21-modda. Jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini tashkil etish hamda oʻtkazish
“Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-394-son) · Sana: 04.09.2015 · Amalda
Jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlari tashkilotchilari bu tadbirlarni oʻtkazish shartlarini, shu jumladan jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini tashkil etish hamda oʻtkazishni moliyalashtirish shartlarini belgilaydi, bunday tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish uchun masʼul boʻladi, ushbu tadbirlarni toʻxtatish va bekor qilish, ularni oʻtkazish vaqtini oʻzgartirish va ularning yakunlarini tasdiqlash huquqiga ega.
Jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlari tashkilotchilari quyidagi mutlaq huquqlarga ega:
jismoniy tarbiya yoki sport tadbirining nomi va ramzlaridan foydalanish;
jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini oʻtkazish joyida tovarlar, ishlar va xizmatlar reklamasini joylashtirish;
jismoniy tarbiya va sport tadbirlarida foydalaniladigan sport ekipirovkasi, sport uskunalari va anjomlarini ishlab chiqaruvchilarni belgilash;
jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini ularning tasviri va (yoki) ovozini har qanday usullar bilan va (yoki) turli texnologiyalar yordamida translyatsiya qilish orqali, shuningdek mazkur translyatsiyani yozib olishni va (yoki) tadbirni fotosuratga hamda videotasvirga tushirishni amalga oshirish orqali yoritish.
Jismoniy tarbiya va sport tadbirlarining nomlaridan, ular asosida tuzilgan soʻz birikmalaridan hamda mazkur tadbirlar ramzlaridan uchinchi shaxslarning foydalanishi jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlari tashkilotchilari bilan yozma shaklda tuziladigan kelishuvlar asosida amalga oshiriladi, bunday nomlardan, ular asosida tuzilgan soʻz birikmalaridan va mazkur tadbirlar ramzlaridan axborot maqsadida yoxud ommaviy axborot vositalarida jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini yoritish huquqini olgan uchinchi shaxslar tomonidan ushbu huquqlarning foydalanish hollari bundan mustasno.
Ommaviy axborot vositalarida jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlari tashkilotchilari tomonidan tasdiqlangan, jismoniy tarbiya va sport tadbirlarining toʻgʻri koʻrsatilgan nomlaridan foydalanilishi kerak. Bunda mazkur nomlar reklama hisoblanmaydi.
Jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini yoritish huquqidan uchinchi shaxslar faqat jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlari tashkilotchilarining yozma ruxsatlari bilan yoxud uchinchi shaxslar tomonidan ushbu huquqlarning bunday tadbirlar tashkilotchilaridan sotib olinganligi toʻgʻrisidagi yozma shakldagi kelishuvlar asosida foydalanishi mumkin.
