Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida (431-II-son)
12.12.2002
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan, Oliy Majlis deputatlarining muhokama mobaynida bildirgan taklif va mulohazalari hisobga olingan holda maromiga yetkazilgan Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yilgi Davlat budjeti loyihasini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yilgi Davlat budjeti budjet taqchilligining eng yuqori darajasi yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 2,0 foiz miqdorida belgilangan holda maʼqullansin.
Pul qadrsizlanishiga taalluqli boʻlmagan moliyalashtirish manbalari Davlat budjeti taqchilligini qoplash manbalari deb belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati (Oʻ. Sultonov):
iqtisodiyotning barqaror va izchil rivojlanishini, qatʼiy pul-kredit siyosati oʻtkazilishini, pul mablagʻlarining bankdan tashqari aylanishi qisqartirilishini, milliy valyutaning yanada mustahkamlanishini, ijtimoiy dasturlar ustuvor tarzda moliyalashtirilishini, budjet mablagʻlari iqtisod qilinishini taʼminlasin;
kichik va oʻrta tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning yalpi ichki mahsulotni shakllantirish hamda ichki bozorni mamlakatimizda ishlab chiqarilgan isteʼmol tovarlari bilan toʻldirishdagi rolini kuchaytirish uchun bunday tovarlarning raqobatbardoshliligiga alohida eʼtibor qaratgan holda qoʻshimcha omillar yaratsin;
Davlat budjeti taqchilligini pul qadrsizlanishiga taalluqli boʻlmagan manbalar hisobidan, shu jumladan xususiylashtirishdan tushadigan tushumlar, davlat maqsadli jamgʻarmalarining qoldiq mablagʻlari, respublika budjetining qoldiq mablagʻlari va tashqi qarzlar hisobidan moliyalashtirsin;
yilning har choragi boʻyicha moʻljallab qoʻyilgan makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning bajarilishi hamda Davlat budjeti ijrosi tahlili natijalari asosida Davlat budjetining koʻrsatkichlariga Davlat budjeti taqchilligining belgilangan doirasida, zaruratga qarab, aniqlik kiritib borsin.
3. Davlat budjetining 2003-yil 1-yanvargacha boʻlgan holatdagi taqchilligini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bergan kreditlar Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ichki qarziga oʻtkazilib, 2007-yildan boshlab 10 yil mobaynida teng ulushlarda undirilsin.
4. Mahalliy davlat hokimiyati organlari budjetga toʻlovlar toʻliq tushishini, xarajatlar mahalliy budjetlardan oʻz vaqtida moliyalashtirilishini taʼminlasinlar va budjet mablagʻlaridan foydalanish ustidan samarali nazorat oʻrnatsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
2002-yil 12-dekabr,
431-II-son
