poldan 100 — 120 sm balandlikda amalga oshiriladi.
6. Yirik gabaritli metallurgiya mahsulotining bir birligini oʻlchash poldan kamida 1 m balandlikda bitta nuqtadan, ionlashtiruvchi nurlanish dastasini gorizontal perimetr boʻylab oʻlchashlar oraligʻi 3 m dan oshmagan holda koʻchirish orqali amalga oshiriladi.
7. Metallurgiya mahsuloti joylangan yirik gabaritli qadoqni oʻlchash barcha tomonlardan kamida 5 ta nuqtada amalga oshiriladi. Har bir nazorat nuqtasida kamida uchta ketma-ket oʻlchash oʻtkaziladi.
Oʻlchashlar asbobni oʻlchanayotgan obyektning barcha tomonlari boʻylab koʻchirish orqali amalga oshiriladi. Bunda asbobning deteksiya blokini oʻlchanayotgan yuzadan 10 sm masofada shunday joylashtirish kerakki, dozimetrist uni oʻz tanasi bilan ekranlamasin. Boʻrtiqlar (botiqlar) oʻlchami deteksiya bloki diametridan oshmaydigan tekis yassi yuza tanlanishi kerak.
8. Gamma-nurlanish darajalarini miqdoriy baholashda oʻlchash sharoitlarining natijalarga taʼsiri va oʻlchash xatoligi hisobga olinishi kerak.
9. Gamma-nurlanish boʻyicha ekvivalent doza quvvati (EDQ) qiymatini aniqlash natijasi sifatida nazorat nuqtalarida oʻlchashlar paytida olingan EDQ qiymatlarining eng kattasi qabul qilingan.
10. Fon qiymatlaridan 0,3 mkZv/soatdan koʻp boʻlmagan EDQ qiymati yoʻl qoʻyiladigan deb hisoblanadi.
11. Asbob koʻrsatkichlari va nazorat natijalari bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi.
