Savdo-iqtisodiy aloqalar va ilmiy-texnika hamkorligi toʻgʻrisida
02.03.1992
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Mojoriston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Mojoriston Respublikasi Hukumati, quyida “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Mojoriston Respublikasi oʻrtasida savdo-iqtisodiy munosabatlar va ilmiy-texnika hamkorligining muhim ahamiyatini anglab,
Oʻzbekiston Respublikasi va Mojoriston Respublikasi siyosiy va iqtisodiy tuzumlarida yuz berayotgan chuqur oʻzgarishlarni hisobga olib,
ikkala tomon oʻrtasida oʻzaro foydali har tomonlama munosabatlarni oʻrnatish istagidan kelib chiqib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Mojoriston Respublikasi iqtisodiyotining asta-sekin jahon xoʻjaligi bilan oʻzaro bogʻlanishiga intilib,
oʻzaro iqtisodiy aloqalarni amalga oshirishda teng huquqlilik, oʻzaro foydalilik prinsiplariga va xalqaro huquq normalariga amal qilib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar toʻgʻridan toʻgʻri oʻzaro savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnika aloqalarni oʻrnatish va rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildiradilar.
Oʻzaro tovarlar yetkazib berish va xizmatlar koʻrsatish har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga muvofiq tashqi iqtisodiy faoliyat yuritishga vakil qilingan Oʻzbekistonning huquqiy va jismoniy shaxslari bilan Mojoriston xoʻjalik faoliyati subyektlari oʻrtasida tuziladigan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
Tashqi iqtisodiy munosabatlarning oʻzbekistonlik va mojoristonlik ishtirokchilari hisob-kitoblar va toʻlovlarni erkin almashtiriladigan valyutada amalga oshiradilar, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Mojoriston Respublikasi oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnika aloqalarining butun kompleksi boʻyicha xalqaro savdoda qabul qilingan joriy jahon narxlari va shartlarini qoʻllaydilar.
Ushbu Bitim boʻyicha hisob-kitoblar xalqaro bank amaliyotida nazarda tutilgan istalgan shaklda amalga oshirilishi mumkin.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar har ikkala tomon oʻrtasidagi savdo-sotiqni yengillashtirish maqsadida bir-birlariga istalgan uchinchi mamlakatga beriladigan mumkin qadar qulaylik tugʻdirish rejimlarini yaratadilar.
Bitim ushbu moddasining qoidasi quyidagi afzalliklarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
a) Ahdlashuvchi Tomonlardan biri tomonidan chegara savdosini yengillashtirish maqsadida boshqa qoʻshni mamlakatlarga beriladigan yoki berilishi mumkin boʻlgan afzalliklarga;
b) Ahdlashuvchi Tomonlardan birining erkin savdo zonalarida, bojxona ittifoqlarida yoki mintaqaviy bitimlarda ishtirok etishi natijasida beriladigan yoki berilishi mumkin boʻlgan afzalliklarga.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning vakil qilingan davlat organlari amaldagi huquqiy normalar va qoidalarga muvofiq oʻz huquqlari doirasida tashqi iqtisodiy aloqalarning oʻzbekistonlik va mojoristonlik ishtirokchilari tomonidan tuzilgan shartnomalar boʻyicha tovarlar yetkazib berishga litsenziyalarni, agar bunday litsenziyalar zarur boʻlsa, oʻz vaqtida beradilar.
4-modda
Tomonlarning vakil qilingan banklari ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab ikki oy muddat ichida ushbu bitimdan kelib chiquvchi operatsiyalar bank taʼminotining zarur texnik tartibini kelishib oladilar va oʻrnatadilar.
5-modda
Shakllangan savdo-iqtisodiy aloqalarni saqlab qolish va har ikkala Ahdlashuvchi Tomon uchun zarur boʻlgan aloqalarni oʻrnatish maqsadida indikativ roʻyxat tuziladi. Indikativ roʻyxatlar Tomonlarning vakolatli organlari tomonidan tovarlar, xizmatlarning nomlari roʻyxati va hajmi boʻyicha kelishib olinadi.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar iqtisodiy va ilmiy-texnika hamkorligining chuqurlashuviga koʻmaklashadilar. Bunday hamkorlikning yoʻnalishlari oʻzaro savdo-sotiqdan tashqari ishlab chiqarishni kooperativlashtirishni kengaytirishni, qoʻshma korxonalar, xalqaro birlashmalar va tashkilotlar tuzishni, turizmni rivojlantirishni, yarmarkalar, koʻrgazmalar, savdo vakolatxonalari tashkil etishni uz ichiga oladi.
Oʻzaro kelishuvga muvofiq Tomonlar tashqi iqtisodiy va moliyaviy faoliyat sohasida mutaxassislar tayyorlash dasturini tuzadilar.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi bilan Mojoriston Respublikasi viloyatlari va korxonalari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri aloqalar oʻrnatish uchun qulay sharoitlar yaratadilar.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli vakillari ushbu Bitim qanday bajarilayotganini qurib chiqish uchun zarurat boʻlganda navbati boʻlan Toshkentda va Budapeshtda uchrashib turadilar.
9-modda
Ushbu Bitimga Ahdlashuvchi Tomonlarning kelishuviga muvofiq oʻzgartirish yoki qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
10-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va Ahdlashuvchi Tomonlardan biri oʻzining uning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida kamida olti oy oldin yozma shaklda maʼlum qilguniga qadar amal qiladi.
Ushbu Bitimning amal qilishi toʻxtatilgandan keyin uning qoidalari majburiyatlari Bitim amal qilgan davrda paydo boʻlgan va uning amal qilishi toʻxtatilgan paytda bajarilmagan barcha shartnomalarga nisbatan qoʻllaniladi.
1992-yil 2-martda Budapesht shahrida oʻzbek, mojor va rus tillarida ikki asl nusxada imzolandi, har uchchala nusxa matni bir xil kuchga ega.
(imzolar)
