25-modda. Sportchining huquq va majburiyatlari
“Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-394-son) · Sana: 04.09.2015 · Amalda
Sportchi:
sport turi yoki sport turlarini tanlash;
tanlangan sport turi yoki sport turlari boʻyicha sport musobaqalarida ushbu sport turlari qoidalari hamda sport musobaqalari haqidagi nizomlarda (reglamentlarda) belgilangan tartibda ishtirok etish;
Sport turlari boʻyicha yagona sport tasnifi normalari va talablarini bajarganda sport unvonlari va sport razryadlarini olish;
qonunchilikda belgilangan tartibda jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari va boshqa tashkilotlar bilan mehnat shartnomalarini tuzish;
tanlangan sport turi yoki sport turlari boʻyicha sport federatsiyalari (uyushmalari) tomonidan oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarining himoya qilinishi;
jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organlar yoki mansabdor shaxslarga yoxud sudga belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
Sportchilarning ayrim toifalari qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozli pensiya olish huquqiga ega.
Davlat boshqaruvi organlari, jismoniy tarbiya-sport jamoat birlashmalari, sport markazlari, boshqa jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari sportchilarga zarur ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratishi va ularning sogʻligʻi muhofaza qilinishini taʼminlashi shart.
Sportchi:
jismoniy tarbiya va sport tadbirlarida ishtirok etish hamda oʻquv-mashq mashgʻulotlari paytida, shuningdek sport obyektlarida boʻlganda xavfsizlik talablariga rioya etishi;
ushbu Qonunning 27-moddasida nazarda tutilgan dopingga qarshi qoidalarga rioya etishi;
doping nazoratini oʻtkazish maqsadida dopingga qarshi qoidalarga muvofiq oʻzining turgan joyi haqida axborot taqdim etishi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi odob normalariga rioya etishi;
oʻzi ishtirok etayotgan jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlari toʻgʻrisidagi qoidalarga, nizomlarga (reglamentlarga) hamda jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlari tashkilotchilarining talablariga rioya etishi;
sanitariya-gigiyena, tibbiy talablarga rioya etishi, muntazam ravishda tibbiy tekshiruvlardan oʻtishi shart.
Sportchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va uning zimmasida oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
