Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibrohimovning “2011 – 2015-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi dastur geologiya, yoqilgʻi-energetika kompleksida, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoatida bajarilishining borishi haqida”gi axboroti toʻgʻrisida (592-II-son)
18.12.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 25-moddasiga muvofiq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Gʻ.I. Ibrohimovning “2011 – 2015-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi dastur geologiya, yoqilgʻi-energetika kompleksida, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoatida bajarilishining borishi haqida”gi axborotini eshitdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qayd etadiki, mustaqillik yillari mobaynida mamlakatimizda tuzilma hosil qiluvchi tarmoqlarni va umuman sanoatni rivojlantirishning jahon bozorida doimiy xaridorgir, qoʻshilgan qiymat ulushi yuqori boʻlgan raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan aniq, chuqur va har tomonlama puxta oʻylangan uzoq muddatli dasturini amalga oshirish yuzasidan tizimli chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Oʻzbekiston iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan chuqur, aniq maqsadli tarkibiy oʻzgartirishlar keyingi yillarda sanoatning yuksak surʼatlarda rivojlanishini barqaror taʼminlamoqda.
Mamlakatda eng koʻp darajada qulay ishchanlik muhitini yaratishga, demokratik bozor islohotlarini chuqurlashtirish va iqtisodiyotni erkinlashtirishga, uning raqobatbardoshligini oshirishga, mamlakat sanoatini muttasil va mutanosib rivojlantirishga, chet el investorlarini jalb etishga qaratilgan, xalqaro normalarga mos salmoqli qonunchilik bazasi shakllantirildi.
Sanoatni rivojlantirishning toʻgʻri tanlangan strategiyasi tufayli Oʻzbekiston jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi taʼsiri va tahdidlariga qarshi turibgina qolmay, balki iqtisodiyotni, ijtimoiy hamda gumanitar sohalarni rivojlantirishda barqaror surʼatlarni taʼminlashga va shu asosda xalq farovonligini yuksaltirishga muyassar boʻldi.
YIM tarkibida sanoat solishtirma salmogʻining ortishi, sanoat mahsuloti ishlab chiqarishning barqaror oʻsib borishi qabul qilingan chora-tadbirlar amalga oshirilishining asosiy natijalari boʻldi, bunda yalpi mahsulot ishlab chiqarishning asosiy oʻsishiga qoʻshilgan qiymat ulushi yuqori boʻlgan tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi tarmoqlar hisobiga erishildi. Xususan, bir qator yirik energetika loyihalari amalga oshirildi, “Oʻzbekiston – Xitoy” gaz quvuri (birinchi va ikkinchi liniya Oʻzbekiston uchastkasi) qurildi, Muborak gazni qayta ishlash zavodida tarkibida oltingugurt boʻlgan gazni tozalash quvvatlari, Yangi Angren IES ning 1 – 5-energiya bloklari koʻmirni yil boʻyi yoqishga oʻtkazildi, Navoiy IESda quvvati 478 MVt boʻlgan bugʻ-gaz qurilmasi qurildi va hokazo.
2011 — 2015-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi dasturning (bundan buyon matnda Dastur deb yuritiladi) qabul qilinishi mamlakat sanoati barqaror, muttasil va mutanosib rivojlanishini, eksport salohiyati oʻsishini taʼminlash, sanoat tarmoqlari, komplekslari va korxonalarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishni texnik va texnologik yangilash asosida ularning samaradorligi hamda raqobatbardoshligini oshirish boʻyicha barcha amalga oshirilayotgan ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtardi.
Dastur doirasida geologiya, yoqilgʻi-energetika kompleksida, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoatida umumiy qiymati 41,8 mlrd AQSh dollari boʻlgan 220 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Surgil koni bazasida Ustyurt gaz-kimyo kompleksini qurish, Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksida sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish, Dehqonobod kaliyli oʻgʻitlar zavodida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, Tolimarjon, Toshkent va Navoiy IESlardagi ishlar hamda boshqa ishlar mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Hozirgi vaqtga kelib umumiy summasi 11,1 mlrd AQSh dollari boʻlgan mablagʻlar, shu jumladan chet el investitsiyalari va kreditlari — 7,47 mlrd AQSh dollari, oʻz mablagʻlari — 2,29 mlrd AQSh dollari, Rivojlanish va rekonstruksiya jamgʻarmasi kreditlari — 865,7 mln AQSh dollari hamda tijorat banklarining kreditlari — 332,9 mln AQSh dollari amalda oʻzlashtirildi. 2012-yil yakunlari boʻyicha yoqilgʻi-energetika kompleksi korxonalarida investitsiyalarning umumiy hajmi 2,99 mlrd AQSh dollari boʻlgan 55 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishni tugallash va foydalanishga topshirish kutilmoqda.
Geologiya, yoqilgʻi-energetika kompleksida, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoatida 177 ta mahalliylashtirish loyihasi boʻyicha 881,7 mlrd soʻmlik yoki oʻtgan yilning shu davridagi koʻrsatkichga nisbatan 112,4% mahsulot ishlab chiqarildi, import oʻrnini bosuvchi mahsulotning hisoblangan samarasi 360,6 mln AQSh dollarini, shu davrda mahalliylashtirilayotgan mahsulot eksporti 78,5 mln AQSh dollarini tashkil etdi.
Shu bilan birga, Dasturning toʻla amalga oshirilishi samaradorligiga, joylarda huquqning qoʻllanilish amaliyoti holatini yaxshilashga taʼsir koʻrsatadigan bir qator foydalanilmagan imkoniyatlar va muammolar mavjud. Chunonchi, muayyan investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ularni rivojlanish dasturlariga kiritishning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligini oʻrganish jarayonida vazirliklar va idoralarning faoliyatini tahliliy taʼminlash borasida kamchiliklar koʻzga tashlanadi. Jumladan, iqtisodiy jihatdan maqsadga nomuvofiqligi tufayli 12 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish mazkur bosqichda toʻxtatilgan (Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksida qoʻshimcha etilen hajmi bazasida polivinilxlorid ishlab chiqarish, Navoiy IESda suvdan tuz ajratish qurilmasi qurilishi va hokazo).
Ayrim investitsiya loyihalarining loyiha hujjatlarini ishlab chiqishdagi kamchiliklardan biri ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlarining talablari yetarli darajada hisobga olinmasligidir.
Tender hujjatlarini yetarli darajada sinchiklab ishlab chiqmaslik hollari ham uchramoqdaki, bu ekspertizaga kiritilayotgan hujjatlar maromiga yetkazilishi uchun qaytarib yuborishga olib kelmoqda. Shunga mos ravishda ishlarning bunday ahvoli tenderlarni oʻtkazish muddatlariga, boʻlajak qatnashchilarning moddiy xarajatlari koʻpayishiga taʼsir koʻrsatmoqda. Chunonchi, “Har birining quvvati 450 MVt boʻlgan ikkita bugʻ-gaz qurilmasini barpo etish orqali Tallimarjon IESni kengaytirish” investitsiya loyihasi boʻyicha tender savdolari oʻz vaqtida oʻtkazilmagan.
Bularning barchasi kapital mablagʻlarni oʻz vaqtida oʻzlashtirishga hamda loyihalarni amalga oshirishga taʼsir koʻrsatmoqda, boʻlajak sheriklar bilan loyihalarning texnik, yuridik, moliyaviy va boshqa parametrlarini kelishib olish masalalarini anchagina qiyinlashtirmoqda. Hozirgi vaqtda 2012-yilda umumiy summasi 370,36 mln AQSh dollarini tashkil etuvchi 7 ta loyihani foydalanishga topshirish borasida qoloqlikka yoʻl qoʻyilgan (“Oʻzbekneftgaz” MXK boʻyicha — 5 ta loyiha, “Oʻzbekenergo” DAK boʻyicha — 1 ta loyiha, “Oʻzkimyosanoat” DAK boʻyicha — 1 ta loyiha).
Mamlakatimizga chet el investitsiyalarini jalb etishni huquqiy jihatdan ragʻbatlantirish mexanizmlarini bundan buyon ham joriy etish va qulay investitsiya sharoitlarini yaxshilash borasida amaldagi qonunchilik bazasini takomillashtirish zarur boʻlib, bu Dasturni roʻyobga chiqarishning samaradorligi darajasini oshirishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
2011 — 2015-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi dasturning barcha qoidalari bajarilishini taʼminlash hamda sanoat komplekslari va korxonalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash borasida Hukumat tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibrohimovning “2011 – 2015-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi dastur geologiya, yoqilgʻi-energetika kompleksida, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoatida bajarilishining borishi haqida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
Qonunchilik palatasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarining “2011 — 2015-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi dastur geologiya, yoqilgʻi-energetika kompleksida, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoatida bajarilishining borishi haqida”gi axborotini eshitish yakunlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlisida muhokama qilib, ushbu muhokama jarayonida bildirilgan takliflar va fikr-mulohazalarni amalga oshirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar majmuini belgilash;
Dasturning barcha qoidalari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan bajarilishi ustidan muntazam nazorat qilib borilishini, ushbu qoidalar soʻzsiz amalga oshirilishi uchun vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining shaxsiy masʼuliyati oshirilishini, hududlarni rivojlantirish mintaqaviy dasturlari mazkur Dastur qoidalariga muvofiqlashtirilishini taʼminlash;
Dasturga kiritilgan mahsulot tannarxini kamaytirishga, shu jumladan sanoatning barcha tarmoqlarida energiya sarfini kamaytirish hisobiga mahsulot tannarxini kamaytirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratish;
Dasturni samarali roʻyobga chiqarish, mamlakatimizga chet el investitsiyalari jalb etilishini ragʻbatlantirish, qulay investitsiya sharoitlarini yanada yaxshilash uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan “Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar xarid qilish, xizmatlar koʻrsatish va ishlar bajarish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini, “Chet el investitsiyalari toʻgʻrisida”gi, “Investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Konsessiyalar toʻgʻrisida”gi va “Tashqi iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonun loyihalari oʻz vaqtida hamda sifatli ishlab chiqilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritilishini tashkil etish;
“Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablaridan kelib chiqqan holda bir qator qonunosti hujjatlarini ishlab chiqish va joriy etishni tezlashtirish tavsiya qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi, boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari:
yuqori darajadagi texnologiyalarga ega boʻlgan mamlakatlardan yirik xorijiy kompaniyalarni Oʻzbekiston iqtisodiyotiga jalb etish, xususiy va chet el investitsiyalarini Dasturga kiritilgan va qayta ishlovchi sanoat hamda iqtisodiyotning xomashyosiz tarmoqlari bilan bogʻliq boʻlgan loyihalariga jalb etish borasidagi ishlarni davom ettirsin;
tenderlarni oʻz vaqtida va oshkora oʻtkazish, Dasturga kiritilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish muddatlarini qisqartirish, bu loyihalarni toʻliq va oʻz vaqtida moliyalashtirish, toʻrachilik, rasmiyatchilik hamda investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish jarayonlarini choʻzib yuborish hollariga yoʻl qoʻymaslik, modernizatsiyalash, mahalliylashtirish hamda ilgʻor texnologiyalarga asoslangan yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish uchun loyiha-smeta hujjatlarini batafsil ishlab chiqishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrsin.
4. Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari sanoat ichki kooperatsiyasini keng rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, iqtisodiyotning sanoat tarmoqlarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida mintaqalarda ishchanlik muhitini yanada yaxshilash masalalariga alohida eʼtibor qaratsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalarning ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablariga mos boʻlishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 15-dekabrda qabul qilingan “2011 — 2015-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi qarorining bajarilishini taʼminlashga qaratilgan qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil ishlari samaradorligini oshirsinlar.
7. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2012-yil 18-dekabr,
592-II-son
