204-modda. Vakilning parlament nazoratining boshqa subyektlari bilan hamkorligi
“Oliy Majlisning inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (669-II-son) · Sana: 27.08.2004 · Amalda
Vakil jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi hollarini oʻz tashabbusiga koʻra tekshirish bilan bogʻliq materiallarni har chorakda umumlashtirib boradi.
Vakil jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish bilan bogʻliq materiallarni umumlashtirish hamda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlari buzilishiga olib keluvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash natijalariga koʻra davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari vakillarining axborotini eshitish masalasini koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi taklif bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻmitalariga murojaat qilishi mumkin.
Vakil Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining parlament nazoratini amalga oshirishga doir tadbirlarida ishtirok etishga, ularga koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan materiallar taqdim etishga haqlidir.
Vakil Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlashga doir ayrim masalalar yuzasidan maʼruza kiritishi mumkin.
