Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2006-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi yakunlari toʻgʻrisida (417-I-son)
29.11.2006
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2006-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi yakunlari toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2006-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi yakunlari toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Hisobot davrida Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,0 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qatʼiy pul-kredit siyosati oʻtkazish, soliq tushumlari mexanizmini takomillashtirish, milliy valyuta kursini mustahkamlash asosida Davlat budjeti xarajatlari samaradorligi yanada oshirilishini va uning ijtimoiy yoʻnaltirilganligi kuchaytirilishini taʼminlasin, bunda Maktab taʼlimini rivojlantirishning 2004 — 2009-yillarga moʻljallangan davlat umummilliy dasturini hamda “Homiylar va shifokorlar yili” davlat dasturini amalga oshirishni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining eʼtibori budjet toʻlovlari toʻliq tushishini taʼminlash, soliq bazasini kengaytirish, mintaqalarning moliyaviy salohiyatini mustahkamlash yuzasidan amaliy choralar koʻrish hamda shu asosda mahalliy budjetlarning xarajatlari moliyalashtirilishini taʼminlash zarurligiga qaratilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri E. XALILOV
Toshkent sh.,
2006-yil 29-noyabr,
417-I-son
