Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining saylov okruglaridagi uchrashuvlarini tashkil etish va qonunlarning ijro etilishi holatini oʻrganish toʻgʻrisida (86-II-son)
26.05.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Davlat dasturlari va qonunlarning joylarda amalda roʻyobga chiqarilishi darajasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan oʻrganilishi maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning 2010-yil 27-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisidagi “Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish — ustuvor maqsadimizdir”, shuningdek 2010-yil 29-yanvarda Vazirlar Mahkamasining 2009-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2010-yilga moʻljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvorliklariga bagʻishlangan majlisidagi “Asosiy vazifamiz — Vatanimiz taraqqiyoti va xalq farovonligini yanada yuksaltirishdir” mavzuidagi maʼruzalarida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2010-yilga va keyingi yillarga moʻljallangan qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil ishlari dasturining 2.1-bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. 2010-yilning 28-mayidan 6-iyunigacha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining ishlari saylov okruglarida amalga oshirilsin.
2. Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining saylov okruglaridagi uchrashuvlarini tashkil etish boʻyicha masʼul qoʻmita etib belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi tomonidan taqdim etilgan “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilishi holatini oʻrganish rejasi tasdiqlansin.
Oʻzbekiston ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi oʻz dasturiy vazifalariga asoslangan holda maxsus ishlab chiqqan reja boʻyicha joylarda ayrim qonunlar ijrosining borishini oʻrganishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovchilar bilan uchrashuvlar vaqtida:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning 2010-yil 27-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisidagi “Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish — ustuvor maqsadimizdir”, shuningdek 2010-yil 29-yanvarda Vazirlar Mahkamasining 2009-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2010-yilga moʻljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvorliklariga bagʻishlangan majlisidagi “Asosiy vazifamiz — Vatanimiz taraqqiyoti va xalq farovonligini yanada yuksaltirishdir” mavzuidagi maʼruzalaridan kelib chiqadigan ustuvor vazifalarning mohiyati va mazmunini tushuntirishga alohida eʼtibor qaratsinlar;
mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning, qabul qilingan qonunlarning mohiyati va mazmunini, amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarni huquqiy jihatdan taʼminlashda parlamentning rolini, erishilgan ijtimoiy-iqtisodiy natijalarning ahamiyatini, Oʻzbekiston rahbariyatining jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davrida tanlagan rivojlanish strategiyasining toʻgʻriligini va mamlakatda amalga oshirilayotgan inqirozga qarshi dasturning samaradorligini keng tushuntirsinlar;
fuqarolik jamiyati institutini rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan qonunlar normalarining joylarda ijro etilishi holatini chuqur oʻrgansinlar;
“Barkamol avlod yili” Davlat dasturining hamda 2010-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining bajarilishi jarayoniga eʼtibor qaratsinlar;
tushuntirish ishlarida markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlaridan samarali foydalansinlar;
xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlarini ishga keng jalb etsinlar;
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlari buzilganligi yoki boshqa qonun hujjatlari buzilganligi aniqlangan taqdirda, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasiga muvofiq tegishli davlat organlariga va mansabdor shaxslarga bunday qonunbuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha jadal choralar koʻrish talabi bilan murojaat qilsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va Oʻzbekiston ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhiga:
siyosiy partiyalarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni roʻyobga chiqarishdagi roli va taʼsirini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining saylov okruglarida ishlashi chogʻida mahalliy partiya tashkilotlari va Oʻzbekiston ekologik harakati tuzilmalarining imkoniyatlaridan samaraliroq foydalanish;
qonunlarning mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ijro qilinishi ustidan nazoratni kuchaytirish boʻyicha choralar koʻrish;
deputatlar tomonidan saylov okruglarida amalga oshirilgan ishlarning natijalarini 2010-yilning 10-iyuniga qadar oʻz majlislarida muhokama qilish va yakuniy axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashiga taqdim etish tavsiya qilinsin.
6. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va “Xalq soʻzi” — “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyatlariga deputatlarning saylov okruglaridagi ishlari borishini maxsus ruknlarda keng yoritib borish tavsiya qilinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Devoni saylov okruglaridagi ishlarning samarali amalga oshirilishi uchun deputatlar oʻz zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarishlari yuzasidan ularga axborot, tashkiliy va texnikaviy yordam koʻrsatishni kuchaytirsin.
8. Deputatlarning saylov okruglaridagi ishlari tashkil etilishi va ushbu qarorning bajarilishi ustidan nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. Vafoyev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2010-yil 26-may,
86-II-son
