Oʻta zararli va oʻta ogʻir mehnat sharoitlarida ishlayotgan ayollarning daromadiga imtiyozli soliq solish toʻgʻrisida (117-son)
17.03.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ogʻir ishlarda ishlayotgan ayollarning daromadlari darajasini oshirish, ularning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1999-yil 1-apreldan boshlab Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 12-maydagi 250-son qarori bilan tasdiqlangan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlar 1-roʻyxatining III qismida va 2-roʻyxatning I qismida koʻrsatilgan oʻta zararli va oʻta ogʻir mehnat sharoitlarida ishlayotgan ayollarning daromadiga soliq solish boʻyicha qoʻshimcha imtiyozlar belgilansin, ularning daromadlariga soliq solish darajasi 20 foizdan yuqori boʻlmasligi belgilab qoʻyilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 1-martdagi 72-son qarorining 1-bandi mazkur qarorning 1-bandida koʻrsatilgan oʻta zararli va oʻta ogʻir mehnat sharoitlarida ishlayotgan ayollarga nisbatan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi daromad soligʻi mazkur qarorga muvofiq toʻgʻri hisoblab chiqilishi va toʻlanishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
4. Vazirliklar va idoralar idoraviy meʼyoriy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari B.S. Hamidov va D.M. Gʻulomova zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 17-mart,
117-son
