Oʻzaro savdo vakolatxonalari taʼsis etish haqida
13.11.1992
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataladi,
ikkala mamlakat tomonidan savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga koʻmaklashishni istagan holda,
quyidagilar haqida ahdlashib oldilar:
1-modda
Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi ikkala davlatning poytaxtlarida oʻzaro Savdo vakolatxonalarini taʼsis etadilar hamda oʻzaro ularga xizmat va uy-joy binolari beradilar.
2-modda
Savdo vakolatxonalari quyidagi asosiy funksiyalarni bajaradilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga koʻmaklashish;
b) vakolatxona joylashgan mamlakatda savdoga va ikkala mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikning boshqa turlariga taalluqli boʻlgan barcha masalalarda oʻz davlatlarining manfaatlarini ifoda qilish;
v) vakolatxona joylashgan mamlakatdagi iqtisodiy shart-sharoitlar va uning tashqi iqtisodiy faoliyat sohasiga doir qonunchiligi haqida oʻz mamlakatining davlat organlarini xabardor qilib turish, shuningdek, vakolatxona joylashgan mamlakatning manfaatdor organlariga oʻz mamlakati haqidagi ana shunday axborotlarni taqdim etish;
g) oʻz mamlakatlarining yuridik va jismoniy shaxslariga vakolatxona joylashgan mamlakatning yuridik va jismoniy shaxslari bilan savdo, iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik sohalarida kelishuvlarni amalga oshirishda koʻmaklashish.
3-modda
Savdo vakolatxonasi oʻz mamlakati Hukumati nomidan ish koʻradi.
Savdo vakili va uning oʻrinbosarlari, shuningdek, Savdo vakolatxonasining maʼmuriy-texnik xodimlari xalqaro huquqqa muvofiq chet el diplomatik missiyalarining diplomatik va maʼmuriy-texnik xodimlarining tegishli toifalari uchun eʼtirof etilgan imtiyozlardan va daxlsizlik huquqlaridan foydalanadilar.
Savdo vakolatxonasining xizmat va uy-joy binolari, uning mol-mulki va arxivlari xalqaro huquqqa muvofiq diplomatik vakolatxonalarning xizmat va uy-joy binolari, mol-mulki va arxivlari uchun eʼtirof etilgan daxlsizlik huquqlari va imtiyozlardan foydalanadi.
Savdo reyestri toʻgʻrisidagi qoidalar Savdo vakolatxonasiga daxldor emas.
4-modda
Savdo vakolatxonalarining taʼsis etilishi Rossiya va Oʻzbekiston jismoniy va yuridik shaxslarining bir-biri bilan, shu jumladan, savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan shartnomalarni tuzish va bajarish maqsadlarida bevosita aloqa oʻrnatish huquqlariga mutlaqo daxl qilmaydi.
Savdo vakolatxonalari jismoniy va yuridik shaxslarning majburiyatlari boʻyicha, jismoniy va yuridik shaxslar esa Savdo vakolatxonalarining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
5-modda
Savdo vakolatxonasi joylashgan mamlakatning boshqa shaharlarida Savdo vakolatxonasi boʻlimlarini ochish Tomonlar oʻrtasidagi bitim boʻyicha amalga oshirilishi mumkin.
Ushbu boʻlimlarning huquqiy maqomi ikkala Tomon oʻrtasidagi oʻzaro ahdlashuv boʻyicha belgilanadi.
6-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Bitimda Moskvada 1992-yil 13-noyabrda har biri rus va oʻzbek tillarida, ikki nusxada tuzildi, ikkala matn ham bir xil kuchga ega.
(imzolar)
