“Oʻzbekiston Respublikasining Davlat soliq idoralari toʻgʻrisidagi nizom”ga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (741-XII-son)
09.12.1992
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
“Oʻzbekiston Respublikasining davlat soliq idoralari toʻgʻrisidagi Nizom”ga quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 7-bandning “a” bandchasi quyidagi mazmunda boʻlgan xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Soliq toʻlovchining toʻlov topshirigʻi bank yoki kredit muassasasining aybi bilan bajarilmagan (bajarish kechiktirilgan) taqdirda soliq toʻlovchi yoxud soliq idorasining topshirigʻi olinganidan keyingi uchinchi kundan boshlab toʻlov kechiktirilgan har bir kun uchun toʻlanmagan summaning 0,5 foizi miqdorida ana shu bank yoki kredit muassasasini yoki kredit muassasasidan belgilangan tartibda penya undirib olinadi. Penya undirib olinishi bank yoki oʻzga kredit muassasasini soliq topshirigʻini bajarishdan ozod etmaydi”.
2) 7-bandning “b” bandchasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) korxona, muassasa va tashkilotlarning foydani (daromadni) yashirib qolganlikda (kamaytirib koʻrsatganlikda) yoki soliq undiriladigan boshqa obyektlarni yashirib qolganlikda (hisobga kiritmaganlikda), shuningdek buxgalteriya hisobi boʻlganlikda yoki uni belgilangan tartibni buzib yuritganlikda va hisobotlarni buzib koʻrsatganlikda, budjetga va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga soliq va boshqa toʻlovlar toʻlash bilan bogʻliq boʻlgan buxgalteriya hisobotlarini, balanslar, hisob-kitoblar, deklaratsiya va boshqa hujjatlar taqdim qilmaganlikda, oʻz vaqtida taqdim qilmaganlikda yoki belgilanmagan shaklda taqdim etganlikda, kassa operatsiyalarini yuritish tartibini buzmaganlikda mansabdor shaxslarga — eng kam oylik ish haqining besh barobaridan yetti barobarigacha miqdorda;
tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishning belgilangan tartibini buzganlikda yoki maxsus ravishda taqiqlab qoʻyilgan faoliyat bilan shugʻullanganlikda boʻlgan fuqarolarga eng kam oylik ish haqining bir barobaridan besh barobarigacha miqdorda, maʼmuriy jazo berilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan shunday xatti-harakatlar uchun esa eng kam oylik ish haqining besh barobaridan yetti barobarigacha miqdorda;
korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning davlat soliq idoralari talablarini bajarmayotgan, shuningdek davlat soliq idoralarining talablarini bajarmagan hamda ularning oʻz xizmat burchlarini bajarishlariga toʻsqinlik qilayotgan rahbarlari hamda boshqa mansabdor shaxslariga, shuningdek fuqarolarga — eng kam oylik ish haqining bir barobaridan besh barobarigacha miqdorda maʼmuriy jarima solish huquqlari ham beriladi”.
3) 7-band quyidagi mazmunda boʻlgan “v” bandchasi bilan toʻldirilsin:
“v) daromadni (foydani) ataylab yashirganlik (kamaytirib koʻrsatganlik) yoki soliq solinadigan oʻzga obyektlarni yashirganlik uchun, basharti bu harakatlar xuddi shunday xatti-harakatlar uchun maʼmuriy jazo berilganidan keyin bir yil ichida takror sodir etilgan boʻlsa, mansabdor shaxslarga doir materiallarni sud idoralariga yuborish huquqi beriladi”.
4) 8-bandning “v” bandchasi chiqarib tashlansin.
5) 8-bandning “j” bandchasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“j) Oʻzbekiston Respublikasida oʻtkaziladigan soliq siyosatini amalga oshirishda bevosita ishtirok etish;
6) 14-band quyidagi mazmunda boʻlgan xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat soliq bosh boshqarmasiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasining qarorlarini bekor qilish huquqi beriladi, bu boshqarmalarga esa oʻz navbatida quyi davlat soliq idoralarining qarorlarini bekor qilish huquqi beriladi”.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
1992-yil 9-dekabr,
741-XII-son
