32-modda. Fermer xoʻjaligini tugatish asoslari
“Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (662-II-son) · Sana: 26.08.2004 · Amalda
Fermer xoʻjaligi quyidagi hollarda tugatiladi:
fermer xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkasi berish boʻyicha ochiq elektron tanlovda fermer xoʻjaligi boshligʻi tomonidan koʻrsatib oʻtilgan mol-mulk, texnika va pul mablagʻlari ustav fondiga kiritilmaganda;
moliya-xoʻjalik faoliyati amalga oshirilmaganligi sababli belgilangan tartibda harakatsiz rejimga oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran uch yil ichida faoliyat tiklanmagan taqdirda;
yer uchastkasini ijaraga olish huquqidan ixtiyoriy voz kechilganida;
fermer xoʻjaligi bankrot deb topilganda, shu jumladan moddiy-texnika resurslari yetkazib beruvchilar, ish bajaruvchilar va xizmat koʻrsatuvchilar bilan hisob-kitob muntazam ravishda amalga oshirilmaganida;
fermer xoʻjaligining boshligʻi vafot etib, xoʻjalik faoliyatini davom ettirishni xohlovchi merosxoʻr boʻlmasa;
fermer xoʻjaligining yer uchastkalarini ijaraga olish huquqi qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinganda, bundan koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi oʻz rahbari tomonidan fermer xoʻjaligining tashkiliy-huquqiy shaklini oʻzgartirish orqali qayta tashkil etilgan hollar mustasno.
