14-modda. Vakilning shikoyatlarni koʻrib chiqish chogʻidagi huquqlari
“Oliy Majlisning inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (669-II-son) · Sana: 27.08.2004 · Amalda
Vakil shikoyatlarni koʻrib chiqish, shuningdek fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi hollarini oʻz tashabbusi bilan tekshirish chogʻida quyidagi huquqlarga ega:
aniqlanishi lozim boʻlgan holatlarni tekshirishda koʻmaklashishni soʻrab tashkilotlar va mansabdor shaxslarga murojaat qilish;
aniqlanishi lozim boʻlgan holatlarni tekshirish uchun tashkilotlarning vakillarini va mansabdor shaxslarni taklif etish. Tekshirishni harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat berilgan tashkilotga yoxud mansabdor shaxsga topshirish mumkin emas;
tashkilotlarga va mansabdor shaxslar huzuriga moneliksiz kirish;
tashkilotlar va mansabdor shaxslardan hujjatlar, materiallar va boshqa maʼlumotlarni soʻrash hamda olish;
mansabdor shaxslardan tushuntirishlar olish;
aniqlanishi lozim boʻlgan masalalar yuzasidan tashkilotlar va mutaxassislarga xulosalar tayyorlashni topshirish;
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor masalalar yuzasidan tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan oʻtkazilayotgan tekshirishlarda ishtirok etish;
ushlab turilgan yoki qamoqda saqlanayotgan shaxs bilan uchrashuv va suhbatlar oʻtkazish;
inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
harakatlarida inson huquqlari va erkinliklari buzilganligi aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida tegishli organlarga iltimosnoma bilan kirish;
fuqarolar manfaatlarini koʻzlab arizalar va daʼvolar bilan sudlarga davlat boji toʻlamasdan murojaat etish.
Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi hollarini tekshirayotganda maʼlum boʻlib qolgan, arz qiluvchining va boshqa shaxslarning shaxsiy hayotiga taalluqli maʼlumotlar ularning roziligisiz oshkor qilinishi mumkin emas.
