Tumanda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida (691-q-son)
29.09.2015
samarqand viloyati Qoʻshrabot tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasi, (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 97-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi Nizomni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 34-son, 333-modda) ijrosini taʼminlash hamda tuman hokimligi Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining 2015-yil 9-sentabrdagi 289-sonli xatini koʻrib chiqib, tuman hududida joylashgan korxonalarda ish oʻrinlarining eng kam miqdorini belgilash yuzasidan berilgan takliflarni inobatga olib hamda Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunning 6-moddasiga asosan (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil 9-son, 320-modda) qaror qilaman:
1. Tuman hududida joylashgan, ishlayotgan xodimlarning oʻrtacha soni 20 nafardan ortiq boʻlgan korxona, tashkilot, muassasalarda 2016-yilda ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynaladigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish joylarini eng kam miqdori quyidagicha:
jumladan,
yolgʻiz ota, yolgʻiz ona hamda 14 yoshgacha va nogiron bolalari bor koʻp bolali ota-onalar uchun 23,0 % foiz ( 99 kishi);
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagan yoshlarga, shuningdek, oliy oʻquv yurtlarining davlat grantlari asosida taʼlim olgan bitiruvchilar uchun 56,0 % foiz (243 kishi);
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlarga 4,0 % (16 kishi);
nogironlar uchun 3,0 % ( 43 kishi);
tuman bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan, pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 1,0 % (2 kishi);
odam savdosidan jabrlanganlar uchun 2,0 % (5 kishi);
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy yoʻsindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslarga 5,0 % (20 kishi) miqdorida ish oʻrinlari zahirasi belgilansin.
2. Korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda kiynalayotgan shaxslar uchun ish joylarining koʻrsatib oʻtilgan miqdorini Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom”ga muvofiq belgilangan muddatlarda va tartibda yaratilishini (ajratilishini yoki band etib qoʻyilishini) hamda ish joylari sanitariya gigiyena normalariga va xodim oʻz majburiyatlarini bemalol bajarishini taʼminlaydigan mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishini taʼminlasinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisidagi Nizom”ga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarini tuman hokimi tomonidan belgilangan miqdordan ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar ushbu ish oʻrinlarini tashkil etishga sarflangan mablagʻlarining bir qismini tuman bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash huquqiga ega ekanliklari inobatga olinsin.
4. Tuman bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (S. Toshnazarov) bir hafta muddatda mazkur qarorni tegishli korxona va tashkilot rahbarlariga yetkazsin hamda uning bajarilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
5. Tuman hokimining 2014-yil 24-sentabrdagi “Qoʻshrabot tumanida ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi 365-q-sonli qarori 2015-yil 31-dekabrdan boshlab quchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
7. Ushbu qaror ijrosining bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari Z. Mamadoliyev zimmasiga yuklatilsin.
Hokim O. ALIXODJAYEV
Qoʻshrabot t.,
2015-yil 29-sentabr,
691-q-son
