209-modda. Vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha faoliyati
“Oliy Majlisning inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (669-II-son) · Sana: 27.08.2004 · Amalda
Vakil qamoqda saqlash joylariga muntazam kirib turish orqali qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha choralar koʻradi.
Vakil qamoqda saqlash joylariga kirganida:
qamoqda turgan shaxslarning soni haqida axborot oladi;
qamoqda turgan shaxslarni saqlash va ular bilan muomalada boʻlish sharoitlarini oʻrganadi;
qamoqda turgan shaxslar bilan, shuningdek qamoqda saqlash joylari maʼmuriyatining xodimlari bilan uchrashuvlar va suhbatlar, shu jumladan xoli uchrashuvlar va suhbatlar oʻtkazadi. Bunda mazkur uchrashuvlar va suhbatlar jarayoni borishining bayonnomasi yuritiladi, zarur boʻlganda texnika vositalaridan foydalaniladi;
shaxsning qamoqda turishining qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan tanishadi va ularning koʻchirma nusxalarini oladi;
qamoqda saqlash joylarining maʼmuriyatidan qamoqda turgan shaxsni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazishni, unga tibbiy, psixologik va boshqa yordam koʻrsatilishini talab qiladi, mazkur tadbirlar oʻtkazilayotganda ushbu shaxsning roziligi bilan hozir boʻladi;
qamoqda saqlash joylarining maʼmuriyati rahbarlaridan qamoqda turgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash masalalari yuzasidan tushuntirishlar oladi;
qamoqda saqlash joylari maʼmuriyatining gʻayriqonuniy harakatlariga (harakatsizligiga) chek qoʻyish uchun zudlik bilan choralar koʻradi;
qamoqda turgan shaxslarni saqlash sharoitlari toʻgʻrisida xulosa tuzadi va uni tegishli tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga yuboradi;
tegishli davlat organlariga ularning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar va takliflar kiritadi.
Vakil shaxslar turgan, oʻz ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan boshqa joylarda ham qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha mazkur moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan choralarni koʻradi.
Vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha faoliyatiga koʻmaklashish uchun Vakil tomonidan ekspert guruhi tuziladi. Ekspert guruhi toʻgʻrisidagi nizom Vakil tomonidan tasdiqlanadi.
Ekspert guruhining tarkibi nodavlat notijorat tashkilotlarining, qoida tariqasida, yurisprudensiya, tibbiyot, psixologiya, pedagogika sohasida, shuningdek boshqa sohalarda kasbiy hamda amaliy bilimlarga ega boʻlgan vakillari orasidan shakllantiriladi.
Vakil ekspert guruhi aʼzolarining qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir vazifalarini belgilaydi, shuningdek ularga qamoqda saqlash joylariga va shaxslar turgan, oʻz ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan boshqa joylarga moneliksiz kirish huquqini beruvchi maxsus yoʻllanmalar beradi. Maxsus yoʻllanma Vakil Kotibiyatining xodimlariga ham beriladi.
