3-modda. Asosiy tushunchalar
Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-393-son) · Sana: 26.08.2015 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi — aholi sogʻligʻining holati boʻlib, bunda insonga yashash muhiti omillarining zararli taʼsiri mavjud boʻlmaydi va uning hayot faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar taʼminlanadi;
davlat sanitariya nazorati — aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishlarining oldini olishga, ularni aniqlash va bartaraf etishga doir faoliyat;
insonning yashash muhiti — insonning hayot faoliyati shart-sharoitlarini belgilaydigan obyektlar, hodisalar va atrof-muhit omillari majmui;
sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar — yuqumli va parazitar kasalliklar paydo boʻlishining hamda tarqalishining oldini olishga va ularni bartaraf etishga qaratilgan tashkiliy, maʼmuriy, muhandislik-texnik, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlari hamda boshqa chora-tadbirlar;
sanitariya-epidemiologik vaziyat — aholi yashayotgan muhitining va sogʻligʻining muayyan hududdagi, koʻrsatilgan aniq vaqtdagi holati;
sanitariya-epidemiologiya xizmati — aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, uning tuzilmasiga kiruvchi hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) boʻlimlari va tashkilotlarini oʻz ichiga olgan yagona tizim;
cheklovchi tadbirlar (karantin) — yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xoʻjalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan maʼmuriy, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlar;
yuqumli va parazitar kasalliklar — insonga u yashayotgan muhitning biologik omillari taʼsir koʻrsatishi hamda kasallikka chalingan insondan yoki hayvondan sogʻlom insonga kasallik yuqishi mumkinligi sababli paydo boʻladigan va tarqaladigan inson kasalliklari.
