13-modda. Yerdan foydalanish
“Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (662-II-son) · Sana: 26.08.2004 · Amalda
Fermer xoʻjaligining yer uchastkasiga egalik qilish hamda undan foydalanish borasidagi huquq va majburiyatlari qonunchilikda belgilanadi.
Fermer xoʻjaligiga berilgan yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq foydalaniladi. Ular xususiylashtirilishi, shuningdek oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash obyekti boʻlishi mumkin emas.
Fermer xoʻjaligiga berilgan yer uchastkalari ushbu Qonun 16-moddasi birinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollarda yuridik va jismoniy shaxslarga bir yilgacha boʻlgan muddatga ikkilamchi ijaraga berilishi (uchinchi shaxslarga berish huquqisiz) mumkin, bundan ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Fermer xoʻjaligiga berilgan yer uchastkasining dala chetlaridagi kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlari yuridik va jismoniy shaxslarga qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish uchun oʻn yilgacha boʻlgan muddatga qonunchilikka muvofiq ikkilamchi ijaraga (uchinchi shaxslarga berish huquqisiz) berilishi mumkin.
Yer uchastkasini ijaraga olish huquqi kreditlar olishda fermer xoʻjaligi tomonidan garovga qoʻyilishi mumkin.
Fermer xoʻjaligiga berilgan yer uchastkasi fermer xoʻjaligi qayta tashkil etilgan taqdirda, agar yer uchastkasining boʻlinishi natijasida yangi tashkil topgan yer uchastkalarining oʻlchami Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksida nazarda tutilgan eng kam oʻlchamlardan kam boʻlmasa, boʻlinishi mumkin.
Yer uchastkasining oʻlchami va chegaralari faqat fermer xoʻjaligi boshligʻining roziligi bilan oʻzgartirilishi mumkin.
Fermer xoʻjaligi boshligʻi vafot etgan taqdirda, yer uchastkasini ijaraga olish huquqi qonunchilikka muvofiq ijaraga olish shartnomasining amal qilish muddatiga meros boʻyicha oʻtadi.
Fermer xoʻjaligi boshligʻi pensiya yoshiga toʻlganda yoki mehnat qobiliyatini yoʻqotganda, shuningdek muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan, oliy taʼlim tashkilotlariga taʼlimning kunduzgi shakliga oʻqishga qabul qilingan, saylab qoʻyiladigan lavozimlarga saylangan yoki tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishga yoʻl qoʻyilmaydigan ishga qabul qilingan taqdirda, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini ijara shartnomasiga oʻzgartishlar kiritish orqali ushbu Qonun 4-moddasining birinchi qismi talablariga javob beradigan oʻz oila aʼzolaridan biriga qonunchilikka muvofiq ijara shartnomasi amal qiladigan muddatga berishga haqli.
