42-modda. Jismoniy tarbiya va sport sohasida xavfsizlik normalari va qoidalariga rioya etilishini, fuqarolarning sogʻligʻi, shaʼni va qadr-qimmati muhofaza qilinishini taʼminlash
“Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-394-son) · Sana: 04.09.2015 · Amalda
Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish, ommaviy jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini oʻtkazadigan tashkilotlar jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlari hamda sport musobaqalari oʻtkaziladigan joylarning xavfsizlik texnikasi qoidalariga va sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq lozim darajada texnik jihozlanishini taʼminlaydi.
Jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlari hamda sport musobaqalari ular ishtirokchilarining va tomoshabinlarning sogʻligʻiga, shaʼni va qadr-qimmatiga ziyon yetkazilmaydigan tarzda oʻtkazilishi kerak.
Sportchilarning shaʼni va qadr-qimmati kamsitilishiga olib keladigan, shuningdek ularning sport jarohatlari olishiga sabab boʻladigan tayyorgarlik uslublaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlarida ishtirok etishi vaqtida sogʻligʻiga ziyon yetkazilgan sportchilar, trenerlar va sport hakamlariga qonunchilikka muvofiq tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya beriladi.
Muassasalar va tashkilotlarning voyaga yetmagan sportchilar bilan oʻzaro munosabatlari belgilangan tartibda faqat ularning ota-onasi yoki ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslar yoxud ular tarbiyalanayotgan ixtisoslashtirilgan muassasalarning roziligi va ishtirokida amalga oshiriladi.
Sport musobaqalarida ishtirok etuvchi shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda sugʻurta polisiga ega boʻlishi shart.
