Oʻzbekiston Respublikasi va Polsha Respublikasi oʻrtasida Konsullik Konvensiyasi
11.01.1995
Quyida “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchi Oʻzbekiston Respublikasi va Polsha Respublikasi:
1963-yil 24-apreldagi Konsullik aloqalari toʻgʻrisidagi Vena Konvensiyasining qoidalarini eʼtiborga olib,
doʻstlikni mustahkamlash va oʻzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishga irodasini ifodalab,
fuqarolarining huquq va manfaatlarini imkoni boricha yengillashtiradigan prinsiplar asosida ikki davlat oʻrtasidagi konsullik munosabatlarini tartibga solish va rivojlantirish istagiga amal qilib,
Konsullik konvensiyasini tuzishga qaror qildilar va quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar.
I BOʻLIM Tushunchalar
1-modda
1. Ushbu Konvensiyada keltirilgan atamalar quyidagi maʼnoga ega:
1) “konsullik muassasasi” har qanday bosh konsullikni, konsullikni, vitse-konsullikni yoki konsullik agentligini anglatadi;
2) “konsullik okrugi” konsullik muassasasiga konsullik vazifalarini bajarish uchun ajratilgan tumanni anglatadi;
3) “konsullik muassasasi boshligʻi” shu sifatda harakat qilish topshirilgan shaxsni anglatadi;
4) “konsullik mansabdor shaxsi” shu sifatda konsullik vazifalarini bajarish topshirilgan har qanday shaxsni, jumladan konsullik muassasasi boshligʻini ham anglatadi;
5) “konsullik xizmatchisi” konsullik muassasasida maʼmuriy yoki texnik vazifalarni bajaruvchi har qanday shaxsni anglatadi;
6) “xizmat koʻrsatish xodimi” konsullik muassasasiga xizmat koʻrsatish boʻyicha vazifalarni bajaruvchi har qanday shaxsni anglatadi;
7) “konsullik muassasasi xodimlari” konsullik mansabdor shaxslari, konsullik xizmatchisi va xizmat koʻrsatish xodimlarini anglatadi;
8) “xususiy uy xodimi” konsullik mansabdor shaxsining faqatgina xususiy xizmatida boʻlgan shaxsni anglatadi;
9) “oila aʼzosi” konsullik mansabdor shaxsining u bilan birga yashovchi va uning qaramogʻida boʻlgan rafiqasi yoki eri, farzandlari va ota-onasini anglatadi;
10) “konsullik binolari” kimning mulki boʻlishidan qatʼiy nazar faqatgina konsullik muassasasi maqsadlarida ishlatiladigan yer maydoni bilan birgalikda imoratlar yoki imoratlarning qismlari, jumladan konsullik muassasasi boshligʻining qarorgohini anglatadi;
11) “konsullik arxivlari” barcha qogʻozlar, hujjatlar, korrespondensiya, kitoblar, kino va fotomateriallar, axborotni saqlash va ishlatish boʻyicha texnik vositalar, konsullik muassasasining reyestr kitoblari, shifrlar va kodlar, kartotekalar, shuningdek, ularning butunligi va saqlanishi uchun moʻljallangan aslahalarni anglatadi;
12) “kema” konsullikka vakolat bergan davlat bayrogʻi ostida suzish huquqiga ega boʻlgan va bu davlatda qayd etilgan har qanday harbiy kemalardan tashqari, suzish vositasini anglatadi;
13) “havo kemasi” konsullikka vakolat bergan davlatda qayd etilgan, bu davlatga tegishlililik taniqlik belgilarini ishlatish huquqi berilgan har qanday, harbiy uchish apparatlaridan tashqari, uchish apparatini anglatadi;
2. Ushbu Konvensiyaning konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolariga tegishli boʻlgan qoidalari konsullik joylashgan davlat qonunchiligiga va shu mamlakatdagi manzilgohiga binoan taʼsis etilgan yuridik shaxslarga va yuridik shaxslar boʻlmagan boshqa subyektlarga teng ravishda taalluqlidir.
II BOʻLIM Konsullik muassasalarini ochish va konsullik muassasasi xizmatchilarini tayinlash
2-modda Konsullik muassasalarini ochish
1. Konsullik muassasasi konsullik joylashgan davlat hududida faqatgina konsullik joylashgan davlatning roziligi bilan ochilishi mumkin.
2. Konsullik muassasasining manzilgohi, uning darajasi va konsullik okrugi konsullikka vakolat bergan davlat tomonidan aniqlanadi va konsullik joylashgan davlat tomonidan maʼqullanishi kerak.
3. Konsullik muassasasining manzilgohi, uning darajasi va konsullik okrugiga tegishli keyingi oʻzgarishlar faqatgina konsullik joylashgan davlat roziligi bilan konsullikka vakolat bergan davlat tomonidan amalga oshiriladi.
3-modda Konsullik muassasasi boshligʻini tayinlash va tan olish
1. Konsullik muassasasi boshligʻi konsullik patenti taqdim etilganidan va konsullik joylashgan davlatdan ekzekvatura olinganidan soʻng oʻz vazifalarini bajarishga qoʻyiladi.
2. Konsullikka vakolat bergan davlat konsullik patentini oʻz diplomatik vakolatxonasi orqali yoki boshqa yoʻl bilan konsullik joylashgan davlat Tashqi ishlar vazirligiga yuboradi. Patentda konsullik muassasasi boshligʻining toʻliq ismi, familiyasi, fuqaroligi va darajasi, u oʻz vazifalarini bajaradigan konsullik okrugi va konsullik muassasasining manzilgohi koʻrsatiladi.
3. Patent taqdim etilishi bilan konsullik joylashgan davlat ekzekvaturani imkoni boricha qisqa muddatda beradi.
4. Ekzekvaturani berish daqiqasigacha konsullik joylashgan davlat konsullik muassasasi boshligʻiga u oʻz vazifalarini vaqtincha bajarib turishiga rozilik berishi mumkin.
5. Vazifalarini vaqtincha boʻlsa ham bajarishga rozilik berilgan daqiqadan boshlab konsullik joylashgan davlat maʼmurlari konsullik muassasasi boshligʻi oʻz vazifalarini bajarishi uchun zarur choralarni koʻradilar.
4-modda Kelish va ketish toʻgʻrisida xabardor qilish
Konsullik joylashgan davlat Tashqi ishlar vazirligi:
1. Tayinlangan konsullik muassasasi xizmatchisining kelishi, uning batamom ketishi yoki majburiyatlarini bajarishining tugashi, shuningdek konsullik muassasasida ishlash davrida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan uning statusiga taʼsir etadigan barcha boshqa oʻzgarishlar toʻgʻrisida;
2. Konsullik muassasasi oila aʼzosining kelishi va batamom ketishi, agar shunday boʻladigan boʻlsa, shaxs oila aʼzosi boʻladigan yoki oila aʼzosi boʻlishdan toʻxtaydigan faktlar toʻgʻrisida;
3. Xususiy uy xizmatchisining kelishi yoki batamom ketishi, shuningdek u tomonidan ishning tugatilishi;
4. Konsullik joylashgan davlatda doimiy yashovchi shaxsni konsullik muassasasi xizmatchisi yoki xususiy uy xizmatchisi sifatida ishga olish yoki ishdan boʻshatish toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilinadi.
5-modda Konsullik muassasasi xodimlari va ularning oila aʼzolarining guvohnomalari
1. Konsullik joylashgan davlatning vakolatli organlari har bir konsullik mansabdor shaxsiga uning shaxsi va mansabini tasdiqlovchi tegishli hujjatni bepul beradi.
2. Ushbu modda 1-bandining qoidalari shuningdek konsullik xizmatchilari, xizmat koʻrsatish xodimlari va xususiy uy xodimlariga, bu shaxslar konsullik joylashgan davlat fuqarolari boʻlmagan va unda doimiy yashamaydigan holda, taalluqli boʻladi.
3. Ushbu modda 1 va 2-bandlarining qoidalari mos ravishda oila aʼzolariga ham taalluqli boʻladi.
6-modda Konsullik mansabdor shaxslarining fuqaroligi
Konsullik joylashgan davlatda doimiy yashamaydigan va bu davlatda oʻz xizmat vazifalaridan tashqari bajarilgani uchun taqdirlanishi mumkin boʻlgan boshqa ishni bajarmaydigan konsullikka vakolat bergan davlat fuqarosigina konsullik mansabdor shaxsi boʻlishi mumkin.
7-modda Ekzekvaturani bekor qilish va tan olishni toʻxtatish
Konsullik joylashgan davlat istalgan vaqtda, oʻz qarorini asoslashga majbur boʻlmagan holda, konsullikka vakolat bergan davlatni diplomatik yoʻl bilan yoki boshqa tegishli shaklda konsullik muassasasi boshligʻiga berilgan ekzekvatura bekor qilinganligi yoki konsullik mansabdor shaxsi “persona non grata” deb tan olinganligi, yoxud u yoki bu konsullik muassasasi xodimi nomaqbul ekanligi toʻgʻrisida xabardor qilishi mumkin. Bu holda konsullikka vakolat bergan davlat bunday shaxsni, agar u oʻz vazifalarini bajarishga kirishgan boʻlsa, chaqirib olishi kerak. Agar konsullikka vakolat bergan davlat oqilona muddat ichida bu majburiyatni bajarmasa, unda konsullik joylashgan davlat bunday shaxsni konsullik muassasasi xodimi deb tan olishdan voz kechishi mumkin.
8-modda Konsullik vazifalarini uchinchi davlatda bajarish
Konsullikka vakolat bergan davlat manfaatdor davlatlarni xabardor qilganidan soʻng bir davlatda ochilgan konsullik muassasasiga boshqa davlatda konsullik vazifalarini bajarishni topshirishi mumkin, agar bu davlatlardan birortasi tomonidan aniq ifoda etilgan eʼtiroz boʻlmasa.
9-modda Uchinchi davlat nomidan konsullik vazifalarini bajarish
Konsullikka vakolat bergan davlatning konsullik muassasasi konsullik joylashgan davlatni tegishli xabardor qilganidan soʻng va u tomonidan eʼtiroz boʻlmagach, konsullik joylashgan davlatda uchinchi davlat nomidan konsullik vazifalarini bajarishi mumkin.
10-modda Faxriy konsullarni tayinlash
Ahdlashuvchi tomonlardan har biri ikki tomonlama munosabatlar doirasida faxrli konsullik mansabdor shaxslarini, ularga nisbatan konsullik aloqalari toʻgʻrisidagi Vena Konvensiyasining 3-boʻlimi qoidalari, shuningdek, buning imkoni boʻlsa, ushbu konvensiya qoidalarini qoʻllagan holda, tayinlashi va qabul qilishi mumkin. Faxrli konsullik mansabdor shaxslari konsullikka vakolat bergan davlat, konsullik joylashgan davlat yoki uchinchi davlat fuqarolari boʻlishlari mumkin.
III BOʻLIM Huquq, imtiyoz va immunitetlar
11-modda Konsullik muassasasi oʻz vazifalarini bajarishi uchun shart-sharoitlarni taʼminlash
1. Konsullik joylashgan davlat konsullik muassasasiga u oʻz vazifalarini bajarishida har tomonlama yordam beradi va konsullik muassasasi xodimlari oʻz rasmiy vazifalarini bajarishlari va ushbu Konvensiya koʻzda tutgan huquq, imtiyoz va immunitetlardan foydalana olishlari uchun zarur choralarni koʻradi. Konsullik joylashgan davlat konsullik muassasasi xavfsizligini taʼminlash uchun zarur choralarni koʻradi.
2. Konsullik joylashgan davlat konsullik mansabdor shaxslari va ularning oila aʼzolariga lozim boʻlgan hurmat bilan qaraydi va ularning shaxsi, erkinligi va shaʼniga qanday boʻlmasin tajovuzlarning oldini olish uchun barcha tegishli choralarni koʻradi.
12-modda Konsullik muassasasi boshligʻi vazifalarini vaqtincha bajarish
1. Agar konsullik muassasasi boshligʻi oʻz vazifalarini bajara olmasa yoki konsullik muassasasi boshligʻi lavozimi boʻsh boʻlsa, konsullikka vakolat bergan davlat konsullik joylashgan davlatdagi ushby yoki boshqa konsullik muassasasi mansabdor shaxsini yoki oʻz diplomatik vakolatxonasi diplomatik xodimlari aʼzosini konsullik muassasasi boshligʻi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlashi mumkin.
2. Konsullik muassasasi boshligʻi vazifalarini vaqtincha bajaruvchining toʻliq ismi va familiyasi konsullikka vakolat bergan davlatning diplomatik vakolatxonasi tomonidan, agar ushbu davlat konsullik joylashgan davlatda oʻz diplomatik vakolatxonasiga ega boʻlmasa konsullik muassasasi boshligʻi tomonidan, agar u buni qila olmasa konsullikka vakolat bergan davlatning Tashqi ishlar vazirligi tomonidan konsullik joylashgan davlatning Tashqi ishlar vazirligiga maʼlum qilinadi. Odatda bu xabar oldindan beriladi.
3. Konsullik joylashgan davlatning vakolatli organlari konsullik muassasasi boshligʻi vazifasini vaqtincha bajaruvchiga yordam koʻrsatadilar va himoya qiladilar. U muassasaga boshchilik qilar ekan, unga ushbu Konvensiya qoidalari tegishli konsullik muassasasi boshligʻiga boʻlganidek taalluqli boʻladi.
4. Agar konsullik joylashgan davlatdagi konsullikka vakolat bergan davlat diplomatik vakolatxonasi diplomatik xodimlari aʼzosi ushbu modda 1-bandi qoidalariga binoan konsullik muassasasi boshligʻi vazifalarini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlansa, u, konsullik joylashgan davlat tomonidan eʼtirozlar boʻlmasa, diplomatik imtiyoz va immunitetlardan foydalanishi mumkin.
13-modda Konsullik va turar joy binolari
1. Konsullikka vakolat bergan davlat konsullik joylashgan davlat qonunchiligi va boshqa qoidalari, koʻzda tutgan shartlarga binoan:
1) konsullik muassasasi binosi, konsullik muassasasi boshligʻi qarorgohi va konsullik muassasasining boshqa xodimlari uchun turar joy binolari sifatida ishlatish uchun yer maydonlari, binolar yoki binolarning qismlarini xususiy mulk qilib olish, egalik qilish yoki ijaraga olish;
2) olingan yer maydonlarida shu maqsadlarda binolarni qurish yoxud moslashtirish;
3) olingan yer maydonlari, binolar yoki binolar qismlariga boʻlgan egalik huquqini berish huquqlariga ega.
2. Konsullik joylashgan davlat zarur holda konsullik muassasasiga uning xodimlari uchun tegishli turar joy binolarini olishga yordam berishi kerak.
3. Ushbu modda 1-bandi qoidalari konsullikka vakolat bergan davlatni qurilish, shahar qurilishi, tegishli yer maydonlari, binolar yoki binolar qismlari joylashgan yoki joylashadigan tumanlarda tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish sohalaridagi qoida va cheklashlarni bajarish majburiyatidan ozod etmaydi.
14-modda Davlat bayrogʻi va gerbini ishlatish
1. Konsullikka vakolat bergan davlatning gerbi hamda konsullikka vakolat bergan davlat va konsullik joylashgan davlat tillarida konsullik muassasasining nomi koʻrsatilgan tegishli yozuv konsullik muassasasi joylashgan bino va bu muassasaga boshligʻining qarorgohida oʻrnatilishi mumkin.
2. Konsullikka vakolat bergan davlat bayrogʻi konsullik muassasasi joylashgan binoda va konsullik muassasasi boshligʻining qarorgohida oʻrnatilishi mumkin.
3. Konsullik muassasasi boshligʻi shuningdek oʻz transport vositalarini xizmat maqsadlarida ishlatganida ularga konsullikka vakolat bergan davlat bayrogʻini oʻrnatishi mumkin.
15-modda Konsullik binolari va konsullik mansabdor shaxslari turar joylarining daxlsizligi
1. Konsullik binolari daxlsizdir konsullik joylashgan davlat maʼmurlari konsullik binolariga konsullik muassasasi boshligʻi, yoʻllovchi davlat diplomatik vakolatxonasi boshligʻi yoki ulardan biri tayinlagan shaxsning roziligisiz kirishlari mumkin emas.
2. Ushbu modda 1-bandi qoidalari shuningdek konsullik mansabdor shaxslari va konsullik xizmatchilarining turar joy binolariga ham taalluqli boʻladi.
16-modda
Konsullik binolari, ulardagi jihozlar, konsullik muassasasi mulki, shuningdek transport vositalari davlat mudofaasi, jamoatchilik yoki boshqa maqsadlardagi rekvizitsiyaning har qanday koʻrinishlaridan immunitetdan foydalanadi.
17-modda Konsullik binolari va konsullik muassasasi xodimlarining turar joylarini soliq va yigʻimlardan ozod etish
1. Konsullikka vakolat bergan davlat yoki uning nomidan harakat qiluvchi biror shaxs egasi yoki ijaraga oluvchisi boʻlgan konsullik muassasasi binolari, konsullik muassasasi boshligʻining qarorgohi, shuningdek konsullik muassasasi xodimlarining turar joy binolari konkret xizmat koʻrsatish turi uchun toʻlov boʻlib hisoblangan yigʻimlardan tashqari barcha davlat, mahalliy, tuman soliq va yigʻimlaridan ozod etiladilar.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan soliq turlari konsullik joylashgan davlat qonunchiligi boʻyicha konsullikka vakolat bergan davlat yoki uning nomidan harakat qiluvchi shaxs bilan shartnoma tuzgan shaxslarga solinadigan soliq va yigʻimlarga taalluqli boʻlmaydi.
3. Ushbu modda 1-bandining qoidalari shuningdek konsullikka vakolat bergan davlat mulki boʻlgan konsullik muassasasi maqsadlari uchun moʻljallangan transport vositalariga ham taalluqli boʻladi.
18-modda Konsullik arxivlarining daxlsizligi
Konsullik arxivlari har qanday vaqtda, ular qayerda boʻlishidan qatʼiy nazar, daxlsizdir.
19-modda Aloqalar erkinligi
1. Konsullik joylashgan davlat konsullik muassasasining xizmat maqsadlaridagi aloqalar erkinligini tan oladi va muhofaza qiladi. Konsullikka vakolat bergan davlat hukumati, diplomatik vakolatxonalari va boshqa konsullik muassasalari bilan aloqa qilishda, ular qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, konsullik muassasasi barcha mos keladigan aloqa vositalari, jumladan diplomatik va konsullik kuryerlari, diplomatik yoki konsullik valizasi, kodlangan yoki shifrlangan dipeshalardan foydalanishi mumkin. Konsullik muassasasi faqatgina konsullik joylashgan davlatning roziligi bilangina radiouzatgichni oʻrnatishi va undan foydalanishi mumkin.
2. Konsullik muassasasining rasmiy korrespondensiyasi daxlsizdir. “Rasmiy korrespondensiya” deganda konsullik muassasasiga va uning vazifalariga tegishli boʻlgan barcha korrespondensiya tushuniladi.
3. Konsullik valizasi uning xarakterini koʻrsatuvchi yaxshi koʻrinadigan tashqi belgilarga ega boʻlishi va rasmiy korrespondensiyani, shuningdek faqatgina rasmiy foydalanish uchun moʻljallangan hujjat va ashyolarni oʻz ichiga olishi kerak.
4. Konsullik valizasi na ochilishi, na ushlab qolinishi mumkin emas. Biroq konsullik joylashgan davlatning vakolatli organlari valizada ushbu moddaning 3-bandida sanab oʻtilgan rasmiy korrespondensiya, hujjat va ashyolardan tashqari boshqa narsa bor deb taxmin qilishiga jiddiy asoslari boʻlsa, ular konsullikka vakolat bergan davlatning vakolatli vakillari tomonidan valiza ularning oldida ochilishini talab qilishlari mumkin. Konsullikka vakolat bergan davlat organlari bu talabni bajarishdan bosh tortsalar, valiza joʻnatish joyiga qaytarib yuboriladi.
5. Konsullik kuryeri uning statusi va konsullik valizasini tashkil etgan joylar sonini tasdiqlovchi rasmiy hujjatga ega boʻlishi kerak. Faqatgina konsullik joylashgan davlatda doimiy yashamaydigan konsullikka vakolat bergan davlat fuqarosi konsullik kuryeri boʻlishi mumkin.
Oʻz vazifalarini bajarishda konsullik kuryeri konsullik joylashgan davlat himoyasida boʻladi va shaxsiy daxlsizlikdan foydalanadi va ushlab qolinishi va hibsga olinishi mumkin emas. Uning shaxsiy erkinligi hech qanday shaklda cheklanishi mumkin emas.
6. Konsullik valizasi kema kapitaniga yoki havo komandiriga topshirilishi mumkin. Kapitan yoki komandir valizani tashkil etgan joylarning soni koʻrsatilgan rasmiy hujjat bilan taʼminlanadi, biroq u konsullik kuryeri boʻlib hisoblanmaydi. Konsullik mansabdor shaxsi konsullik valizasini bevosita kema kapitani yoki havo kemasi komandiridan erkin olishi yoki topshirishi mumkin.
20-modda Yurisdiksiyadan immunitet
1. Konsullik mansabdor shaxsi konsullik joylashgan davlatning jinoiy, fuqarolik va maʼmuriy yurisdiksiyasidan immunitetdan foydalanadi. U shaxsiy daxlsizlikdan foydalanadi va na ushlab qolinishi, na hibsga olinishi, na biror-bir shaklda erkinligi cheklanishi mumkin emas.
2. Konsullik xizmatchisi va xizmat koʻrsatish xodimi ularning rasmiy majburiyatlarini bajarishi sohasida konsullik joylashgan davlatning jinoiy, fuqarolik va maʼmuriy yurisdiksiyasidan immunitetdan foydalanadilar.
3. Ushbu modda 1 va 2-bandlari qoidalari quyidagi fuqarolik daʼvolariga nisbatan qoʻllanilmaydi:
1) Konsullik muassasasi xodimi tuzgan, u boʻyicha konsullikka vakolat bergan davlat vakili sifatida bevosita yoki bilvosita harakat qilmagan shartnomadan kelib chiquvchi;
2) konsullik joylashgan davlatda konsullik muassasasi xodimining aybi bilan yuzaga kelgan yoʻl-transport hodisasi natijasida biror-bir transport vositasi bilan keltirilgan zarar tufayli qoʻzgʻatilgan;
3) konsullik muassasasi xodimi xususiy shaxs boʻla turib, merosxoʻr, rad javobi oluvchi, vasiyatni bajaruvchi, meros boshqaruvchisi yoki homiysi sifatida harakat qiladigan meroslarga tegishli;
4) ularning konsullik joylashgan davlatda oʻzlarining rasmiy vazifalaridan tashqari amalga oshiradigan, har qanday professional yoki tijorat faoliyatiga tegishli boʻlgan.
4. Konsullik xizmatchilari va xizmat koʻrsatish xodimlari, ularga sud maʼmurlari tomonidan bu davlatning qonuni boʻyicha jazolanadigan harakatlarini bajarish boʻyicha ayb qoʻyilgan yoki qonuniy kuchga kirgan sud hukmi asos boʻlgan hollardan tashqari hibsga olinishi ham, xar qanday boshqa shaklda ozodlikdan mahrum etilishi ham mumkin emas.
Konsullik muassasasi xizmatchisi yoki xizmat koʻrsatish xodimi hibsga olingan yoki ushlangan holda konsullik joylashgan davlat bu toʻgʻrida konsullik muassasasi boshligʻini darhol xabardor qilishi kerak.
5. Ushbu modda 1 — 3-bandlarining qoidalari mos ravishda oila aʼzolariga taalluqli boʻladi.
21-modda Imtiyoz va immunitetlardan voz kechish
1. Konsullikka vakolat bergan davlat ushbu Konvensiya 20-moddasining 1 va 2-bandlarida koʻrsatib oʻtilgan imtiyoz va immunitetlardan voz kechishi mumkin. Bunday voz kechish aniq ifodalangan boʻlishi kerak va u toʻgʻrisida konsullik joylashgan davlatga yozma shaklda maʼlum qilish kerak.
2. Konsullik muassasasi xodimi tomonidan u yurisdiksiyadan immunitetdan foydalanadigan ish boʻyicha daʼvo qoʻzgʻatish uni asosiy daʼvo bilan bevosita bogʻliq boʻlgan har qanday qarshi daʼvoga nisbatan immunitetga tayanish huquqidan mahrum etadi.
3. Fuqarolik yoki maʼmuriy ishlar boʻyicha yurisdiksiyadan immunitetdan voz kechish sud qarorini ijro etishga nisbatan immunitetdan voz kechishni anglatmaydi. Bunday harakatlarga nisbatan alohida voz kechish talab qilinadi.
22-modda Guvohlik koʻrsatmalari
1. Konsullik muassasasi xodimi konsullik joylashgan davlatning sud va boshqa vakolatli organlari oldida guvohlik koʻrsatmalari berish uchun chaqirilishi mumkin. Agar konsullik mansabdor shaxsi kelishdan yoki guvohlik koʻrsatmalari berishdan bosh tortsa, unga nisbatan biror-bir majburlov choralari yoki sanksiyalarni qoʻllash mumkin emas. Konsullik xizmatchisi va xizmat koʻrsatish xodimi ushbu moddaning 3-bandida bayon etilgan hollardan tashqari guvohlik koʻrsatmalari berishdan bosh torta olmaydilar.
2. Konsullik muassasasi xodimining guvohlik koʻrsatmasini talab etayotgan konsullik joylashgan davlat organi u oʻz xizmat vazifalarini bajarishiga xalal bermasligi kerak. U bunday koʻrsatmalarni konsullik muassasasi xodimidan konsullik muassasasida, qarorgohda yoki turar joyida olishi mumkin.
3. Konsullik muassasasi xodimi oʻz xizmat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq boʻlgan ishlar yuzasidan guvohlik koʻrsatmalari berishga, shuningdek xizmat yozishmasi yoki arxivlaridan boshqa hujjatlarni taqdim etishga majbur emas. Bu qoida shuningdek konsullik muassasasi faoliyati bilan bogʻliq faktlar boʻyicha konsullik muassasasi xodimlarining oila aʼzolari va xususiy uy xodimlariga nisbatan ham qoʻllaniladi.
4. Konsullik muassasasi xodimi konsullikka vakolat bergan davlat qonunchiligini tushuntiruvchi koʻrsatmalar berishga majbur emas.
23-modda Mehnat majburiyatlari va harbiy majburiyatlardan ozod etish
Konsullik muassasasi xodimi va uning oila aʼzolari konsullik joylashgan davlatda barcha mehnat va davlat majburiyatlari, harbiy kuchlarda xizmat qilish, shuningdek rekvizitsiya, kontributsiya va harbiy qoʻnoq singari harbiy majburiyatlardan ozod etiladilar.
24-modda Qayd etishdan ozod qilish
Konsullik muassasasi xodimi va uning oila aʼzolari qayd etish, istiqomat qilishga, ishga joylashishga ruxsat olish va chet elliklarga qoʻyiladigan boshqa shu kabi talablar boʻyicha konsullik joylashgan davlat qonun-qoidalari koʻzda tutgan barcha majburiyatlarni bajarishdan ozod etiladilar.
25-modda Konsullik muassasasi xodimlarini soliqlardan ozod etish
1. Konsullik muassasasi xodimi, shuningdek uning oila aʼzolari quyidagilardan tashqari barcha shaxsiy va mulk, davlat, tuman va munitsipal soliqlardan ozod etiladilar:
1) tovar va xizmatlar qiymatiga kiritiladigan bilvosita soliqlar;
2) ushbu Konvensiya 17-moddasiga amal qilingan holda konsullik joylashgan davlatda boʻlgan xususiy koʻchmas mulkka soliq va yigʻimlar;
3) meros va mulk huquqining oʻtishiga konsullik joylashgan davlatda solinadigan soliqlar;
4) xususiy daromadlarga, jumladan manbasi konsullik joylashgan davlatda boʻlgan kapitaldan olinadigan daromadlar, shuningdek konsullik joylashgan davlatdagi tijorat yoki moliyaviy korxonalardagi sarmoyalarga solinadigan soliq va yigʻimlar;
5) ushbu Konvensiyaning 17-moddasiga amal qilingan holda qayd etish, sud, ipoteka, gerbli yigʻimlar.
2. Mukofot va ish haqlari konsullik joylashgan davlatning daromad soliqlaridan ozod etilmaydigan yollangan shaxslarni ishlatayotgan konsullik muassasasi xodimi bu davlatning daromad soligʻi solish sohasidagi qonun-qoidalar yollovchiga yuklaydigan majburiyatlarni bajarishi kerak.
26-modda Bojxona toʻlovi va bojxona tekshiruvidan ozod etish
1. Konsullik joylashgan davlat amaldagi qonunlar va boshqa qoidalarga binoan quyidagilarni olib kirishga va olib chiqib ketishga ruxsat etadi, yuklash, tashish, saqlash va tushirish uchun yigʻimlardan tashqari bojxona toʻlovi va bu bilan bogʻliq boshqa soliq va yigʻimlardan ozod etadi:
1) konsullik muassasasining xizmat maqsadlari uchun moʻljallangan ashyolar;
2) transport vositalarini oʻz ichiga olgan holda konsullik muassasasi xodimlari va ularning oila aʼzolarining shaxsiy foydalanishi uchun moʻljallangan ashyolar, jumladan joylashib olishlari uchun moʻljallangan jihozlar.
2. Agar konsullik mansabdor shaxsi va uning oila aʼzolarining shaxsiy yoʻlovchi yuklari ushbu modda 1-bandining 2-kichik bandiga binoan olib kirish ruxsat etilgan ashyolardan farqli boshqa ashyolarni yoki konsullik joylashgan davlat qonunchiligi yoki karantin qoidalariga binoan olib kirish va olib chiqib ketish taʼqiqlangan ashyolarni oʻz ichiga olganini koʻrsatuvchi jiddiy sabablar boʻlmasa, ular bojxona tekshiruvidan ozod etiladi. Bunday tekshiruv faqatgina konsullik muassasasi mansabdor shaxsi yoki uning muxtor vakili ishtirokida oʻtkazilishi mumkin.
27-modda Harakat qilish erkinligi
Agar davlat yoki jamoat xavfsizligi mulohazalariga koʻra kirish taʼqiqlangan yoki tartibga solinadigan tumanlar haqidagi qonun-qoidalarga zid kelmasa, konsullik muassasasining barcha xodimlari va ularning oila aʼzolariga konsullik joylashgan davlat oʻz hududida harakat qilish erkinligini taʼminlashi kerak. Bunda konsullik joylashgan davlat barcha hollarda konsullik mansabdor shaxsi oʻz vazifalarini bajarishini taʼminlaydi.
28-modda Imtiyoz va immunitetlardan foydalanmaydigan shaxslar
1. Agar konsullik xizmatchilari va xizmat koʻrsatish xodimlari konsullik joylashgan davlat fuqarolari boʻlsalar yoki bu davlatda doimiy yashasalar, ularga 22-moddaning 3 va 4-bandlari qoidalaridan tashqari ushbu Konvensiyada koʻzda tutilgan imtiyoz va immunitetlar tatbiq etilmaydi.
2. Konsullik joylashgan davlat fuqarosi boʻlgan yoki unda doimiy yashovchi konsullik muassasasi xodimining oila aʼzolari, shuningdek konsullik joylashgan davlat fuqarolari boʻlgan yoki unda doimiy yashovchi yoxud konsullik joylashgan davlatda haq uchun mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi konsullik muassasasi xodimining oila aʼzolari 22-moddaning 3-bandidan tashqari hech qanday imtiyoz va immunitetlardan foydalanmaydilar.
3. 22-modda 3-bandining qoidalaridan tashqari ushbu Konvensiyada aniqlangan imtiyoz va immunitetlar xususiy uy xodimlariga taalluqli boʻlmaydi.
4. Konsullik joylashgan davlat ushbu moddaning 1 — 3-bandlarida aytib oʻtilgan shaxslarga nisbatan, zaruriyatsiz konsullik muassasasi oʻz vazifalarini bajarishini qiyinlashtirmaydigan qilib, oʻz yurisdiksiyasini amalga oshiradi.
29-modda Konsullik joylashgan davlatning qonun-qoidalarini hurmat qilish
1. Ushbu Konvensiyaga binoan imtiyoz va immunitetlar beriladigan barcha shaxslar ularning imtiyoz va immunitetlariga ziyon yetkazmagan holda konsullik joylashgan davlatning qonun-qoidalarini, jumladan transport vositalari harakati va ularning sugʻurtasini tartibga soluvchi qonun-qoidalarni hurmat qilishga majburlar.
2. Konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolari boʻlgan konsullik muassasasi xodimlari rasmiy vazifalarini bajarishdan tashqari biror boshqa professional yoki tijorat faoliyati bilan shugʻullanishlari kerak emas.
IV BOʻLIM Konsullik vazifalari
30-modda Konsullik mansabdor shaxsining vazifalari
1. Konsullik mansabdor shaxsi konsullik okrugi doirasida Konvensiyaning ushbu boʻlimida koʻrsatilgan vazifalarni bajarish huquqiga ega. Bundan tashqari konsullik mansabdor shaxsi boshqa rasmiy konsullik vazifalarini bajarishi mumkin. Agar ular konsullik joylashgan davlat qonunchiligiga zid kelmasa yoki konsullik joylashgan davlat ularning bajarilishiga qarshi boʻlmasa.
2. Konsullik mansabdor shaxsi konsullik joylashgan davlatni yozma ravishda xabardor qilgach, konsullikka vakolat bergan davlatning vakili sifatida har qanday xalqaro tashkilotda harakat qilishi mumkin.
3. Konsullik mansabdor shaxsi oʻz vazifalarini bajarishida oʻz konsullik okrugi doirasida konsullik joylashgan davlatning vakolatli organlariga, shuningdek markaziy maʼmurlariga yozma ravishda yoki ogʻzaki murojaat qilishi mumkin.
4. Konsullik mansabdor shaxsi konsullik joylashgan davlat qonunchiligiga binoan konsullik yigʻimlarini undirish huquqiga ega. Yigʻim va tovon shakllarida yigʻiladigan mablagʻlar konsullik joylashgan davlatda barcha soliq, yigʻim va tovonlardan ozod etiladi.
31-modda
Konsullik mansabdor shaxsi konsullikka vakolat bergan davlat va uning fuqarolarining manfaatlarini himoya qilish huquqiga ega.
32-modda
Konsullik mansabdor shaxsi konsullikka vakolat bergan davlat va konsullik joylashgan davlat oʻrtasida savdo, iqtisodiy, ilmiy va madaniy aloqalarni, shuningdek doʻstlik munosabatlarini rivojlantirishga koʻmaklashadi.
33-modda Fuqarolik holati aktlarini qayd etish masalalari boʻyicha vazifalar
1. Konsullik mansabdor shaxsi quyidagi huquqlarga ega:
1) konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolarini hisobga olish;
2) konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolarining tugʻilishi yoki oʻlimi toʻgʻrisidagi xabarnoma va hujjatlarni olish;
3) nikohdan oʻtuvchi ikkala shaxs konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolari boʻlgan holda konsullikka vakolat bergan davlat qonunchiligiga muvofiq nikohlarni qayd etish.
2. Agar konsullik joylashgan davlat qonunchiligi buni talab etsa, konsullik mansabdor shaxsi konsullik joylashgan davlat vakolatli organlariga konsullik muassasasida amalga oshirilgan ushbu modda 1-bandining 2 va 3-kichik bandlarida koʻrsatilgan harakatlar toʻgʻrisida maʼlum qiladi.
3. Ushbu modda 1-bandining 2 va 3-kichik bandlari qoidalari manfaatdor shaxslarni konsullik joylashgan davlat qonunchiligi talab etadigan rasmiyatchiliklarga rioya qilishdan ozod etmaydi.
34-modda Pasport va vizalar berish
Konsullik mansabdor shaxsi quyidagi huquqlarga ega:
1) konsullikka vakolat bergan davlat qonunchiligiga muvofiq fuqarolarga pasportlar berish, amal qilish muddatini uzaytirish yoki bekor qilish;
2) konsullikka vakolat bergan davlatga kirish huquqini beruvchi hujjatlarni berish va bu hujjatlarga zarur oʻzgartirishlar kiritish;
3) vizalarni berish, uzaytirish yoki bekor qilish.
35-modda Fuqarolik, notarial tasdiqlash va legallashtirish masalalari boʻyicha vazifalar
Konsullik mansabdor shaxsi quyidagi huquqlarga ega:
1) konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolarining arizalarini, jumladan oila munosabatlari va fuqarolik masalalariga tegishli arizalarni konsullikka vakolat bergan davlat qonunchiligiga muvofiq qabul qilish, tuzish va tasdiqlash;
2) konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolarining vasiyatnomalarini tuzish, qayd etish, tasdiqlash va saqlashga qabul qilish;
3) konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolari oʻrtasidagi bitimlarni tuzish, qayd etish va tasdiqlash va konsullik joylashgan davlat qonunchiligiga zid kelmaydigan bir tomonlama majburiyatlarni tasdiqlash.
Biroq konsullik mansabdor shaxsi konsullik joylashgan davlatda boʻlgan koʻchirib boʻlmaydigan mulkka boʻlgan huquqlarni oʻrnatadigan, olib qoʻyadigan yoki beradigan bitim va majburiyatlarni tuzish, qayd etish va tasdiqlash huquqiga ega emas.
4) Bir tomondan konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolari, ikkinchi tomondan konsullik joylashgan davlat fuqarolari yoki uchinchi davlat fuqarolari oʻrtasidagi bitimlar ijro etilishi yoki faqatgina konsullikka vakolat bergan davlatda huquqiy natijaga olib kelsa va ular konsullik joylashgan davlat qonunchiligiga zid kelmasligi sharti bilan, bu bitimlarni tuzish, qayd etish va tasdiqlash;
5) konsullikka vakolat bergan davlat yoki konsullik joylashgan davlat organlari tomonidan berilgan hujjatlarni legallashtirish, shuningdek bu hujjatlardan olingan nusxa, dublikat va koʻchirmalarni tasdiqlash;
6) hujjatlarni tarjima qilish va tarjimalarning toʻgʻriligini tasdiqlash;
7) konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolarining imzolarini tasdiqlash;
8) konsullik joylashgan davlat qonunchiligi va boshqa huquqiy aktlarga zid kelmasa, konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolaridan va ular uchun hujjat, pul va boshqa ashyolarni saqlashga qabul qilish. Saqlashga qabul qilingan hujjat, ashyo va pullar konsullik joylashgan davlatdan olib chiqib ketilishi mumkin, agar bu konsullik joylashgan davlat qonunchiligi va boshqa huquqiy aktlarga zid boʻlmasa;
9) tovarlarning kelib chiqishini tasdiqlovchi hujjatlarni berish.
36-modda Konsullik mansabdor shaxsi tuzgan hujjatlarning yuridik ahamiyati
Ushbu Konvensiyaning 35-moddasiga muvofiq konsullik mansabdor shaxsi tomonidan tuzilgan, tasdiqlangan yoki tarjima qilingan hujjatlar konsullik joylashgan davlatda shu davlatning organ va muassasalari tomonidan tuzilgan, tasdiqlangan yoki tarjima qilingan hujjatlardek yuridik ahamiyatga va dalil boʻla oladigan kuchga ega boʻladi.
37-modda Sud hujjatlarini va sudga oid boʻlmagan hujjatlarni topshirish huquqi
Konsullik mansabdor shaxsi konsullikka vakolat bergan davlat vakolatli organlarining arizasi boʻyicha sud hujjatlarini va sudga oid boʻlmagan hujjatlarni topshirish, sud topshiriqlarini yoki koʻrsatmalar olish boʻyicha topshiriqlarni bajarish huquqiga ega, agar bu Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida tuzilgan amaldagi xalqaro shartnomalarga zid boʻlmasa, bunday shartnomalar boʻlmagan holda esa konsullik joylashgan davlat qonunchiligiga muvofiq holda. Bu huquq faqatgina konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolariga nisbatan va majburlovsiz qoʻllanilishi mumkin.
38-modda Vasiylik va homiylik
1. Konsullik joylashgan davlatning vakolatli organlari balogʻatga yetmagan yoki toʻliq muomala layoqatiga ega boʻlmagan konsullikka vakolat bergan davlat fuqarosiga vasiylik yoki homiylik qilish zaruriyati toʻgʻrisida yoki konsullik joylashgan davlatda boʻlgan, konsullikka vakolat bergan davlat fuqarosi sababidan qatʼiy nazar boshqara olmaydigan mulkni muhofaza qilish zaruriyati toʻgʻrisida konsullik mansabdor shaxsiga maʼlum qiladi.
2. Konsullik joylashgan davlatning vakolatli organlari bilan kelishilgan holda konsullik mansabdor shaxsi konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolarini ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan masalalar boʻyicha xabardor qilish, xususan homiy yoki vasiy boʻla oladigan shaxslarni taklif etishi mumkin.
39-modda Konsullikka vakolat bergan davlat fuqarosining oʻlimi toʻgʻrisida xabardor qilish
Konsullik joylashgan davlatning vakolatli organlari konsullikka vakolat bergan davlat fuqarosining oʻlimi toʻgʻrisida konsullik mansabdor shaxsini darhol xabardor qiladilar va oʻlimi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasini bepul beradilar.
40-modda Meros mulkni himoya qilish boʻyicha choralar
1. Konsullik joylashgan davlatning vakolatli organlari bu davlatda konsullikka vakolat bergan davlat fuqarosining merosi ochilishi toʻgʻrisida, shuningdek, agar konsullikka vakolat bergan davlat fuqarosi merosxoʻr, rad javobi oluvchi yoki merosga talabgor sifatida aniqlansa, oʻlgan shaxsning fuqaroligidan qatʼiy nazar merosning ochilishi toʻgʻrisida konsullik mansabdor shaxsini darhol xabardor qiladilar.
2. Konsullik joylashgan davlatning vakolatli organlari merosni saqlash va agar vasiyatnoma tuzilgan boʻlsa, uning nusxasini, shuningdek meros, merosga huquqi boʻlgan shaxslarning manzilgohlari va ish haqi, ijtimoiy sugʻurtalash va sugʻurta polislariga muvofiq keladigan mablagʻlarni oʻz ichiga olgan holda merosning qiymati va tarkibiy qismlariga tegishli mavjud barcha maʼlumotlarni konsullik mansabdor shaxsiga topshirish uchun konsullik joylashgan davlat qonunchiligi koʻzda tutgan zarur choralarni koʻradilar. Shuningdek meros jarayoning boshlanishi yoki u boʻlib turgan bosqich toʻgʻrisida maʼlum qiladilar.
3. Konsullik mansabdor shaxsi vakolatlarini taqdim etish zaruriyatisiz konsullik joylashgan davlatning sud yoki boshqa vakolatli organlari oldida konsullik joylashgan davlatda merosni olish huquqiga ega boʻlgan yoki unga talabgor boʻlgan konsullikka vakolat bergan davlat fuqarosiga, agar bu fuqaro boʻlmasa yoki oʻz vakilini tayinlamasa, bevosita yoki oʻz vakili orqali vakillik qilishi mumkin.
4. Konsullik mansabdor shaxsi quyidagilarni talab qilish huquqiga ega:
1) merosni saqlash, uni yopib, muhrlab qoʻyish va muhrni olib tashlash, merosni muhofaza qilish, jumladan meros vositasini tayinlash, shuningdek bu harakatlarda ishtirok etish uchun choralar koʻrish;
2) meros tarkibiga kiruvchi mulkni sotish, u ishtirok etishi mumkin boʻlishi uchun bu mulkni sotishning belgilangan vaqti toʻgʻrisida xabardor qilish.
5. Meros toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sudlov ishlari yoki boshqa rasmiy harakatlar tugatilgan daqiqadan boshlab konsullik joylashgan davlatning vakolatli organlari bu toʻgʻrisida darhol konsullik mansabdor shaxsiga maʼlum qiladilar va qarz, soliq va yigʻimlar tartibga solingandan keyin 3 oy davomida u vakillik qilayotgan shaxslarning merosi yoki merosning tegishli qismini topshiradilar.
6. Konsullik mansabdor shaxsi muxtor shaxsga topshirish uchun konsullik joylashgan davlatda doimiy yashamagan konsullikka vakolat bergan davlat fuqarosi merosining qismlarini va vasiyatnomasini, shuningdek yetkazilgan puturni qoplash uchun berilgan, bu shaxslarga qonuniy tegishli boʻlgan pul mablagʻlari, toʻlanmagan pensiyalar, ish haqi va sugʻurta polislarini olish huquqiga ega.
7. Ushbu moddaning 5 va 6-bandlariga binoan mulk va pul mablagʻlarini konsullikka vakolat bergan davlatga topshirish faqatgina konsullik joylashgan davlatning qonunchiligi va boshqa qoidalariga mos ravishda amalga oshiriladi.
41-modda Konsullikka vakolat bergan davlatning oʻlgan fuqarosining mulkini muhofaza qilish
1. Konsullikka vakolat bergan davlatning konsullik joylashgan davlatda doimiy yashaydigan fuqarosi bu davlatda oʻlgan holda unga tegishli boʻlgan qolgan mulk konsullik joylashgan davlatning vakolatli organlari tomonidan muhofaza qilinadi, soʻngra maxsus sudlov ishlarisiz konsullikka vakolat bergan davlatning konsullik mansabdor shaxsiga topshiriladi. Konsullik mansabdor shaxsi oʻlgan odamning konsullik joylashgan davlatda boʻlgan vaqtida qilgan qarzlarini qolgan mulk qiymati doirasida toʻlaydi.
2. Ushbu moddaning 1-bandida aniqlangan mulkka ushbu Konvensiya 40-moddasi 7-bandining mos keladigan qoidalari tatbiq etiladi.
42-modda Konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolariga vakillik
Agar konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolari konsullik joylashgan davlatda yoʻq boʻlgani yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra oʻz huquq va manfaatlarni oʻz vaqtida himoya qilishga qodir boʻlmasalar, konsullik mansabdor shaxsi bu fuqarolarga konsullik joylashgan davlatning organlari oldida vakillik qilishi mumkin. Bu vakillik qilish vakillik qilinayotgan shaxs oʻz vakilini tayinlagunicha yoki oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilishni oʻz zimmasiga olgunicha davom etadi.
43-modda Konsullik vakolat bergan davlat fuqarolari bilan aloqalar
1. Konsullik mansabdor shaxsi konsullikka vakolat bergan davlatning istalgan fuqarosi bilan aloqa qilish va uchrashish, unga maslahat berish va har tomonlama koʻmaklashish, zarur hollarda esa unga huquqiy yordam berish uchun choralar koʻrish huquqiga ega. Konsullik joylashgan davlat konsullikka vakolat bergan davlat fuqarosining konsullik mansabdor shaxsi bilan aloqalarini hech bir usul bilan cheklashi mumkin emas, shuningdek uning konsullik muassasasiga kirishini cheklashi mumkin emas.
2. Konsullik joylashgan davlatning vakolatli organlari konsullikka vakolat bergan davlat fuqarosini hibsga olish, ushlash yoki boshqa shaklda ozodlikdan mahrum etish toʻgʻrisida darhol, lekin bu choralar koʻrilgan kundan boshlab kamida 5 kun davomida konsullik mansabdor shaxsini xabardor qiladilar.
3. Konsullik mansabdor shaxsi konsullikka vakolat bergan davlatning hibsga olingan, ushlangan yoki boshqa shaklda ozodlikdan mahrum etilgan yoxud qamoqda jazo muddatini oʻtayotgan fuqarolarini zudlik bilan, lekin 4 kundan kechiktirmay, borib koʻrish va u bilan muloqot qilish huquqiga ega. Ushbu bandda sanab oʻtilgan huquqlar konsullik joylashgan davlatning qonunchiligi va boshqa qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi, agar ular bu qoidalarga zid boʻlmasa.
4. Konsullik joylashgan davlatning vakolatli maʼmurlari konsullikka vakolat bergan davlatning hibsga olingan, ushlangan yoki boshqa shaklda ozodlikdan mahrum etilgan shaxsini ushbu moddaning 1 va 3-bandlari qoidalariga binoan uning huquqlari toʻgʻrisida darhol xabardor qilishlari kerak.
5. Konsullik joylashgan davlatning vakolatli organlari konsullik mansabdor shaxsini konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolari qurbon boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jiddiy ofatlar toʻgʻrisida zudlik bilan xabardor qiladilar.
44-modda Konsullikka vakolat bergan davlatning havo kemasiga yordam koʻrsatish
1. Konsullik mansabdor shaxsi oʻz konsullik okrugi doirasida konsullikka vakolat bergan davlat qonun-qoidalari koʻzda tutgan nazorat qilish va inspeksiya huquqlarini konsullik joylashgan davlat aeroportida yoki havoda parvozda boʻlgan konsullikka vakolat bergan davlatning havo kemalariga, shuningdek ularning ekipaj aʼzolariga nisbatan amalga oshirishi mumkin.
2. Konsullik mansabdor shaxsi oʻz konsullik okrugi doirasida konsullik joylashgan davlat aeroportida yoki havoda parvozda boʻlgan konsullikka vakolat bergan davlatning havo kemalariga, shuningdek ularning ekipaj aʼzolariga yordam koʻrsatish huquqiga, jumladan:
1) konsullikka vakolat bergan davlat havo kemasining komandiri yoki uning ekipaji aʼzolari bilan aloqa qilish;
2) konsullik joylashgan davlat vakolatli organlarining huquqlariga ziyon yetkazmagan holda konsullikka vakolat bergan davlat havo kemasining parvozi yoki uning aeroportda turgan vaqtida sodir boʻlgan hodisalarni tekshirish, komandirni yoki ekipaj aʼzolarini soʻroq qilish, havo kemasining guvohnomasini tekshirish, komandirning havo kemasi, uning parvozi va borish joyi toʻgʻrisidagi axborotini tinglash, shuningdek havo kemasiga parvoz, qoʻnish va aeroportda turish boʻyicha zarur yordam koʻrsatish;
3) konsullik joylashgan davlat vakolatli organlarining huquqlariga ziyon yetkazmagan holda konsullikka vakolat bergan davlatning qonunchiligiga binoan komandir va ekipaj aʼzolari oʻrtasidagi turli xil bahslarni hal etish;
4) zarur boʻlganida havo kemasi komandiri yoki ekipaj aʼzolarining kasalxonada davolanishini yoki repatriatsiyasini taʼminlash;
5) havo kemasiga nisbatan konsullikka vakolat bergan davlat qonun-qoidalari koʻzda tutgan har qanday hujjatlarni olish, berish yoki tasdiqlash huquqlariga ega.
3. Konsullik mansabdor shaxsi ushbu moddada koʻzda tutgan vazifalarni bajarishda konsullik joylashgan davlat vakolatli organlariga yordam va koʻmak soʻrab murojaat qilishi mumkin.
45-modda Konsullikka vakolat bergan davlat havo kemasiga nisbatan majburlov choralaridan himoyalash
1. Konsullik joylashgan davlat vakolatli maʼmurlari konsullikka vakolat bergan davlatning havo kemasiga nisbatan majburlov choralarini qoʻllamoqchi yoki unda tekshiruv oʻtkazmoqchi boʻlsalar, ular konsullik mansabdor shaxsi yoki uning vakili bunday harakatlarni amalga oshirish vaqtida qatnashishlari uchun konsullik muassasasini bu toʻgʻrida oldindan xabardor qiladilar. Agar masalaning muhimligidan vaqt yetishmasligi sababli konsullik muassasasini oldindan xabardor qilish mumkin boʻlmasa, konsullik joylashgan davlatning vakolatli maʼmurlari konsullik muassasasini yuqorida koʻrsatilgan harakatlar qilinishi bilanoq xabardor qiladilar va konsullik muassasasi mansabdor shaxsining iltimosiga koʻra imkoni boricha qisqa muddat ichida bu harakatlar toʻgʻrisida toʻla maʼlumot beradilar.
2. Ushbu modda 1-bandining qoidalari konsullik joylashgan davlat maʼmurlari 1-bandga muvofiq havo kemasi komandiri yoki ekipaj aʼzolariga nisbatan shu kabi choralar koʻrgan hollarga ham tadbiq etiladi.
3. Ushbu moddaning 1 va 2-bandlari konsullik joylashgan davlat vakolatli maʼmurlari amalga oshiradigan oddiy bojxona, chegara, xavfsizlik va sanitariya nazoratiga nisbatan qoʻllanilmaydi.
4. Agar konsullikka vakolat bergan havo kemasi, uning ekipaj aʼzolari va passajirlari konsullik joylashgan davlatda tinchlik, xavfsizlik va jamoat tartibini buzmasalar, konsullik joylashgan davlat maʼmurlari havo kemasining ichki ishlariga aralasha olmaydilar. Konsullikka vakolat bergan davlat kemasi komandiri va konsullik mansabdor shaxsi iltimos qilgan yoki ular rozilik bergan hollar bundan mustasno.
46-modda Konsullikka vakolat bergan davlatning halokatga uchragan havo kemasiga yordam
1. Konsullikka vakolat bergan davlat kemasi konsullik joylashgan davlat hududida halokatga uchrasa yoki konsullik joylashgan davlat vakolatli organlari konsullik joylashgan davlat hududida halokatga uchragan havo kemasida konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolari va ularning mulki borligi toʻgʻrisida maʼlum boʻlsa, unda konsullik joylashgan davlat vakolatli maʼmurlari imkoni boricha qisqa muddatda bu toʻgʻrida konsullik muassasasiga maʼlum qiladilar, shuningdek havo kemasini va konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolarini, shuningdek ularning mulkini qutqarish boʻyicha koʻrilgan choralar toʻgʻrisida xabardor qiladilar.
2. Konsullik mansabdor shaxsi halokatga uchragan havo kemasi, uning ekipaj aʼzolari va yoʻlovchilariga yordam berish uchun choralar koʻrishi, shuningdek bu maqsadda konsullik joylashgan davlatning vakolatli maʼmurlariga murojaat qilishi mumkin.
3. Agar konsullik joylashgan davlat yoki uchinchi davlat hududida halokatga uchragan konsullikka vakolat bergan davlat havo kemasi, uning ashyolari yoki yuki konsullik joylashgan davlatda topilgan boʻlsa va bunda havo kemasi komandiri, egasi yoki sugʻurtachilari boʻlmasa, yoki ular bu mulkni saqlash yoki uni ishlatishga qodir boʻlmasalar, unda konsullik mansabdor shaxsi ularning nomidan halokatga uchragan havo kemasi va mulkini saqlash va ishlatish boʻyicha choralar koʻrishi mumkin.
4. Agar ushbu moddaning 1, 2 va 3-bandlarida koʻrsatilgan konsullikka vakolat bergan davlatning havo kemasi, uning ashyolari va yuki konsullik joylashgan davlatda sotmaslik yoki ishlatmaslik uchun olib borilgan boʻlsa, konsullikka vakolat bergan davlat tomonidan ularga bojxona toʻlovlari va shu kabi yigʻimlar solinmaydi.
47-modda Konsullikka vakolat bergan davlatning kemasi
Ushbu Konvensiya 44, 45, va 46-moddalarining konsullikka vakolat bergan davlat havo kemasiga taalluqli boʻlgan qoidalari teng darajada uning kemalariga ham tatbiq etiladi.
48-modda Diplomatik vakolatxona tomonidan konsullik vazifalarini amalga oshirish
1. Ushbu Konvensiya qoidalari mos ravishda diplomatik vakolatxona tomonidan konsullik vazifalari bajarilgan holda qoʻllaniladi.
2. Diplomatik vakolatxona aʼzolari, konsullik boʻlimi xodimlari yoki vakolatxonaning konsullik vazifalarini bajarishga boshqa usul bilan tayinlanganlarning familiyalari konsullik joylashgan davlatning Tashki ishlar vazirligiga maʼlum qilinadi.
3. Konsullik vazifalarini bajarishda diplomatik vakolatxona:
1) konsullik okrugining mahalliy maʼmurlariga;
2) konsullik joylashgan davlatning markaziy maʼmurlariga, agar bunga konsullik joylashgan davlatning qonun-qoidalari va urf-odatlari yoki tegishli xalqaro shartnomalar ruxsat etsa, murojaat qilishi mumkin.
4. Diplomatik vakolatxona xodimlarining ushbu moddaning 2-bandida koʻrsatilgan imtiyoz va immunitetlari diplomatik munosabatlar toʻgʻrisidagi xalqaro normalarga avvalgidek muvofiq boʻladi.
V BOʻLIM Yakunlovchi qarorlar
49-modda Ushbu Konvensiyaning ratifikatsiyasi, kuchga kirishi va amal qilishining toʻxtatilishi
1. Ushbu Konvensiya ratifikatsiya qilinadi va ratifikatsiya yorliqlari bilan almashuv sanasidan soʻng 30 kundan keyin kuchga kiradi.
2. Ushbu Konvensiya noaniq muddatga tuzildi va Ahdlashuvchi Tomonlardan biri diplomatik kanallar orqali boshqa Ahdlashuvchi Tomonga uning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida yozma bildirishnomani taqdim etgan sanadan boshlab olti oy oʻtgunicha kuchda qoladi.
(imzolar)
