23-modda. Investitsiya va pay fondlarining faoliyatini tartibga solishni amalga oshirish
Investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisida (O‘RQ-392-son) · Sana: 25.08.2015 · Amalda
Investitsiya va pay fondlari faoliyatini tartibga solish qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
investitsiya va pay fondlarini ishonchli boshqarish tartibini, shu jumladan ushbu fondlarning investitsiya aktivlari hisobini yuritish hamda ularning faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni oshkor etish tartibini belgilash;
ishonchli boshqaruvchi mansabdor shaxslarining hamda affillangan shaxslarining investitsiya va pay fondlari operatsiyalarida ishtirok etishini cheklash;
investitsiya deklaratsiyasining mazmuniga hamda investitsiya va pay fondlarining boshqa hujjatlariga doir talablarni belgilash;
investitsiya va pay fondlarining, ishonchli boshqaruvchilarning va Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysining faoliyatini nazorat qilish.
Ishonchli boshqaruvchi bilan tuzilgan shartnoma asosida ishonchli boshqaruvchi nomidan va uning hisobidan faoliyat yurituvchi Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysigina investitsiya paylarini berish, muomaladan chiqarish va almashtirish boʻyicha agent boʻlishi mumkin. Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysining investitsiya paylarini berish, muomaladan chiqarish va almashtirishga doir faoliyati tartibi qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
