Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning 2010-yil 26-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisida soʻzlagan nutqining va 2010-yil 27-yanvardagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisidagi “Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish-ustuvor maqsadimizdir” degan maʼruzasining asosiy qoidalarini roʻyobga chiqarish borasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vazifalari toʻgʻrisida (15-II-son)
25.02.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning 2010-yil 26-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisida soʻzlagan nutqi va 2010-yil 27-yanvardagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisidagi “Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish — ustuvor maqsadimizdir” degan maʼruzasi mamlakatimizning siyosiy va ijtimoiy hayotida gʻoyat muhim voqealar boʻldi. Ularda katta intellektual kuchga ega boʻlgan, mamlakatimizda va xalqaro maydonda kechayotgan koʻp qirrali va murakkab jarayonlarni chuqur tahlil qilishga asoslangan qoida va xulosalar belgilab berildi. Mazkur qoida va xulosalar Oʻzbekistonning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini anglab yetish, islohotlarning asosiy natijalarini chuqur va har tomonlama baholash, oldimizda turgan vazifalarni belgilab olish uchun gʻoyat muhim ahamiyatga egadir.
Davlat hokimiyatining vakillik organlariga boʻlib oʻtgan saylovlar aholining yuksak ijtimoiy-siyosiy madaniyatini, uning siyosiy va fuqarolik ongi darajasi oʻsib borayotganligini, xalqimiz mamlakatni isloh etish va modernizatsiya qilishni chuqurlashtirish yoʻlidan izchil ilgarilab borayotganimizni keng qoʻllab-quvvatlayotganini namoyish etdi.
Mamlakatimiz Prezidenti qayd etib oʻtganidek, Oʻzbekiston oldida turgan ustuvor vazifalarni hal qilishga parlament muhim hissa qoʻshmoqda. Oldingi chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ish olib borgan davrda mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishda katta ahamiyatga ega boʻlgan 250 dan ortiq qonun qabul qilindi. Iqtisodiy islohotlarni qonunchilik jihatidan taʼminlash jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining salbiy oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga moʻljallangan dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun zarur huquqiy negizni yaratishga yordam berdi, bu esa Oʻzbekistonning dunyodagi kamdan-kam mamlakatlar qatorida barqaror iqtisodiy oʻsish surʼatlarini hamda aholi real daromadlarining oshishini taʼminlashiga imkon berdi.
Ayni vaqtda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati ishida jiddiy xato va kamchiliklar mavjud. Qabul qilinayotgan qonunlarning sifatini tubdan yaxshilash talab qilinadi. Ularda koʻpincha ushbu qonun hujjatlarining amalga oshirilishini taʼminlaydigan protsessual mexanizmlar yoʻq boʻlib, bu hol, oʻz navbatida, ularni qoʻllashni ancha qiyinlashtirib qoʻymoqda, qonunlarning ijro etilmasligiga va huquqiy nigilizmga, huquqni qoʻllash amaliyotining samaradorligi pasayishiga olib kelmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va uning qoʻmitalari qonunda nazarda tutilgan parlament nazorati va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirishga taʼsir koʻrsatish shakllaridan yetarli darajada foydalanmayotirlar. Senatorlarning saylovchilar hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari, ularning doimiy komissiyalari bilan olib borayotgan ishini ham jiddiy yaxshilash talab qilinmoqda, bu esa ularga qabul qilingan qonunlar qanday ishlayotganligini, hozirgi kunda jamiyat va davlatimiz uchun qanday qonunlar kerakligini aniqlash, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan qarorlar qabul qilish chogʻida umumdavlat manfaatlari bilan mintaqalarning manfaatlarini yanada uygʻunlashtirish imkonini bergan boʻlar edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi shuni qayd etadiki, Markaziy Osiyo mintaqasida va butun dunyoda murakkab geosiyosiy sharoit saqlanib qolmoqda, binobarin mamlakatimiz parlamenti mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga oʻz hissasini qoʻshmogʻi kerak. Mamlakatimiz xavfsizligini taʼminlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlash vazifalarini hal qilish uchun NATO/SEAP tashkilotining 2008-yil aprel oyida boʻlib oʻtgan Buxarest sammitida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov tomonidan ilgari surilgan, afgʻon muammosini faqat harbiy vositalar bilan hal qilib boʻlmasligi va koʻp millatli hamda koʻp konfessiyali Afgʻoniston xalqining milliy urf-odatlari, madaniyati va diniy qadriyatlari hurmat qilinishini taʼminlash zarurligi haqidagi dasturiy qoida birinchi marotaba asoslab berilgan tashqi siyosiy tashabbuslarni izchil amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Mazkur sammitda “6+3” muloqot guruhini tuzish tashabbusi ilgari surilgan boʻlib, bu tashabbus xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uygʻotdi.
Mamlakatimiz Prezidenti I. Karimov tomonidan qoʻyilgan vazifalar parlamentdan va har bir senatordan yuksak tashabbuskorlikni, qonunchilik faoliyatining samaradorligini oshirish yoʻllarini tinimsiz izlashni, qonunlar ijrosini sifatli nazorat qilishni, mintaqalarni rivojlantirish masalalarini umumdavlat manfaatlari bilan chambarchas bogʻlab hal qilish uchun aniq va taʼsirchan choralar koʻrishni talab qilmoqda. Ushbu maqsadlarga erishish uchun konseptual, strategik yondoshuvni, shuningdek oldini oluvchi choralar va qonunlar qabul qilinishini taʼminlash zarur.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning 2010-yil 26-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisida soʻzlagan nutqining va 2010-yil 27-yanvardagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisidagi “Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish — ustuvor maqsadimizdir” degan maʼruzasining asosiy qoidalarini roʻyobga chiqarish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitalarining 2010-yilga hamda istiqboldagi 2011 — 2014-yillarga moʻljallangan qonunchilik va nazorat faoliyati hamda amalga oshiradigan tadbirlari rejalarini belgilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining eng muhim vazifasi demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va iqtisodiyotni erkinlashtirish, kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini amalga oshirishdan, iqtisodiyotni va ijtimoiy sohani isloh qilish jarayonlari bilan ijtimoiy-siyosiy va sud-huquq tizimlarini doimiy ravishda yangilab borishning aniq va teran oʻzaro aloqasini taʼminlashdan iborat deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati faoliyatining ustuvor yoʻnalishi amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar, davlat qurilishini, ijtimoiy-siyosiy hamda sud-huquq tizimlarini isloh qilish sohasidagi, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining jamiyat va davlat qurilishi tizimidagi huquqlari, vakolatlarini kengaytirishga, ommaviy axborot vositalarining oʻrni va rolini mustahkamlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirishdan iboratligi belgilab qoʻyilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning 2010-yil 26-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisida soʻzlagan nutqining, 2010-yil 27-yanvardagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisidagi “Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish — ustuvor maqsadimizdir” degan maʼruzasining asosiy qoidalarini roʻyobga chiqarish va ularning bajarilishi yuzasidan 2010 — 2014-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Harakat dasturi maʼqullansin va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlisi muhokamasiga kiritilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi va qoʻmitalari:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning 2010-yil 26-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisida soʻzlagan nutqining, 2010-yil 27-yanvardagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisidagi “Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish — ustuvor maqsadimizdir” degan maʼruzasining asosiy qoidalarini roʻyobga chiqarish va ularning bajarilishi yuzasidan 2010 — 2014-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Harakat dasturi oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlasin;
qabul qilingan qonunlarning markazda va mintaqalarda ijro etilishi ustidan parlament, deputatlik nazorati qatʼiyat bilan olib borilishini xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan birgalikda taʼminlasin, parlament nazoratining parlament soʻrovi, parlament eshituvlari kabi shakllaridan hamda parlament faoliyatining qonunda nazarda tutilgan boshqa shakllaridan keng foydalansin;
mintaqada va butun dunyoda mamlakatimizning milliy manfaatlarini himoya qilish va ilgari surishda, xalqaro munosabatlarning huquqiy bazasini shakllantirishda, hozirgi zamonning dolzarb vazifalarini hal etishda parlamentlararo muloqotni faollashtirishda senatorlarning rolini oshirish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.
5. Ushbu qarorning ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari M. Rajabova zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2010-yil 25-fevral,
15-II-son
