Tuman hududida toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bagʻishlangan tadbirlarni oʻtkazilishini tartibga solish toʻgʻrisida (X-427/8-son)
03.08.2015
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 28-oktabrdagi PF-2100-son Farmoni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 1998-y., 10-11-son, 203-modda) ijrosini taʼminlash hamda tuman hududidagi toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilik bilan oʻtkazilishi keng jamoatchilikni tashvishga solayotganligi sababli bunday holatlarga chek qoʻyish, fuqarolar sogʻligʻi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda) 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Tuman xotin-qizlar qoʻmitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman boʻlimi, “Nuroniy” jamgʻarmasi tuman boʻlimi, Maʼnaviyat-targʻibot markazi tuman boʻlimi, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari bilan birgalikda toʻy-hasham, marosim va oilaviy tadbirlarni oʻtkazishni muvofiqlashtiruvchi Jamoatchilik Kengashini tuzish takliflari maʼqullanib, ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Tuman xotin-qizlar qoʻmitasi (F. Karamatova), “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman boʻlimi (N. Muhiddinov), “Nuroniy” jamgʻarmasi tuman boʻlimi (Y. Ochilov), Maʼnaviyat targʻibot markazi tuman boʻlimi (X. Xonimov), tumandagi barcha QFY va MFY raislariga:
Jamoatchilik Kengashining maqsad va vazifalarini belgilab, oʻtkaziladigan toʻy-hasham, marosim, oilaviy tantanalar va boshqa tadbirlarni oʻtkazish holati yuzasidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, hamda toʻy va marosim egalari bilan ixcham, isrofgarchiliksiz va belgilangan talablar asosida oʻtkazish boʻyicha tushuntirish ishlarini olib borish;
keng jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bagʻishlangan tadbirlarni tartibga solish hamda ixcham va milliy qadriyatlar asosida oʻtkazish boʻyicha takliflarni ishlab chiqib, targʻibot qilish orqali jamiyat hayotiga tatbiq etish;
toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar va marosimlarni oʻtkazish boʻyicha jamoatchilik fikrini inobatga olmaydigan fuqarolarni mahalla fuqarolar yigʻiniga taklif qilish, ushbu masalani mahalla va mehnat jamoasida muhokama etish, taʼsir chorasini koʻrish va tushuntirish ishlarini oʻtkazish tizimini yaratish tavsiya etilsin.
3. Tuman bosh imom-xatibi (O. Axmedov), tumandagi barcha QFY va MFY raislariga:
toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bagʻishlangan tadbirlarni ixcham oʻtkazishni, dabdabali oʻtkazilayotgan tadbirlarga sarflanayotgan mablagʻlarni kam taʼminlangan oilalarni moddiy qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirishni targʻib qilish;
diniy tashkilotlar, imom-xatiblar toʻylar va marosimlardagi maʼruzalarida aholining eʼtiborini yoshlar tarbiyasi, ota-onaning masʼuliyati, jamiyat hayotiga xavf solayotgan tahdidlarning oldini olish, tinchlik va mustaqillik neʼmatini asrash kabi masalalarga qaratishi tavsiya etilsin.
4. Tumandagi davlat boshqaruvi organlari, korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat unumdorligini saqlash maqsadida restoran, oshxona, kafe va toʻyxonalarda ish kunlari toʻy va marosim munosabati bilan soat 07.00 dan 09.00 gacha yoki 12.00 dan 14.00 gacha osh berish va aksincha ish vaqtida soat 09.00 dan 12.00 gacha, 14.00 dan 18.00 gacha osh berishni taʼqiqlash, hamda soat 22.00 dan keyin toʻy va bazmlarni davom ettirish holatlarining oldini olish boʻyicha jamoatchilikning takliflari qoʻllab-quvvatlansin.
5. Tuman Davlat soliq inspeksiyasi (Q. Almatov)ga:
Restoran, oshxona, kafe va toʻyxonalarda toʻy-hasham va turli marosimlarni oʻtkazishda plastik kartochkalar, naqd pul oʻtkazish yoʻli va bank krediti orqali oʻtkaziladigan toʻlovlarni qabul qilishda hech qanday cheklovlarsiz, bir xil belgilangan narxlarda amalga oshirilishi nazoratga olinsin.
6. Tuman Ichki ishlar boʻlimi (J. Shodmonov)ga:
barcha restoran, oshxona, kafe va toʻyxona egalari toʻy va marosimlarda fuqarolar hayotiga xavf soluvchi texnikalar, koʻrgazmalar va pirotexnikadan foydalanmaslik hamda toʻyxona atrofida yashovchi aholining tinchligi buzilmasligi uchun toʻy-hashamdan soʻng shovqinli holatlar boʻlmasligini taʼminlash boʻyicha;
fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida bu turdagi tadbirlarni oʻtkazishga moʻljallangan tumandagi barcha restoran, oshxona, kafe va toʻyxonalarni kuzatuv kameralari bilan jihozlanishini taʼminlash boʻyicha;
toʻy-hasham munosabati bilan kelin-kuyov va ularning yaqinlari tuman hududida aylanishi va suratga olishi jarayonida fuqarolar hamda yoʻl harakati xavfsizligiga qatʼiy rioya etilishini nazorat qilish boʻyicha, shuningdek mazkur turdagi tadbirlarni tantanali oʻtkazishga jalb qilinadigan avtomashinalar sonini 4 tadadan oshmagan miqdorda boʻlishini taʼminlash yuzasidan chora-tadbirlar belgilasin.
7. Tuman Madaniyat va sport ishlari boʻlimi (Q. Mallayev)ga:
toʻylar va bazmlarda sanʼatkorlar ishtiroki va ularning kiyinish madaniyatiga rioya qilinishi, shuningdek xonandalik va raqqosalik litsenziyasi mavjudligi nazoratga olinsin, raqqosalik kasbiga nomunosib boʻlgan qiz-juvonlarning toʻy-hasham va bazmlarga raqqosa nomi ostida chiqishi qatʼiy cheklansin.
8. Tuman Xotin-qizlar qoʻmitasi (F. Karamatova), “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman boʻlimi (N. Muhiddinov), “Nuroniy” jamgʻarmasi tuman boʻlimi (Y. Ochilov), Maʼnaviyat targʻibot Markazi tuman boʻlimi (X. Xonimov), “QAMASHI” gazetasi (T. Tillayev) hamda tumandagi mahalla va qishloq fuqarolar yigʻini raislari, diniy tashkilotlar imom-xatiblariga ushbu qarorning mazmun-mohiyatini aholi va keng jamoatchilik oʻrtasida keng targʻib qilish va ommaviy axborot vositalarida yoritib borish vazifasi topshirilsin.
9. Mazkur qaror tumandagi barcha restoran, oshxona, kafe va toʻyxona egalariga yetkazilsin hamda ijrosi toʻliq nazoratga olinsin.
10. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimi oʻrinbosarlari R. Qurbanov va F. Karamatovalar zimmasiga yuklatilsin.
11. Mazkur qaror “QAMASHI” gazetasida rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim R. MUXAMMADIYEV
Qamashi t.,
2015-yil 3-avgust,
X-427/8-son
Tuman hokimining 2015-yil 3-avgust kunidagi X-427/8-sonli qaroriga ILOVA
Tuman hududida toʻy-hasham, marosim va oilaviy tadbirlarni oʻtkazishni muvofiqlashtiruvchi Jamoatchilik Kengashi
TARKIBI
