10-modda. Vakil tomonidan murojaatlarni koʻrib chiqish
“Oliy Majlisning inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (669-II-son) · Sana: 27.08.2004 · Amalda
Vakil arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzida kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqadi. Vakil shikoyatlarni ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda, arizalar va takliflarni alohida qonunda belgilangan tartibda koʻrib chiqadi.
Vakil Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning oʻz huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzayotgan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini koʻrib chiqadi va u oʻz tekshiruvini oʻtkazish huquqiga ega.
Vakil uchinchi shaxslarning, shu jumladan nodavlat notijorat tashkilotlarining muayyan bir kishining yoki bir guruh shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi ustidan bergan shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun, basharti ularning bunga roziligi boʻlsa, qabul qiladi.
Shikoyatlar ogʻzaki, yozma yoki elektron shaklda berilishi mumkin.
Vakil qabul jadvallariga muvofiq jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining shaxsiy qabulini, shuningdek jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining sayyor shaxsiy qabullarini tashkil etadi.
Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish jadvallari, qabulni oʻtkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish toʻgʻrisidagi axborot, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tartibi Vakilning rasmiy veb-saytida eʼlon qilish, shuningdek uning maʼmuriy binosida hamma kirishi mumkin boʻlgan joylardagi stendlarga yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkaziladi.
Vakil sudning vakolat doirasiga kiradigan masalalarni koʻrib chiqmaydi.
Anonim murojaatlar Vakil tomonidan koʻrib chiqilmaydi.
