Javaxarlal Neru nomidagi Oʻzbek-Hind axborot texnologiyalari markazini modernizatsiyalash toʻgʻrisida
22.05.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Anglashuv Memorandumi
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Hindiston Respublikasi Hukumati (keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar),
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (keyingi oʻrinlarda — AKT) sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash istagida,
Toshkent shahridagi Javaxarlal Neru nomidagi Oʻzbek-Hind axborot texnologiyalari markazini modernizatsiyalash orqali Oʻzbekistonda AKT rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Hindiston Respublikasi Hukumatining taklifini qayd etgan holda,
shuningdek, Toshkent shahridagi Javaxarlal Neru nomidagi Oʻzbek-Hind axborot texnologiyalari markazini (keyingi oʻrinlarda — ATM) modernizatsiyalash orqali Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga AKTni rivojlantirish maqsadida koʻmak berish toʻgʻrisida Hindiston Respublikasi Hukumatining qarori qabul qilinganligini taʼkidlab,
quyidagilar toʻgʻrisida oʻzaro anglashuvga erishdilar:
Maqsad
Oʻzbekistonga investitsiyalar hajmini oshirish va dasturiy mahsulotlar eksportidan daromad olish maqsadida axborot texnologiyalari (bundan keyin — AT) sohasida jahon darajasidagi yetuk mutaxassislarini tayyorlash orqali malakali xodimlar zaxirasini yaratish va ish oʻrinlarini kengaytirish.
Vazifalar
Toshkentdagi ATMni modernizatsiyalash.
ATMga oxirgi AT uskunalari/dasturiy taʼminotni yetkazish va oʻrnatish, hamda kurs materiallari va darsliklar bilan taʼminlash.
ATMda AT boʻyicha boshlangʻich, oʻrta va yuqori darajada modulli sertifikatlash kurslarida taʼlim berishni tashkil qilish.
Oʻzbekistonda taʼlim berish dasturlari boʻyicha oʻqituvchilar va AT mutaxassislari malakasini oshirish.
ATMni Ilgʻor kompyuter texnologiyalarini rivojlantirish markazining (bundan keyin — IKTRM) vakolatli oʻquv markazi etib belgilash hamda IKTRM va ATMning qoʻshma sertifikatlarini taqdim etishni yoʻlga qoʻyish.
Oʻqituvchilarni Hindistonda AT boʻyicha malakasini oshirish.
Hindistondan ekspertlarni yuborish orqali ATMga oʻz faoliyatini muvofiqlashtirishda koʻmak berish va oʻqitish kurslarini tashkil etish.
Oʻzbekistonda elektron taʼlim va taʼlimni boshqarish tizimi orqali oʻqitishni tashkil etish.
AT taʼlimi, elektron taʼlim va taʼlimni boshqarish tizimi hamda loyihani boshqarish uchun Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida mutaxassislar bilan almashish.
1-modda
Hindiston Respublikasi Hukumati texnik ekspertizani amalga oshirish, ATMni IKTRMning vakolatli oʻquv markazi etib tayinlash, IKTRMning elektron taʼlim va taʼlimni boshqarish dasturiy taʼminotini taqdim etish va oʻrnatish; Oʻzbekiston oʻqituvchilarining Hindistonda taʼlim olishini tashkil qilish, markaz faoliyatini muvofiqlashtirish va taʼlim dasturlari/darsliklari bilan taʼminlash maqsadida IKTRM ekspertlarini yuborish orqali hamkorlikni amalga oshiradi, shu jumladan:
1. IKTRMni Hindiston Hukumati nomidan loyihani amalga oshirish boʻyicha ijrochi tashkilot sifatida belgilash.
2. Zamonaviy AT uskuna/dasturiy taʼminotni va taʼlim dasturlarini taqdim qilish va oʻrnatish orqali ATMning mavjud AT infratuzilmasini va kurs materiallari/darsliklarini modernizatsiyalash.
3. Oʻzbekistondan oʻn nafar oʻqituvchiga Hindistonda IKTRMning ilgʻor AT kurslarida olti oy davomida taʼlim berish.
4. Markazni muvofiqlashtirish va kurslarni olib borishda koʻmaklashish maqsadida IKTRMning ikki nafar ekspertini olti oy muddatga Oʻzbekistonga yuborish.
5. ATMni IKTRMning vakolatli oʻquv markazi etib belgilash hamda IKTRM va ATM qoʻshma sertifikatlarini taqdim etish.
6. Sanoatga moʻljallangan zamonaviy dasturiy taʼminot/AT uskunalar asosidagi taʼlim dasturlarini taqdim etish orqali ATM kurslarini modernizatsiya qilish.
7. Oʻzbekistonda talabalar/mutaxassislar uchun IKTRMning elektron taʼlim dasturiy taʼminoti va taʼlimni boshqarish tizimini taqdim etish, oʻrnatish va oʻqitishni tashkil etish.
8. Oʻzbekiston va Hindistonda yuqoridagi taʼlim dasturlarini amalga oshirish, elektron taʼlim, taʼlimni boshqarish tizimi va loyihani amalga oshirish maqsadida IKTRMning soha ekspertlari bilan taʼminlashda koʻmak berish.
9. Loyihani amalga oshirish davomida ATMni modernizatsiyalashda IKTRM tomonidan maslahatlar berish va loyihani boshqarishda koʻmaklashish.
2-modda
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati loyihani amalga oshirishda quyidagilar boʻyicha koʻmaklashadi:
1. IKTRM Toshkent axborot texnologiyalari universitetining tarkibiy qismi ekanligini inobatga olgan xolda, mazkur Universitetni Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan loyihani amalga oshirish boʻyicha ijrochi tashkilot sifatida belgilash.
2. ATMning mavjud binosida zarur joy, bino ichki interyeri, mebel, aloqa vositalari (telefon/faks/internet), elektr energiyasi, suv, isitish va sovutish jihozlari bilan taʼminlash.
3. Loyihani amalga oshirish doirasida IKTRM tomonidan yuboriladigan ekspertlarni qulay sharoitlarga ega boʻlgan bepul turar joy, transport, aloqa vositalari va tibbiy xizmatlar bilan taʼminlash.
4. Loyiha doirasida yuboriladigan IKTRM ekspertlarini ofis, aloqa vositalari bilan taʼminlash, ularga bepul viza olishda koʻmaklashish, shuningdek, xorijiy ishchi kuchlarini jalb qilishda ruxsatnomalar berish va xorijiy fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini tasdiqlash.
5. ATMni rivojlantirish doirasida:
loyihani amalga oshirish uchun olib kiriladigan tovarlarni bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlaridan tashqari) ozod qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotib olinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni qoʻshilgan qiymat soligʻidan hamda Budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga, Respublika yoʻl jamgʻarmasiga va Taʼlim va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash boʻyicha budjetdan tashqari jamgʻarmasiga majburiy ajratmalardan ozod qilish.
Bojxona yigʻimlari oʻzbek tomonining ijrochi tashkiloti tarafidan qoplanadi.
6. Mazkur loyiha boʻyicha Hindistondan / uchinchi davlatlardan keltiriladigan uskunalarning bojxona tozalovini va ATMga qisqa muddatda yetkazilishini taʼminlash.
7. Loyihani ishga tushirish va oʻqitish mobaynida mahalliy faoliyatni muvofiqlashtirish hamda zarur jihoz va anjomlar, mahalliy xodimlar va boshqalar bilan taʼminlash.
8. Hindistonda malaka oshirish va ATMning samarali faoliyat yuritishini boshqarish hamda kelgusida ATMda kamida ikki yil ishlashni tashkil qilish maqsadida xodimlar bilan taʼminlash.
9. Oʻzbekiston hududida ATMga doimiy moliyaviy va boshqaruv sohasida koʻmak berish.
3-modda
Loyihaning amalga oshirilishini monitoring qilish, loyihani amalga oshirishda koʻmaklashish va IKTRM tomonidan bajarilayotgan ishlar jarayonini kuzatib borish uchun Oʻzbekiston va Hindiston vakillaridan iborat Oʻzbek-Hind qoʻshma monitoring qoʻmitasi tashkil etiladi.
4-modda
Mazkur Memorandum doirasida hamkorlik mobaynida intellektual mulk huquqi yuzaga kelganda taqdirda, har bir Tomon oʻz davlati milliy qonunchiligi va xalqaro normalarga muvofiq har bir alohida holatda mazkur huquqqa rioya etilishini taʼminlaydi.
Basharti IKTRM har qanday dasturiy taʼminot, uskuna, oʻquv materiallari, oʻquv qoʻllanmalari / uslublarni ishlab chiqsa, mazkur holatlarga nisbatan intellektual mulk huquqi Hindiston Hukumati Axborot texnologiyalari Departamentining IKTRMga tegishli boʻladi.
Tomonlar mazkur Memorandum doirasida oʻzlari va oʻz vakillari qabul qilgan ilmiy-texnik maʼlumotlar va hujjatlarni Tomonlar oʻrtasidagi rasmiy roziliksiz har qanday uchinchi tomonga bermaslikni kafolatlaydilar.
5-modda
Markazning ishchi tili ingliz tili hisoblanadi hamda barcha dasturiy taʼminotlar, kurs materiallari, taʼlim berish va hokazolar ingliz tilida amalga oshiriladi.
6-modda
Mazkur Memorandumni talqin qilish va amalga oshirishda vujudga keladigan nizo va kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida muzokara va maslahatlashuvlar orqali hal etiladi.
7-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuvi asosida mazkur Memorandumga oʻzgartish va qoʻshimchalar uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi va mazkur Memorandum qoidalariga asosan kuchga kiradi.
8-modda
Mazkur Memorandum imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Memorandumning amal qilishi Tomonlar loyihaning yakunlangani toʻgʻrisida rasmiy tasdiqlaganlaridan soʻng toʻxtatiladi.
9-modda
Mazkur Memorandumni amalga oshirish uchun loyiha xarajatlari, jadvali, AT uskunalar / dasturiy taʼminot roʻyxati, elektron taʼlim va taʼlimni boshqarish tizimi hamda boshqa masalalar har bir alohida holatda Tomonlar tarafidan kelishib olinadi. Mazkur Memorandumni amalga oshirish va rivojlantirish maqsadida chop etilgan barcha hujjatlar Memorandumning ajralmas qismi hisoblanadi.
Ushbuni tasdiqlash uchun Tomonlarning quyida imzo chekuvchi vakillari oʻz davlatlari qonunchiligiga muvofiq tegishli ravishda vakolatlantirilib, mazkur Memarandumni imzoladilar.
2012-yil 22-mayda Toshkent shahrida ikki asl nusxada, har biri oʻzbek va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Matnlarni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
