Oʻzbekiston Respublikasining “Xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvonini taʼsis etish toʻgʻrisida (683-XII-son)
11.08.1992
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi RAYoSATIning
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvoni taʼsis etilsin.
2. “Xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvoni toʻgʻrisidagi nizom hamda koʻkrak nishonining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinmoqda).
3. Ushbu qaror tasdiq uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
1992-yil 11-avgust,
683-XII-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatining 1992-yil 11-avgustdagi 683-XII-son qarori bilan tasdiqlangan
Oʻzbekiston Respublikasining “Xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvoni toʻgʻrisidagi
NIZOM
1. “Xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvoni Olimpiya va Osiyo sport oʻyinlari, jahon, Osiyo chempionlari, birinchiliklari, “A” toifasidagi boshqa xalqaro munosabatlar, Paraolimpiya oʻyinlari yoki Nogironlar Butunjahon oʻyinlarining chempionlari va sovrindorlariga tayyorlagan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro toifadagi 3 nafar sport ustasini tayyorlaganlik uchun trenerlarga, Oʻzbekiston Respublikasida fizkultura va tayyorlaganlik uchun trenerlarga, Oʻzbekiston Respublikasida fizkultura va sportni rivojlantirishda xizmatlari boʻlgan va bu sohada kamida 10 yil benuqson ishlagan boshqa shaxslarga beriladi.
2. “Xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvoni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan beriladi.
3. “Xizmat koʻrsatgan sport ustozi” unvonini berish toʻgʻrisidagi iltimosnoma sport jamiyatlari va tashkilotlarining mehnat jamoalari yigʻilishida muhokama qilinadi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati yoki Vazirlar Kengashida, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan koʻrib chiqiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasiga taqdim etiladi.
4. “Xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvoni berilgan shaxslarga belgilangan nusxadagi guvohnoma va koʻkrakka taqiladigan nishon topshiriladi.
5. “Xizmat koʻrsatgan sport ustozi” guvohnomasi va koʻkrakka taqiladigan nishoni tantanali va keng oshkoralik vaziyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan topshiriladi.
6. “Xizmat koʻrsatgan sport ustozi” nishoni koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
7. “Xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvonidan faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mahrum etishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatining 1992-yil 11-avgustdagi 683-XII-son qarori bilan tasdiqlangan
“Xizmat koʻrsatgan sport ustozi” koʻkrakka taqiladigan nishonining
TAVSIFI
27 X 18 mm hajmda boʻlgan koʻkrak nishoni neyzilberdan (kumush suvi yuritilgan) tayyorlanadi.
Nishonning yuqori qismi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining rangli tasviridan iborat.
Bayroqning quyida lenta tasviri boʻlib, unda bir satrga “Xizmat koʻrsatgan sport ustozi” soʻzlari yozilgan.
Nishonning quyi qismida stadionning uchta yugurish yoʻlkasi sxema tarzda tasvirlangan. Yugurish yoʻlkalarining cheka qismi nishonning quyi qismida yoy shaklidadir.
Nishonning pastki markaziy qismidan oʻngga yuqoriga yoʻnaltirilib, Davlat bayrogʻining pastki uchinchi qismiga qadar dafna daraxtining ikkita shoxi joylashgan boʻlib, ularning uch qismi lenta ostidan oʻtgan.
Lenta ostida dafna shoxlari oraligʻiga ikki satrga “sport ustozi ” soʻzlari yozilgan.
Yozuvlar, lenta va yugurish yoʻlkalarining tasviri qabariq.
Nishonning orqa tomonidan kiyimga burama mahkamlagich bor.
