Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2013-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisida (781-II-son)
26.11.2013
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2013-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2013-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Hisobot davrida Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi saʼy-harakatlarni 2013-yilgi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining asosiy parametrlari soʻzsiz ijro etilishiga, makroiqtisodiy barqarorlik hamda iqtisodiyotning yuqori surʼatlarda oʻsishi taʼminlanishiga yoʻnaltirsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining eʼtibori budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish, budjet toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishining oldini olish, tegishli mahalliy budjetlarga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻliq tushishini taʼminlash zarurligiga qaratilsin.
4. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOSHMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2013-yil 26-noyabr,
781-II-son
