13-modda. Davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning majburiyatlari
Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-393-son) · Sana: 26.08.2015 · Amalda
Davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar:
davlat organlari va boshqa organlar, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi taʼminlanishi ustidan belgilangan tartibda nazorat olib borishi;
aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishlarining oldini olishi, ularni aniqlashi va bartaraf etishi;
aniqlangan xavflar toʻgʻrisida aholini oʻz vaqtida xabardor qilishi;
yuqumli kasalliklarning va yuqumli boʻlmagan ommaviy kasalliklarning paydo boʻlishi, tarqalishi sabablari hamda shart-sharoitlarini aniqlashi;
jismoniy va yuridik shaxslarning aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi masalalari boʻyicha murojaatlarini koʻrib chiqishi hamda tegishli chora-tadbirlar koʻrishi;
sanitariya-epidemiologik vaziyat hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida yuridik va jismoniy shaxslarni xabardor qilishi shart.
Davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
