Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2010-yil 27-yanvarda boʻlib oʻtgan qoʻshma majlisidagi maʼruzasida qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirish toʻgʻrisida (27-II-son)
15.02.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning “Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish – ustuvor maqsadimizdir” mavzuidagi maʼruzasida bayon etilgan qoidalar va xulosalar qoʻllab-quvvatlansin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2010-yildagi va keyingi yillardagi faoliyati uchun asos qilib olinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maʼruzasida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishga doir faoliyati dasturi loyihasini ishlab chiqish maqsadida ilovaga muvofiq komissiya tuzilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi siyosiy partiyalar fraksiyalari, Oʻzbekiston ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi va qoʻmitalarining rejalarida quyidagilar nazarda tutilsin:
mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlar jarayonining talablari bilan uzviy bogʻliq boʻlgan, uzoq istiqbolga moʻljallangan qonun ijodkorligi ishlari dasturini chuqur va har tomonlama puxta ishlab chiqish;
iqtisodiy, siyosiy va gumanitar sohalarda jadal rivojlanayotgan islohotlarni amalga oshirish uchun hayotiy zarur boʻlgan qonunlarni kiritish tashabbusi bilan chiqish va ularning qabul qilinishini tezlashtirish;
qabul qilinadigan qonunlar sifatini tubdan yaxshilashga, ilgari qabul qilingan qonun hujjatlaridan farq qiladigan tafovutlarni, takrorlarni chiqarib tashlashga, havola qiluvchi normalarni kamaytirishga, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining tatbiq etilishini taʼminlaydigan protsessual mexanizmni ochib berishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrish;
parlament nazorati shakllaridan, shu jumladan parlament soʻrovidan, parlament eshituvlaridan va parlament faoliyatining qonunda nazarda tutilgan boshqa shakllaridan foydalanishni kuchaytirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining oʻz saylov okruglaridagi tizimli faoliyatini sezilarli darajada yaxshilash;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari oʻrtasida qonun ijodkorligi sohasida oʻzaro amaliy munosabatlarni yoʻlga qoʻyish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi siyosiy partiyalar fraksiyalari, Oʻzbekiston ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi va qoʻmitalari qonun ijodkorligi sohasidagi strategiya hamda vazifalarni belgilab olishda:
iqtisodiyotni bundan buyon ham barqaror rivojlantirish, diversifikatsiya qilish ishlarini davom ettirish, shuningdek ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnik jihatdan qayta jihozlash sohasidagi qonunchilik asoslarini tartibga solishni takomillashtirishga;
mamlakat xavfsizligini, barqarorligini taʼminlashga, Oʻzbekistonda va umuman mintaqada tinchlikni saqlashga;
ijtimoiy-siyosiy va sud-huquq tizimini doimiy ravishda yangilab borgan holda iqtisodiyotni hamda ijtimoiy sohani isloh qilish jarayonlarining oʻzaro aniq va puxta uygʻunligini taʼminlashga;
parlamentning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi rolini kuchaytirishga, parlament faoliyatida siyosiy partiyalarning faolligini oshirishga;
fuqarolik jamiyati institutlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining jamiyatdagi oʻzlari mansub boʻlgan qatlam va tuzilmalar manfaatlarini himoya qiladigan qarorlar qabul qilishini taʼminlashga qaratilgan faoliyatining normativ-huquqiy bazasini yanada rivojlantirishga;
fuqarolik jamiyati institutlarining, shu jumladan fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining jamiyat va davlat qurilishi tizimidagi huquqlarini, vakolatlarini kengaytirishga;
ommaviy axborot vositalarining fuqarolik jamiyati institutlari tizimidagi oʻrni va rolini yanada mustahkamlashga;
“Barkamol avlod yili” Davlat dasturida nazarda tutilgan qonun hujjatlarini ishlab chiqishga va qabul qilishga alohida eʼtibor qaratsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi siyosiy partiyalar fraksiyalari, Oʻzbekiston ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi va qoʻmitalari nazorat vazifalarini rejalashtirish va amalga oshirishda:
2009 — 2012-yillarga moʻljallangan Inqirozga qarshi choralar dasturini va unda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohani izchil rivojlantirish, barqarorlikni taʼminlash borasida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishga;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va boshqa ijro etuvchi tuzilmalar rahbarlarining tegishli sohalarda qonunlar, eng muhim davlat dasturlarining ijro etilishi toʻgʻrisidagi axborotini ularning kelgusidagi faoliyatini takomillashtirish hamda mufassal tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida eshitish va muhokama qilishga;
qabul qilingan qonunlarning ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan bajarilishi ustidan parlament va deputatlar nazoratini kuchaytirishga;
parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalar yuzasidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslaridan asoslangan tushuntirishlar, mufassal izohlar talab qilishga;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2009-yil 29-oktabrda qabul qilingan “2010-yilda ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida”gi 1082-I-sonli qarorning soʻzsiz ijro etilishiga alohida eʼtibor qaratsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maʼruzasidan kelib chiqadigan qoidalar va vazifalarni soʻzsiz hayotga tatbiq etish, qabul qilinayotgan qonunlarning mohiyatini tushuntirish boʻyicha saylovchilar bilan aniq maqsadni koʻzlagan holda ish olib borsin.
7. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2010-yil 15-fevral,
27-II-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2010-yil 15-fevraldagi 27-II-sonli Qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning 2010-yil 27-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisidagi “Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish – ustuvor maqsadimizdir” mavzuidagi maʼruzasida belgilab berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi faoliyatining dasturi loyihasini ishlab chiqish boʻyicha komissiya
TARKIBI
1. Yoqubov Baxtiyor Sultonnazirovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari, komissiya rahbari (OʻzLiDeP) Komissiya aʼzolari: 2. Jakbarov Sadirjon Aminjonovich — Oʻzbekiston ekologik harakatidan saylangan deputat 3. Jalmenov Ulikbek Abilayevich — 1-Nukus saylov okrugidan saylangan deputat (“Milliy tiklanish” DP) 4. Jumayev Nodir Xosiyatovich — 130-Bodomzor saylov okrugidan saylangan deputat (OʻzXDP) 5. Joʻrayev Qodir Asadovich — 21-Buxoro saylov okrugidan saylangan deputat (“Adolat” SDP) 6. Korenev Igor Anatolyevich — 82-Olmaliq saylov okrugidan saylangan deputat (“Milliy tiklanish” DP) 7. Niyozova Jamila Abduqodirovna — 8-Oqmangʻit saylov okrugidan saylangan deputat (“Milliy tiklanish” DP) 8. Otaqulov Oʻktam Xatamovich — Oʻzbekiston ekologik harakatidan saylangan deputat 9. Rajabov Faxriddin Zayniyevich — 50-Registon saylov okrugidan saylangan deputat (OʻzXDP) 10. Rahmonov Abdukamol Shodiyevich — 37-Xatirchi saylov okrugidan saylangan deputat (“Adolat” SDP) 11. Saidov Akmal Xolmatovich — 117-Kasbi saylov okrugidan saylangan deputat (“Milliy tiklanish” DP) 12. Toshqulov Abduqodir Hamidovich — 70-Termiz saylov okrugidan saylangan deputat (OʻzLiDeP) 13. Tursunov Muhammadjon Baxtiyorovich — 125-Darxon saylov okrugidan saylangan deputat (OʻzLiDeP) 14. Yunusova Aliya Tuygʻunovna — 77-Angren saylov okrugidan saylangan deputat (OʻzXDP) 15. Gʻaniyev Bahodir Muxtorovich — 135-Shayxontohur saylov okrugidan saylangan deputat (OʻzLiDeP)
