Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 1999-yil yuzasidan hisoboti toʻgʻrisida (60-II-son)
12.05.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi KENGAShIning
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 1999-yil yuzasidan hisobotini tinglab hamda Budjet, bank va moliya masalalari qoʻmitasining qarorini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 1999-yil yuzasidan hisoboti tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki:
2000-yilga moʻljallangan pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirishga doir zarur chora-tadbirlarni koʻrsin, bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 21-martda chiqarilgan “Bank tizimini yanada erkinlashtirish va isloh qilish borasidagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 24-martda qabul qilingan “Bank tizimini isloh qilishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga alohida eʼtibor qaratsin;
bank tizimini yanada erkinlashtirish va isloh qilishga, banklarning moliyaviy barqarorligini oshirishga, ularning tuzilmaviy qayta shakllanishi va xususiylashtirilishiga, bank xizmatlarini kengaytirishga qaratilgan faoliyatni takomillashtirsin;
tijorat banklariga kredit siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarni, fermer va dehqon xoʻjaliklarini, boshqa kichik va oʻrta biznes subyektlarini kreditlash va mikrokreditlashni amalga oshirishda koʻproq mustaqillik berishga qaratilgan ishlarga eʼtibor bersin;
bank tuzilmalarini bozor sharoitida ishlashga tayyor yuqori malakali mutaxassislar bilan mustahkamlasin, maʼlumotlarni va normativ-huquqiy hujjatlarni banklararo uzatish tarmogʻining axborot-kompyuter infratuzilmasini xalqaro talablar va standartlarga muvofiq holda takomillashtirsin.
3. Mahalliy davlat hokimiyati organlari moliya, bank va soliq tuzilmalari bilan birgalikda:
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlashga, investitsiya loyihalari va davlat dasturlarini oʻz vaqtida amalga oshirishga, toʻlov intizomiga rioya etilishiga, naqd pul emissiyasini qisqartirishga va debitorlik-kreditorlik qarzlarini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrsin, ish haqi, pensiya va nafaqalar oʻz vaqtida toʻlanishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin;
kichik va oʻrta biznesni, xususiy tadbirkorlikni, fermer va dehqon xoʻjaliklarini rivojlantirishga, har bir tumanda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga moʻljallangan qoʻshma korxonalar tuzishga alohida eʼtibor bersin.
4. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tasdigʻiga kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
2000-yil 12-may,
60-II-son
