6-modda. Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
“Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-394-son) · Sana: 04.09.2015 · Amalda
Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash:
sportchilarning sport tadbirlarida ishtirok etishini taʼminlash;
jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari tomonidan moddiy-texnika va axborot resurslaridan, shuningdek ilmiy-tadqiqotga oid va texnik ishlanmalar hamda texnologiyalardan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish;
davlat mulkida boʻlgan jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarini saqlash;
sport tayyorgarligi boʻyicha yangi bazalar va markazlarni, sport-taʼlim muassasalarini, shu jumladan ixtisoslashtirilgan sport-taʼlim muassasalarini, shuningdek jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarini qurish hamda ishlab turganlarini rekonstruksiya qilish;
sport klublari va maktablari, sport-taʼlim muassasalari, shu jumladan ixtisoslashtirilgan sport-taʼlim muassasalari, sport-sogʻlomlashtirish oromgohlari, tibbiy-jismoniy tarbiya dispanserlari faoliyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
jismoniy tarbiya va sport vositalaridan aholining, shu jumladan ayollar va yoshlarning, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarning sogʻligʻini mustahkamlash maqsadida foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish;
nogironligi boʻlgan shaxslarning va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslarning paralimpiya hamda surdlimpiya oʻyinlarida, nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrtasidagi maxsus olimpiadalar va boshqa sport tadbirlarida ishtirok etishini rivojlantirish hamda taʼminlashga koʻmaklashish;
sport tadbirlarini, ommaviy sport va jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish tadbirlarini tashkil etish;
jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarining xalqaro hamkorligiga koʻmaklashish;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi dasturlarni, ilmiy-uslubiy tizimlarni va kompleks ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
