Koʻkrakka taqiladigan “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan chorvador” nishonining chizma tasviri va tavsifi toʻgʻrisida (908-XII-son)
31.08.1993
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi RAYoSATIning
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 7-maydagi “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan chorvador” faxriy unvoni taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 876-XII-sonli Qarori bajarilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Rayosati qaror qiladi:
1. Koʻkrakka taqiladigan “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan chorvador” nishonining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2. Koʻkrakka taqiladigan “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan chorvador” nishonining tavsifi va chizma tasviri nishonni tayyorlashni tashkil etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilsin.
3. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining tasdigʻiga kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
1993-yil 31-avgust,
908-XII-son
Koʻkrakka taqiladigan “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan chorvador” nishonining
TAVSIFI
Koʻkrakka taqiladigan “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan chorvador” nishoni diametri 30 millimetr boʻlgan toʻgʻri aylana shaklida boʻlib, metallar qorishmasidan tayyorlanadi.
Nishon yuz tomonining markazida quyosh nurlari yoritib turgan togʻlar, togʻ etagidagi yaylovlar va mollar fonidagi choʻpon tasviridan iborat kompozitsiya joylashtirilgan.
Nishonning aylanasida quyidagicha yozuv: “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan chorvador”, pastda ikkita dafna shoxining tasviri.
Nishonning orqa tomonida atrofi oʻn ikkita besh qirrali yulduz bilan oʻralgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri joylashtirilgan.
Nishonning chetlari ikki tomondan boʻrtma hoshiyalangan. Nishondagi barcha tasvir va yozuvlar qabariq.
Nishon quloqcha va xalqacha orqali Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining ranglaridagi shoyi lenta tortilgan 15x25 millimetrli toʻgʻri burchakli ilgichga (kolodkaga) ulanadi. Ilgichga ulangan nishon toʻgʻnogʻich yordamida kiyimga taqiladi.
