Ilmiy-texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisida
09.07.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Jumhuriyati Hukumati oʻrtasida
Bitim
Bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Jumhuriyati Hukumati:
1991-yil 19-dekabrda Anqarada imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Jumhuriyati Hukumati oʻrtasida madaniyat, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, sport va turizm sohasidagi oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni va 1991-yil 19-dekabrda Anqarada imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Jumhuriyati Hukumati oʻrtasida 1992-1993-yillar mobaynida madaniyat, taʼlim va fan sohasida ayirboshlash Protokolini eʼtiborga olgan holda,
fan va texnika sohasidagi hamkorlikni oʻzaro rivojlantirish istagini bildirib,
ilmiy-texnik hamkorlik har ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning asosiy prinsiplaridan biri va bunday munosabatlarning barqarorligi nuqtai nazaridan muhim omil ekanligini hisobga olgan holda,
ilmiy axborot jadal rivojlanayotgan va tez tarqalayotgan hamda ilmiy tadqiqotlar xalqaro ahamiyat kasb etayotgan bir davrda bunday hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash zarurligini tan olib,
Oʻzbekistondagi iqtisodiy islohotlar va umuman jahonning turli mintaqalaridagi integratsiya jarayonlariga taalluqli yangi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatlarda fan va texnika sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni uygʻunlashtirishga intilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻzaro foydalilik va tenglik asosida birgalikda belgilanadigan sohalarida ilmiy-texnik hamkorlikni yanada rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
2-modda
Tomonlar oʻz milliy ustuvorligini, fan va texnika sohasida toʻplangan tajriba va mavjud munosabatlarni xisobga olgan xolda quyidagi sohalarda ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor beradilar:
fundamental fanlar (matematika, fizika, kimyo, biologiya, astronomiya va hokazo);
axborot texnologiyalari va telekomunikatsiyalar;
ilgʻor texnologik materiallar;
gen muhandisligi va biotexnologiya;
atrof-muhitni muhofaza qilish, energetika;
aqliy mulk, sanoat mulki obyektlarini va patentlarni muhofazalash;
qishloq xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi va chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash;
qurilish texnologiyasi;
tibbiyot fani.
Tomonlar ularning tegishli tashkilotlari oʻrtasida bevosita oʻzaro ishlarni olib borish uchun ushbu Bitim doirasida maxsus protokollar tuzishda koʻmaklashadilar.
3-modda
Tomonlar hozirgi va kelgusidagi xalqaro tadkiqot dasturlarining asosini tashkil etadigan hamkorlikdagi loyihalarning rivojlantirilishiga koʻmaklashadilar.
4-modda
Ushbu Bitim doirasidagi hamkorlik kuyidagi shakllarda boʻlishi mumkin:
tadqiqot materiallari va uskunalarini bir-birlariga berish vositasida ilmiy-tadqiqot va texnologik loyihalarni amalga oshirish;
oʻzaro asosda olimlar va ekspertlar bilan almashish;
qoʻshma ilmiy anjumanlar, simpoziumlar va seminarlar tashkil etish;
ilmiy-texnik axborot va hujjatlar bilan almashish;
ushbu Bitim asosidagi ikki tomonlama protokollar doirasida ilmiy-texnikaviy markaz va qurilmalarni barpo qilish va undan foydalanish;
ikkala mamlakatda sanoat mahsulotlarining qoʻshma yarmarka va koʻrgazmalarini tashkil qilish va quvvatlash.
Ushbu Bitimni amal qilishi davomida tashkilotlar olgan muhim fikrlar va boshqa ilmiy va texnikaviy hujjatlar, hujjatlarni bergan tashkilot roziligisiz boshqa jismoniy va/yoki yuridik shaxslarga berilishi mumkin emas.
5-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Reslublikasi Fan va Texnika boʻyicha davlat qoʻmitasi va Turkiya Jumhuriyati ilmiy va texnikaviy tadqiqotlar boʻyicha Turkiya Kengashi (TUVITAK) tomonidan tayinlanadigan har bir Tomondan toʻrttadan vakildan iborat doimiy faoliyat koʻrsatuvchi Qoʻshma komissiya tuzadilar, ular:
oʻzaro manfaatli tadqiqot dasturlarini ishlab chiqadi va bu doiralarda xususiy sektor jalb qilingan qoʻshma loyihalarni ajratadi;
ijrochi-tashkilotlar oʻrtasida bevosita munosabatlarni rivojlantirishni muvofiqlashtiradi va yordam beradi.
6-modda
Olim va ekspertlarning delegatsiyalari bilan almashishda yoʻllovchi Tomon xalqaro yoʻl xarajatlarini oʻz zimmasiga oladi, qabul qiluvchi Tomon esa ovqatlanish, turar joy va mahalliy transport xarajatlarini koʻtaradi.
7-modda
Ushbu Bitim xalqaro shartnomalarning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki davlat tartiblari bajarilganligi toʻgʻrisida oxirgi bildirishnoma yuborilgan kundan kuchga kiradi va besh yil davomida kuchda boʻladi. Agar Tomonlardan biri Bitimning amal qilish muddati tugashidan olti oy ilgari ikkinchi Tomonga uni bekor qilish toʻgʻrisida oʻz istagini yozma ravishda xabar qilmasa, Bitimning amal qilish muddati oʻz-oʻzidan keyingi ikki yillik davrlarga uzayaveradi.
8-modda
Mazkur Bitim amal qilishining toʻxtatilishi shu Bitim asosida hamkorlik sohasida tuzilgan protokollarning toʻxtatilishiga olib kelmaydi.
Toshkent shahrida, 1995-yil 9-iyulda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, turk va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga zga.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin etishda kelishmovchiliklar boʻlsa, ingliz tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)
