Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2015-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisida (156-III-son)
11.06.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2015-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 169-moddasiga va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Reglamenti”ning 211-moddasiga muvofiq koʻrib chiqdi. Mazkur hisobotning parlament quyi palatasi siyosiy partiyalar fraksiyalaridagi, Oʻzbekiston ekologik harakati deputatlar guruhidagi va qoʻmitalaridagi muhokamasini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2015-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Taʼkidlab oʻtilsinki, 2015-yil birinchi choragida davlat budjeti daromadlari uning xarajatlaridan 23,1 mlrd soʻm miqdorida ortiq boʻlishiga erishildi yoki davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va iqtisodiy dasturning 2015-yilga moʻljallangan eng ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan majlisidagi maʼruzasidan kelib chiqadigan vazifalarni Davlat budjetining 2015-yil uchun tasdiqlangan koʻrsatkichlari soʻzsiz bajarilishiga alohida eʼtibor qaratgan holda amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari oʻz nazorat-tahlil faoliyatida, xususan, Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish chogʻida qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar va budjet mablagʻlaridan samarali foydalanilishini taʼminlash boʻyicha tavsiyalar kiritsin.
4. Siyosiy partiyalar fraksiyalariga, Oʻzbekiston ekologik harakati deputatlar guruhiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining tegishli hisobot davridagi ijrosi masalalarini koʻrib chiqish chogʻida budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi boʻyicha aniq takliflar kiritish tavsiya etilsin.
5. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2015-yil 11-iyun,
156-III-son
